“Sotib yuborilar ekan, nega ta’mirlashga maqsadsiz pul sarflandi?” – jamoatchilik onkologik shifoxonalar sotuvga qo‘yilgani haqida

O‘zbekiston 22:19 / 01.12.2022 29397

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 20 milliondan ziyodroq odamda onkologik kasallik qayd etiladi, shundan 10 milliondan ko‘prog‘i hayot bilan vidolashadi.

O‘zbekistonda ham saratonga chalinayotganlar ko‘rsatkichi yildan yilga oshib borayotir. Rasmiy ma’lumotlarda keltirilishicha, mamlakatimizda yiliga 22 mingdan ortiq bemorda onkologik kasallik aniqlanmoqda. Shundan mingga yaqini bolalar ekani ayniqsa achinarli.

Aksariyat yurtdoshlarimiz yilda ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tish u yoqda tursin, yillab shifokor qabuliga bormasligi, shu bois ko‘pincha saraton rivojlanib bo‘lgach, ya’ni kasallik ko‘p hollarda III yoki IV bosqichga yetganidan so‘ng aniqlanishini inobatga olsak, aslida kasallanganlar ko‘rsatkichi rasmiy ma’lumotlardagidan ancha yuqori ekani ayon bo‘ladi.

Sir emaski, O‘zbekistonda ham onkologik bemorlar davolanadigan shifoxonalarda joy tanqisligi yuzaga kelishi allaqachon kuzatila boshlangan. Bunday vaziyatda esa uchta shifoxonani bitta tibbiyot muassasasiga birlashtirgandan ko‘ra, eskilarini saqlab qolgan holda o‘rinlar sonini ko‘paytirish kerak emasmi?

Biroq afsuski, aqli jig‘ildonining foydasiga ishlaydigan ayrim amaldorlar og‘ir kasallik bilan kurashayotgan bemorlarning haqqini tuya qilishdan, o‘z manfaatlari yo‘lida ularning so‘nggi umid maskanini tortib olishdan tap tortishmayapti.

Buni Toshkentning markaziy va xaridorgir nuqtalarida joylashgan uchta shifoxonani auksion savdosiga chiqarish haqidagi hukumat qarori ochiq manbalarda yo‘q ekani ham tasdiqlaydi. Bu jarayonlar mamlakatda yiliga 1 ming 300 kishi onkologik xastalikka chalinayotgan bir vaqtda sodir bo‘lmoqda.

Savol tug‘iladi: barchasi qonun doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, nima uchun hukumat buni yopiq qaror bilan dastaklamoqda? Jamoatchilik voqif bo‘lmasligi kerak bo‘lgan qandaydir sir yoki o‘yinlar bormiki, bu ishlar xufiyona bajarilgan?

Jamoatchilikni qiynayotgan savol shugina emas. Ularning ayrimlarini sanab o‘tmoqchimiz.

– 2019 yilning iyul oyida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi, zamonaviy Konsultativ-diagnostika poliklinikasi binosi foydalanishga topshirilgan. Investitsiya dasturi asosida 3 qavatli bino rekonstruksiyadan chiqarilib, old qismida 2 qavatli holl qurilgan.

Baribir sotib yuborilar ekan, qurilish ishlari nima uchun amalga oshirilgan? Yoki davlatning, to‘g‘rirog‘i, siz-u biz soliq to‘lovchilaring pulini bebiliska sarflashga odatlangan mas’ullar qo‘ynimdan to‘kilsa qo‘njimga qabilida ish tutishganmi?

– Nega 2017 yilda qabul qilingan 2866-sonli prezident qarorida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallarida yangi korpuslar qurish, ayrimlarini rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lsa ham, shu paytgacha bu ishlar amalga oshirilmagan? Prezident hujjatlari ijrosi uchun mas’ul idoralar nega bu holatga ko‘z yumgan?

– 2021 yilda qabul qilingan 5130-sonli prezident qarorida Toshkent tibbiyot akademiyasining bo‘sh turgan hududida faqat Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchungina yangi bino va inshootlar kompleksini qurish belgilangan bo‘lsa-da, nima uchun keyin bu ro‘yxatga markazning poytaxt va Toshkent viloyati filiallari qo‘shilib qoldi?

Bu ishlar yeng ichida amalga oshishiga kimlar bosh qo‘shgan va uning ortida kimlar turibdi?

– Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 370, uning Toshkent shahar filialida 226, Toshkent viloyati filialida 240 ta o‘rin bor – uchalasini qo‘shganda 836 ta o‘rin bor. Og‘iz ko‘pirtirib maqtalayotgan yangi majmuada esa koyka soni uchta shifoxonada mavjud o‘rinlardan 86 taga kam. Bunday qisqarish amalda kasalliklar soni oshayotgan bir davrda qanchalik to‘g‘ri?

Bu muhim savollarga eng kamida Hukumat darajasida vakolatli organlar javob berishi kerak va ular hozircha jim. Eng asosiy savollarning egasi – Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham o‘z an’anasiga ko‘ra, jim.

Bugungi kunda 370 o‘rinli Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 352 nafar, markazning 255 o‘rinli Toshkent shahar filialida 250 nafar, 240 o‘rinli Toshkent viloyati filialida esa 232 nafar bemor davolanmoqda. Bemorlar va ularning yaqinlari shifoxonalar ko‘chirilishiga qarshi ekanini aytishmoqda.

– Mart oyidan beri davolanaman. Sharoitlari yaxshi, kerak bo‘ladigan hamma narsasi bor. O‘zimizni uyimizdagidek his qilamiz. Viloyat ongologik dispanseri ko‘chishiga qarshiman. Bino o‘z joyida qolaversin. Olmaliq, Bekobod va Toshkent viloyatining boshqa tomonlaridan keladiganlarning hammasi uchun bu yer qulay. Shahar chetiga ko‘chsa, o‘zimning yo‘lkiram yuz ming so‘mga tushadi. Bir kunda ikki marta ham yaqinlarim ko‘rishga keladi. Ular ham qiynalishadi”, deydi bemorlardan biri.

– Hozirgi joy qulayligini viloyatdan kelganlarning hammasi bilishadi. Hudud obodonlashtirilgan, binolari ham yangi ta’mirdan chiqarilgan. Yangi joy uzoq, chekka joyligi uchun transport muammosi bo‘ladi. Men viloyat onkologiya dispanseri ko‘chishiga qarshiman”, deydi boshqa bir bemorning qarindoshi.

Shifokor Shermuhammad Umirovning ta’kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda onkologik kasalga chalingan 100 000 dan ortiq bemor bor, ularning 30 foizdan ko‘prog‘i og‘ir ahvolda. “Shunday qiyin vaziyatda onkologik shifoxonalarni kamaytirish yoki o‘rinlar sonini qisqartirish – fojia”, deydi mutaxassis.

– 100 ming bemorning 10 mingga yaqini – 18 yoshga to‘lmagan bolalar. Dunyo bo‘yicha 1 soniyada 1 odam onkologik kasaldan vafot etadi. O‘zbekistonda esa taxminan har 10 daqiqada bitta onkologik kasalga chalingan odam nobud bo‘ladi. Shunday qiyin vaziyatda onkologik shifoxonalarni kamaytirish yoki o‘rinlar sonini qisqartirish – fojia.

Yangi kasalxona qurilishi yaxshi ish, lekin Respublika onkologiya markazini Toshkent shahri va viloyati bilan qo‘shib yuborish noto‘g‘ri. Bolalar onkologiyasi bo‘limi ham alohida bo‘lishi kerak. Bugungi kunda Toshkent viloyat onkologiyasida bolalar bo‘limi yo‘q. Bu borada haqiqatan ham kulgili ahvoldamiz. 4 mln aholisining 36 foizi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardan iborat bo‘lgan viloyatda shu bolalarning davolanishi uchun bolalar onkologiya bo‘limi yo‘qligi achinarli.

Onkologiya shifoxonalarini markazlashtirish bilan ish bitmaydi. Bugun, hozir shu shifoxonalarning qabul bo‘limiga boring, odamni ko‘rasiz. Qanchadan qancha navbat. Nur terapiya olishga oylab kutib turishibdi. Yotib davolanishga oylab kutish kerak. Chunki bo‘limda yotib davolanishga o‘rinlar kam. Yana bir sababi – shu masalada o‘rinlar sonini ko‘paytirishni hech bir mutasaddi bo‘yniga olmayapti, deydi onkolog.

Kun.uz obektlarda bo‘lib, ularning holatini yaqindan o‘rgandi. Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Shifokorlar ko‘chasida barpo etilayotgan yangi majmua 8 qavatli bo‘lib, bu yerda 17 ta yangi klinik bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu kompleksni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga 80 million dollar mablag‘ ajratilmoqda. Markazda 16 ta reanimatsion va operatsion xonalar eng so‘nggi texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Kompleksda 9 ta bunkerdan iborat radioterapiya arsenali ishga tushiriladi.

Qurilayotgan yangi kompleksda 650 ta statsionar va 100 ta kunduzgi statsionar o‘rin bo‘ladi. Obekt 2023 yilning 1 apreliga qadar foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 2019 yilda, markazning Toshkent shahar filiali 2012 yilda, Toshkent viloyati filiali esa 2008-2009 yillarda Investitsiya davlat dasturi orqali to‘liq rekonstruksiya qilingan. Ushbu shifoxonalarning hech biri avariya holatida emas. Bunday vaziyatda yangi markaz ochilayotganini bahona qilib, bu bino-inshootlarni sotib yoki buzib yuborish bor narsani yo‘q qilish, mablag‘larni havoga sovurish demakdir.

Jamoatchilik fikricha, bo‘layotgan ishlar onkologik bemorlarga zamonaviy tibbiyot markazi qurib berish niqobi ostida shaharning markaziy nuqtalaridagi, metroga yaqin hududlarini qo‘lga kiritishdan boshqasi emas. Ijtimoiy tarmoq faollari auksion savdosidan so‘ng uchala shifoxona o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlansa ajablanmasligini ta’kidlashmoqda.

Sotuvga qo‘yilgan uchta shifoxonaning umumiy maydoni 17 gektar. Uchala obekt bo‘yicha ham auksion bir kunda – 12 dekabrda o‘tkaziladi. Xalq bilan bemaslahat qabul qilinayotgan qarorlar muhokamalar ortidan qayta ko‘rib chiqiladimi, bunisini endi vaqt ko‘rsatadi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: