Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda tibbiyot akademiyasi tashkil etishni rejalashtiryapti

O‘zbekiston 07:51 / 01.12.2022 2086

Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ishlar muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 5 ta shifoxonani rekonstruksiya qilish, Al-Habib tibbiyot akademiyasini tashkil etish va farmatsevtika ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi. Saudiya tomoni barcha tayyorgarlik jarayonlarini amalga oshirish va loyiha hujjatlarini shakllantirishni tezlashtirish maqsadida mutaxassislar guruhini yuborishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Iqlim sharoiti va tuproq sifatini o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 1,8 ming gektardan ortiq maydonda Al Rajhi International va Ajlan & Bros kompaniyalari mutaxassislari tomonidan ilg‘or tajriba va texnologiyalardan foydalangan holda ishlar boshlab yuboriladi.

Tomonlar Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi bilan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida qo‘shma investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish to‘g‘risida bitim tuzish, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekistonda Indeks aksiyalari jamg‘armasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Ko‘proq yangiliklar: