O‘zbekiston va Saudiya energetikada 10 mlrd dollarlik investitsiya dasturini ishlab chiqyapti

O‘zbekiston 07:26 / 01.12.2022 1857

Tomonlar ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlar kun tartibini ko‘rib chiqar ekan, mavjud ijobiy dinamika ikki davlat rahbariyati o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarga asoslanganligini ta’kidladilar. Erishilgan kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni faollashtirishga tayyorlik bildirildi.

Energetika sohasida sarmoyaviy hamkorlik amaliy jihatlari muhokama qilindi. Hozirda ACWA Power kompaniyasi umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ortiq bo‘lgan 5 ta loyihani amalga oshirmoqda. Loyihalarni joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirishni o‘z ichiga olgan 10 milliard dollarlik yangi investitsiya dasturini ishlab chiqishni maromiga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

1 milliard 310 million dollarlik MTP texnologiyasi asosida metanoldan propilen ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutgan holda kimyo tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar borishi ko‘rib chiqildi. Joriy yil dekabr oyida loyiha texnik va texnologik parametrlarini ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida Saudiya kompaniyalari delegatsiyasi O‘zbekistonga safari rejalashtirildi.

Ko‘proq yangiliklar: