O‘zbekiston TIV Afg‘onistondagi madrasada sodir etilgan terrorchilik xurujini keskin qoraladi

O‘zbekiston 10:38 / 01.12.2022 2752

«2022 yil 30 noyabr kuni Afg‘onistonning Samangan provinsiyasi Aybak shahrida sodir etilgan terrorchilik xurujini keskin qoralaymiz, – deyiladi TIV bayonotida. – «Jihodiya» madrasasida amalga oshirilgan qabih harakat ko‘plab insonlarning, asosan yosh talabalarning qurbon bo‘lishiga olib keldi».

Ma’lum qilinishicha, bunday zo‘ravonlik harakatlari keskinlikning kuchayishiga sabab bo‘lib, Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishga, milliy kelishuvga erishishga to‘sqinlik qiladi.

«Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiramiz, jarohatlanganlarning tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilaymiz», deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. 

30 noyabr kuni Afg‘oniston shimolidagi Samangan viloyati, Aybak shahri, «Jihodiya» madrasasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 19 kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohat oldi.

Jarohat olganlar va halok bo‘lganlarning jasadi keltirilgan Aybak shifoxonasi ma’lumotiga ko‘ra, ularning aksariyati madrasa talabalari.

Afg‘oniston matbuoti «Tolibon» harakati jangchilari madrasani o‘rab olgani va portlash sodir bo‘lgan joyda surat va videotasvirga olishga ruxsat bermayotganini ta’kidladi.

Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlarning hech biri madrasadagi portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Ko‘proq yangiliklar: