Brexit: Bryussel Londonga bosim o‘tkazishning yangi vositalariga ega bo‘ladi

Jahon 08:53 / 01.12.2022 6608

Yevropa Komissiyasi (YeK) Londonga Brexit kelishuvlarini bajarish uchun bosim o‘tkazish bo‘yicha ko‘proq choralar qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi. Yevropa Kengashi va Yevroparlament bu haqda oldindan kelishib oldi, deb xabar qildi dpa agentligi 30 noyabr, chorshanba kuni. Qo‘shma maslahatlashuvlarning yakuniy natijalari hali rasman e’lon qilingani yo‘q.

Ko‘rib chiqilayotgan chora-tadbirlar orasida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi aviaqatnovlarni to‘xtatish yoki cheklash, shuningdek, o‘zaro savdo va sarmoyaviy faoliyatni cheklash ham bor. YeK ularni «kerak bo‘lganda» ko‘riladigan choralarning davomiyligini bildiradigan aktlar bilan kiritishi mumkin.

Yevropa Kengashi veb-saytidagi e’londa, Buyuk Britaniyani YeI bilan kelishuvlariga rioya qilishga undash uchun kiritilgan choralar «mutanosib» va «samarali» bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.

Buyuk Britaniya 2020 yil yanvarida Brexit tarafdorlari 2016 yilgi referendumda g‘alaba qozonganidan so‘ng Yevropa Ittifoqini tark etdi. O‘sha yilning 31 dekabrida o‘tish davri tugadi, bu davrda London Yevropaning ichki bozoriga kirish huquqini saqlab qoldi, lekin ayni paytda barcha sohalarda Yevropa Ittifoqi qoidalariga rioya qilishga majbur bo‘ldi.

2020 yilda YeI va Buyuk Britaniya Brexit'dan keyin yangi savdo bitimini tuzishga kelishib oldilar. Biroq jarayonning individual tafsilotlari hamon tomonlar o‘rtasida muhokama mavzusi bo‘lib qolmoqda. Xususan, London erishilgan kelishuvlarni bekor qilish bilan bir necha bor tahdid qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: