Lavrov Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar tiklanishini rad etdi

Jahon 17:35 / 01.12.2022 6696

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «yaqin kelajakda» Yevropa xavfsizligi sohasida G‘arb bilan qo‘shma ishni tiklash imkoniyatini istisno etdi. Bu haqda Rossiya TIV rahbari 1 dekabr, payshanba kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining (TIVK) Polshada ish boshlashi fonida ma’lum qildi. Tadbirda qatnashish uchun Lavrovga viza berilmadi.

«Agar qachondir bizning g‘arbiy qo‘shnilarimiz - qo‘shnichilikdan esa qochib qutulish imkoni yo‘q - va sobiq hamkorlar to‘satdan Yevropa xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma ishlarni tiklashdan manfaatdor bo‘lishsa, bu tiklanmaydi, sababi tiklanish avvalgi holatga qaytish degani bo‘ladi. Lekin odatdagidek, oldingidek ish bo‘lmaydi», deb hisoblaydi Lavrov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «qachon va agar G‘arb qandaydir o‘zaro kelishilgan asoslar bo‘yicha qo‘shni bo‘lish yaxshiroq ekanini anglab yetsa» G‘arbning takliflarini tinglashga tayyor. «Bu prinsipial jihatdan yangi boshlanishlar bo‘lishi aniq. Yaqin kelajakda bunday o‘zaro hamkorlik uchun imkoniyat bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bilmayman», - dedi Rossiya TIV rahbari.

Noyabr oyida YeXHTga 2022 yilda raislik qiluvchi Polsha hukumati Rossiya delegatsiyasiga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi uchun kiritilgan sanksiyalar tufayli vazirlar kengashining 29-yig‘ilishida ishtirok etishi uchun viza bermadi va buni Rossiyani imkon qadar «izolyatsiya qilish» istagi bilan izohladi.

«Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining bu yig‘ilishi, ya’ni unda Yevropa xavfsiz bo‘lishi muhim bo‘lgan davlatlar to‘planadi va Rossiya bunga qarshi. Uning butun tashkilotga mutlaqo zid bo‘lgan manfaatlari bor», - deya o‘shanda ta’kidlagan edi Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Yablonskiy.

Kreml ushbu qarorga javoban, bu «bezovtalik keltira olmaydi» va «tashkilot sifatida YeXHT uchun katta bosh og‘rig‘i» deb atadi. «Mas’uliyat bilan aytishim mumkinki, Polshaning YeXHTga raislikka qarshi chiqishi bu tashkilot tarixidagi eng yoqimsiz o‘rinni egallaydi. Hech kim YeXHTga uning boshida turgan holda bunday zarar yetkazmagan», - deya izoh berdi Lavrovning o‘zi qarorga. U «YeXHT asosiy hujjatlarining ruhi va harfi oyoqosti qilinganini» ta’kidlagan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba, o‘z navbatida, sammitning birinchi kunida yana YeXHTni Rossiyani tashkilotdan chiqarishga chaqirdi. «Rossiyaga nisbatan hamma narsa sinab ko‘rildi: rozi bo‘lish, ko‘nglini ko‘tarish, mehribonchilik qilish, betaraf bo‘lish, o‘ziga rom qilish, narsalarni o‘z nomi bilan atamaslik. Xulosa: YeXHT o‘z faoliyatini Rossiyasiz davom ettirsa yaxshi bo‘ladi», deb yozdi u.
 
Noyabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi parlamenti Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Shunday qilib, Yevroparlament deputatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya hukumatini xalqaro tribunal oldida javobgarlikka tortish uchun yo‘l ochish niyatida, deya tushuntirdi Yevroparlament.

NATO Parlament assambleyasi ham rezolyutsiyani qabul qildi, unda alyansga a’zo davlatlar hukumatlari va parlamentlari «hozirgi rejim ostidagi Rossiya davlati terrorchi davlat ekanligini aniq ta’kidlab o‘tishga» chaqirgan. Hujjatda Rossiya tajovuzi uchun maxsus xalqaro tribunal yaratish zarurligi qayd etilgan.

Oktabr oyida Yevropa Kengashi Parlament assambleyasi (YeKPA) ham Rossiya rejimini «terrorchi» deb atagan rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qullagan edi. Ayrim davlatlar darajasida Litva, Latviya, Chexiya va Estoniya parlamentlari Rossiyada hukmronlik qilayotgan rejimni terroristik rejim sifatida tan oldi.

Ko‘proq yangiliklar: