OAV: Pentagon Ukrainaga NASAMS tizimi uchun 1,2 mlrd dollar ajratadi

Jahon 07:41 / 01.12.2022 3728

AQSh Mudofaa vazirligi Amerikaning Raytheon Technologies Co mudofaa va aerokosmik kompaniyasi bilan oltita NASAMS mobil zenit-raketa kompleksini (ZRK) keyinchalik ularni Ukrainaga topshirish uchun ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzadi. Bu haqda 30 noyabr, chorshanba kuni Reuters agentligi Vashingtondagi xabardor manbasiga tayanib xabar berdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, uning muxbiri ham tegishli hujjatni ko‘rgan. Unga ko‘ra, shartnoma summasi 1,2 milliard dollarni tashkil qiladi.

Shartnoma muddati, shuningdek, boshqa tafsilotlar haqida xabar berilmagan. Hozircha bu masala yuzasidan rasmiylardan hech qanday izoh chiqarilmadi.

Qo‘shma Shtatlar allaqachon Kiyevga bir nechta NASAMS qurilmalarini taqdim etgan. 25 sentabr kuni prezident Zelenskiy, 7 noyabrda esa mudofaa vaziri Reznikov Amerika zenit-raketa komplekslari yetkazib berilishini e’lon qildi. Ikkinchisining ta’kidlashicha, bu qurilmalar «Ukraina armiyasini sezilarli darajada mustahkamlaydi» va Ukraina osmonini xavfsizroq qiladi.

Britaniyalik harbiy kuzatuvchi Tim Ripli ham NASAMS ZRK Ukrainaga havo mudofaasidagi «ko‘plab teshiklarni yamoqlash» imkonini beradi, deb hisoblaydi. «Bu Ukrainaga ko‘priklar, zavodlar, aerodromlar kabi asosiy nishonlar ustida havo mudofaa soyabonlarini o‘rnatish hamda Rossiya samolyotlari va qanotli raketalarining ularga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi», dedi u sentabr oyida DW nashriga.

8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng Rossiya Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasiga ommaviy zarbalarni boshladi. Natijada 18 noyabrga kelib, rasmiy Kiyevga ko‘ra, mamlakat energetika tizimining yarmi ishdan chiqqan.

Ko‘proq yangiliklar: