Qashqadaryoda Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 10:29 / 01.12.2022 1860

“Qarshi davlat universiteti huzurida Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Qashqadaryo viloyat hokimligi hamda Oliy ta’lim vazirligining Qarshi davlat universiteti huzurida davlat muassasasi shaklidagi Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

Quyidagilar markaz asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy kabi allomalar hayoti va ilmiy merosi, ular asarlarida kelgan milliy hamda diniy qadriyatlarni xalqchil, ilmiy-ommabop va sodda tilda jamoatchilikka yetkazish;
  • Nasaf va Kesh allomalari ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy merosini tadqiq etish orqali ular jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatish, ular yaratgan asarlar ilmiy-izohli matnlari va tarjimalarini nashr etish, ushbu mavzularga doir tadqiqotlarni tizimli tashkil qilish;
  • tafsir, hadis, fiqh, kalom, tasavvuf kabi islom ilmlari, moturidiylik ta’limoti va hanafiylik mazhabi ravnaqida ahamiyat kasb etgan Nasaf ilmiy maktablari faoliyatini o‘rganish hamda ular jamiyat barqarorligini ta’minlashdagi o‘rnini ochib berish;
  • qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan nasaflik olimlar qo‘lyozma hamda toshbosma asarlarini aniqlash, katalogini tuzish, ular asl va elektron nusxalarini jamlash;
  • Abu Muin Nasafiy aqida va kalom ilmi rivojida tutgan o‘rni, yot oqimlar buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi kurashda qo‘llagan uslublarini o‘rganish hamda shu asosda islom dini ma’rifiy mohiyatini ochib berish;
  • Nasaf vohasi ilmiy-ma’naviy muhiti, islom sivilizatsiyasi ravnaqida tutgan o‘rni hamda bugungi kundagi amaliy ahamiyati yuzasidan anjuman, simpozium, konferensiya, ko‘rgazma hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
  • turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolgan adashgan shaxslar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish;
  • aholi orasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda islom dini insonparvarlik hamda tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish;
  • «Ilm javhardir» konsepsiyasi mazmunini bayon qilish hamda keng targ‘ib qilish;
  • Nasaf va Kesh allomalari ilgari surgan tinchlik va bag‘rikenglik kabi oliyjanob maqsadlarga xizmat qiladigan g‘oyalarni jamiyat hayotiga tatbiq etish choralarini ko‘rish.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • markaz direktori Qarshi davlat universiteti kuzatuv kengashi tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
  • markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

Markaz Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani, «Qovchin» mahalla fuqarolar yig‘ini, Qovchin qishlog‘i hududida joylashgan Abu Muin Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: