Belgiya va Germaniya qaltis vaziyatda. Bugun mundialda nimalar hal bo‘ladi?

Sport 18:02 / 01.12.2022 19404

1 dekabr kuni Qatardagi jahon chempionatida E va F guruhlarida ham so‘nggi o‘yinlar o‘tkaziladi. Birinchi turda Kosta-Rika darvozasiga javobsiz 7 gol urgan Ispaniya ham pley-offdan qolib ketishi mumkin. Faqat bir ochko bilan qolayotgan Germaniyaning xato qilishga haqqi yo‘q, Belgiya turnirni tark etish yoqasida. Quyida ikki guruhdagi jamoalarga guruhdan chiqish uchun qanday natijalar kerakligini ko‘rib chiqamiz.

F guruhi
Kanada — Marokash
(Toshkent vaqti bilan soat 20:00)

Belgiyaliklar bilan o‘yinda sifatli o‘yini bilan barchani hayratga solgan Kanada Xorvatiyaga qarshi o‘yinda o‘z salohiyatini to‘liq namoyish eta olmagandi. Shimoliy amerikaliklar bosh murabbiyi Jon Herdman o‘z jamoasi xorvatlarni yanchib tashlashi haqida gapirgani raqibning qattiq jahlini chiqardi. Natijada Kanada pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi, ammo jamoa oxirgi turda eshikni qattiq yopib chiqib ketishi mumkin.

Marokash esa Xorvatiya bilan o‘yinda zerikarli durang qayd etgandi, Belgiya ustidan esa sensatsion g‘alabaga (2:0) erishildi. Endi afrikaliklarni guruhdan chiqish uchun KONKAKAF vakillariga qarshi o‘yinda durang ham qoniqtiradi. G‘alaba esa jamoa 1/8 finalga birinchi o‘rin bilan yo‘l olishini ta’minlashi mumkin. Bunda parallel o‘yinda xorvatlar belgiyaliklarni mag‘lub etgan taqdirda, to‘plar nisbatiga qaraladi.

Marokashliklar Kanadaga mag‘lub bo‘lib ham ikkinchi o‘rin bilan pley-offgga chiqishi mumkin — buning uchun Xorvatiya Belgiyaga yutqazmasligi talab etiladi.

Xorvatiya — Belgiya (Toshkent vaqti bilan soat 20:00)

JCh-2018 finalchilari xuddi Marokash kabi ikkinchi turda o‘yin sifatini oshirishdi. Xorvatiya ham ikkinchi o‘yinda g‘alaba qozondi — nisbatan yirikroq hisob qayd etildi, natijada guruhning so‘nggi turi arafasida jamoa guruhda yetakchi bo‘lib turibdi. Zlatko Dalich shogirdlari durang uchun o‘ynashi ham mumkin, bir ochko jamoaga 1/8 final yo‘llanmasini beradi. Agar marokashliklar Kanadani yenga olmasa, xorvatlarga besh ochko ham birinchi o‘rin uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Xorvatiya va Marokash o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa, yuqorida aytilganidek, to‘plar nisbati yaxshiroq bo‘lgan jamoa birinchi o‘rinni egallaydi.

Turnir nuqtayi nazarida Belgiya uchun barchasi oddiy: g‘alaba ularni parallel uchrashuvda qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar keyingi bosqichga olib o‘tadi. 2018 yilgi jahon chempionatining bronza medallari sovrindorlari agar Marokashga qarshi o‘yinda natijaga erishganida, muddatidan oldin pley-off masalasini hal qilgan bo‘lardi, ammo ular bu o‘yinda hatto gol ura olishmadi. Endi 1/8 final yo‘llanmasini oldingi jahon chempionatining boshqa bir sovrindoriga qarshi o‘yinda tortib olish talab etilad. Belgiyaning keksaya boshlagan «oltin avlodi»ni g‘alabadan boshq har qanday natija mundial pley-offisiz qoldiradi.

F guruhidagi vaziyat

1. Kanada terma jamoasi turnirni tark etishi aniq, endi ular faqat Marokashni chalib qolishi mumkin. Shimoliy Amerika vakillari oxirgi turda Marokashni yirik hisobda yengsa, parallel uchrashuvda belgiyaliklar mag‘lub bo‘lsa ham, uchinchi o‘rindan yuqoriga chiqa olmaydi.

2. Marokashliklar so‘nggi turda durang o‘ynab ham pley-offga chiqadi. Bir ochko bilan afrikaliklar parallel uchrashuv natijasidan qat’i nazar guruhda ikkinchi o‘rinda qoladi. G‘alaba esa Marokashga kvartet yetakchiligini taqdim etadi, buning uchun Xorvatiya o‘z o‘yinida g‘alaba qozonmasligi yoki to‘plar nisbatiga ko‘ra afrikaliklar yaxshiroq vaziyatga chiqishi kerak bo‘ladi. Marokash mag‘lub bo‘lib ham turnirdagi ishtirokini davom ettirishi mumkin - agar xorvatlar Belgiyadan ustun kelsa yoki ularga juda yirik hisobda yutqazsa.

3. Xorvatiya g‘alaba qozonsa, parallel uchrashuvda qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar guruh yetakchiligini saqlab qoladi, birinchi o‘rin egasi o‘zgarishi uchun Marokash Kanadani o‘ta yirik hisobda mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. Xorvatlar durang o‘ynasa ham birinchi pozitsiyani saqlab qolishi mumkin, buning uchun marokashliklar kanadaliklarni yenga olmasligi talab etiladi. Hatto mag‘lubiyat ham Xorvatiyani pley-offga chiqish imkonidan mahrum qila olmasligi mumkin — buning uchun Kanada g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

4. Belgiya turnirdagi ishtirokini davom ettirish uchun g‘alaba qozonishga majbur. Muvaffaqiyat Roberto Martines jamoasini birinchi o‘ringa olib chiqishi mumkin, agar Marokash o‘z o‘yinida yenga olmasa. Aks holda belgiyaliklar ikkinchi bo‘ladi. Durang ham Belgiyani qoniqtirishi mumkin, agar Marokash o‘z o‘yinida yirik hisobda yutqazsa.

E guruhi
Kosta-Rika — Germaniya (Toshkent vaqti bilan soat 00:00)

Nemislar 1-turda Yaponiyaga sensatsion ravishda mag‘lub bo‘lishi guruhdagi vaziyatni chigallashtirib yuborgan. Agar osiyoliklar 2-turda Kosta-Rikani mag‘lub eta olganida, Germaniya muddatidan oldin guruhda qolib ketishi aniq bo‘lardi. JCh-2014 chorakfinali ishtirokchilari esa o‘sha turnir g‘olibiga yordam qo‘lini cho‘zdi — kostarikaliklar minimal hisobda yaponlarni yengishdi va Germaniyada 1/8 finalga chiqish uchun imkon qoldirishdi. Endi nemislar ushbu raqibning o‘zini yengishi, imkon qadar ko‘proq gol urishi kerak  bo‘ladi. Ikkinchi tur shuni ko‘rsatdiki, Hansi Flik Ispaniyaga qarshi o‘yinda javob golini urgan Niklas Fyulkrugga ishonch bildirib, uni boshlang‘ich tarkibda tushirishi kerak. Shu bilan birga, Germaniya ispanlar parallel uchrashuvda Yaponiyadan uch ochko olishiga umid qilishi kerak bo‘ladi.

Ye guruhidagi ajablanarli holat shundaki, ilk turda Ispaniyaga 7 gol farqi bilan mag‘lub bo‘lgan Kosta-Rikada ham guruhda birinchi o‘rinni egallash uchun nazariy jihatdan imkoniyat bor. Buning uchun Lotin Amerikasi vakillari Germaniyani yengishi, parallel uchrashuvda esa durang qayd etilishi kerak bo‘ladi.

Yaponiya — Ispaniya (Toshkent vaqti bilan soat 00:00)

Yaponlar Kosta-Rikani yengib, pley-off masalasini muddatidan oldin hal etishi mumkin edi. Germaniya bilan o‘yindagi ulkan g‘alabadan keyin bu vazifa osondek ko‘ringandi. Ammo Yaponiya birinchi raqam ostida harakatlanganida u qadar xavfli emasligi ko‘rinib qoldi, jamoaga birinchi o‘yinda qarshi hujumlar natija keltirgandi. Ispaniya bilan o‘yinda muxlislar yaponlar yana ikkinchi raqam ostida harakatlanishiga va xavfli qarshi hujumlar o‘tkazishiga guvoh bo‘lishi mumkin. Albatta, avtobus qo‘yib, Kosta-Rika va Germaniya o‘yinida durang qayd etilishidan umid qilish varianti bor, ammo bu variant qaltis.

Ispaniya bilan barchasi tushunarli: Luis Enrike jamoasi tabloda qanday hisob bo‘lishidan qat’i nazar o‘z futbolini namoyish etishda davom etadi. Agar ispanlarning o‘yini o‘xshasa, raqibda imkoniyat ko‘p bo‘lmaydi. Bunga yaqqol misol — Kosta-Rika bilan o‘yin, o‘shanda jamoaning darvoza sohasiga aniq borgan barcha zarbalari darvozaga kirdi. Tan olish kerak, Germaniya bilan o‘yinda buning aksi kuzatildi va faqat bitta gol urildi. Yaponlar vaziyatlarni ko‘kka sovurishni jazolay olishlarini ko‘rsatib bo‘lishgan, shu tufayli Ispaniya o‘z imkoniyatlariga ehtiyotkorlik bilan yondashishi talab etiladi. Qolaversa, 2010 yilgi amaldagi jahon chempionlari nazariy jihatdan pley-offdan quruq qolishi ham mumkin.

E guruhidagi vaziyat

1. Ye guruhining barcha jamoalari hamon 1/8 finalga chiqish imkoniyatini saqlab qolmoqda.

2. Ispaniya g‘alaba qozonib, guruhdagi birinchi o‘rinni kafolatlashi mumkin. Pley-offga chiqish uchun ular yaponlarga yutqazmasligi kifoya qiladi. Ispaniya va Yaponiya o‘yinida durang qayd etilgan taqdirda, Enrike jamoasini kostarikaliklar Germaniyadan ustun kelgan holda quvib o‘tishi mumkin. Mag‘lubiyat esa «Qizil furiya»ni pley-off bortidan tashqarida qoldirishi hech gap emas, agar Kosta-Rika g‘alaba qozonsa ochkolar soni bo‘yicha oldinga o‘tib ketadi, Germaniya ham 7 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonsa, to‘plar nisbatiga ko‘ra ispanlarni quvib o‘tishi mumkin.

3. Agar Yaponiya Ispaniyani yengsa, amalda o‘zi uchun birinchi o‘rinni kafolatlaydi. Durang natija ham yaponlarni kurashda qoldiradi, buning uchun parallel uchrashuvda ham durang qayd etilishi kerak. Agar Kosta-Rika Germaniyani yengsa, osiyoliklarni quvib o‘tadi. Agar Germaniya g‘alaba qozonsa, yaponlar va nemislarda 4 tadan ochko bo‘ladi va barchasini to‘plar nisbati hal qiladi. Bunda Germaniya kostarikaliklarni 2 to‘p farqi bilan yengishi kifoya qilishi mumkin. Mag‘lubiyat esa Yaponiyada pley-off uchun imkoniyat qoldirmaydi.

4. To‘plar nisbati juda yomon bo‘lgan Kosta-Rika Germaniyani yengishi talab etiladi. Shunda agar Yaponiya va Ispaniya o‘zaro durang o‘ynasa, KONKAKAF vakillari birinchi o‘rinni egallaydi. Durang hisob ham kostarikaliklarni ikkinchi o‘rin bilan pley-offga olib chiqishi mumkin, ammo buning uchun yaponlar ispanlarga yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi kerak — taxminan 7 gol farqi bilan mag‘lubiyat. Mag‘lubiyat turnir Kosta-Rika uchun yakunlanishini anglatadi.

5. Va nihoyat, Germaniya. Hansi Flik shogirdlarida xato qilish huquqi qolmagan: durang yoki mag‘lubiyat varianti ko‘rib chiqilmaydi. Faqat g‘alaba nemislarga pley-off uchun yo‘l ochadi, shunda ham Ispaniya bo‘shashmasligi va Yaponiyani yengishi kerak. Parallel uchrashuvdagi durang Germaniyani o‘z o‘yinida 2 yoki undan ko‘p gol farqi bilan g‘alaba qozonishga majbur etadi, agar Yaponiya g‘alaba qozonsa, nemislar Ispaniya kabi Kosta-Rikani 7 gol farqi bilan yakson etishi kerak bo‘ladi.

Pley-off

Odatdagi kabi qo‘shni guruhlar (Ye va F) g‘oliblari bu kvartetlarning ikkinchi vakillari bilan o‘ynaydi. Ya’ni: Ye guruhining birinchi jamoasi F guruhining ikkinchi jamoasiga, F guruhining birinchi jamoasi Ye guruhining ikkinchi jamoasiga qarshi. 1/8 finalda bu guruh vakillari o‘yini 5 va 6 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Guruh o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, Ispaniya Belgiya yoki Marokash bilan, Xorvatiya esa Germaniya bilan to‘qnash kelishi ehtimoli yuqori.

Ko‘proq yangiliklar: