«Huquqiy tayanch» birlashmasi rahbari A’zam Farmonovning aytishicha, sud ko‘pchilik tomonidan «misli ko‘rilmagan darajada ochiq» deya ta’riflanmoqda va bunga ma’lum sabablar bor.
«Shu paytga qadar O‘zbekistonda sudlardan hamisha norozilik bo‘lib kelgan. Ko‘pchilik, shular qatorida men va mening «Huquqiy tayanch» birlashmamiz ham sudlov tizimidan mutlaqo qoniqmaganmiz. Juda ko‘p holatlarda ochiq sudlar ham deyarli yopiq tarzda o‘tishi tabiiy hol.
Nukus voqealari bo‘yicha boshlangan sudda esa juda noodatiy holatni ko‘rdim — sud haqiqatan ham juda ochiq. Masalan, sud jarayonida sudlar etikasiga to‘liq rioya qilinyapti. Sudlanuvchilar tomonidan keltirilayotgan har qanday, oddiy darajadagi og‘zaki yoki yozma iltimosnomalarga ham e’tibor berilyapti va bajarishga harakat qilinyapti. Shu holatlar yuqorida aytilganidek, «misli ko‘rilmagan ochiq» deyish uchun sabab bo‘lyapti», — deya ta’kidlagan A’zam Farmonov.
Sobiq siyosiy mahbus A’zam Farmonov mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanmaganini ta’kidladi.
«Sud majlisida mahbuslarga qiynoqlar bo‘yicha hech kim savol bergani yo‘q. Ammo sudda so‘roq qilinganlarning aksariyati «Biz hukumatga qo‘l ko‘targan bo‘lsak ham, ular bizga nisbatan noinsoniy harakat qilmadilar. Bizga judayam yaxshi muomalada bo‘lishdi, uch mahal issiq ovqat berishdi. Bizning qiynoqqa solinayotganimiz haqida turli vahimalar bo‘ldi, lekin aslida unday emas. Faqat vijdonimiz og‘riyapti, biz shuncha insonlarning o‘limiga o‘zimizni sababchi deb bilamiz», qabilida gapirishdi», — dedi A.Farmonov.
Huquq faoli faqat 22 nafar mahbusning suddagi gaplaridan kelib chiqib, qiynoqlar qo‘llanmagani haqida xulosa qilinmayotgani, qo‘lga olingan odamlardan bir qanchasi ma’muriy javobgarlikka tortilgach, qamoqdan ozod etilgani, ularning birortasi qiynoqlar haqida davlat organlari yoki OAVga murojaat qilmaganini ta’kidladi.
«Bu gaplar ssenariy yoki spetakl emas, deb o‘ylayman. Chunki bu haqda ulardan hech kim so‘ragani yo‘q, ularning o‘zlari samimiy so‘zlashmoqda. O‘zlarining emas, vijdoni yoki yaqinlari qiynalgani haqida gapirishyapti. Shu bois, bu boradagi gaplar uyushtirilmagan, degan fikrdaman», — deya ta’kidladi huquq faoli.
Eslatib o‘tamiz, Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi birinchi instansiya sudi tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Ye.Abibullayev raisligida ko‘rib chiqilmoqda.