Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi harbiy jinoyatlar bo‘yicha sud tashkil etish niyatida

Jahon 15:37 / 30.11.2022 2830

Yevropa Komissiyasi (YeK) Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzini tekshirish va jinoiy javobgarlikka tortish uchun BMT ko‘magida ixtisoslashtirilgan sud yaratishni taklif qilmoqda. Bu haqda 30 noyabr, chorshanba kuni Bryusselda komissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tuzilma yaratish istagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) bilan hamkorlikdan bosh tortishni anglatmaydi. 

«Biz ushbu ixtisoslashtirilgan sudni eng keng xalqaro qo‘llab-quvvatlashga erishish uchun xalqaro hamjamiyat bilan ishlashni boshlashga tayyormiz», dedi fon der Lyayyen. «Rossiya o‘zining dahshatli jinoyatlari, jumladan, suveren davlatga qarshi tajovuz uchun narx to‘lashi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Yevrokomissiya rahbari Rossiya u keltirgan vayronagarchilik uchun moliyaviy tomondan ham narx to‘lashi kerakligiga ishonch bildirdi. Ukrainaga yetkazilgan zarar 600 milliard yevroga baholanmoqda, dedi u. 

Moskva va rus oligarxlari «Ukrainaga yetkazilgan zararni va mamlakatni tiklash xarajatlarini qoplashi kerak», dedi fon der Lyayyen. YeK rahbarining eslatishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining 300 milliard yevrolik zaxiralarini bloklagan va rossiyalik oligarxlarning 19 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygan. 

«Qisqa muddatda hamkorlar bilan birgalikda bu mablag‘larni boshqarish va ularni sarmoyaga yo‘naltirish uchun tuzilma yaratishimiz mumkin. Kelajakda olingan mablag‘larni Ukraina uchun ishlatardik», - deya qo‘shimcha qildi Yevrokomissiya rahbari. Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilingandan so‘ng, mablag‘lar Moskvaning Ukrainaga yetkazilgan zararini qoplash uchun ishlatilishi kerak. 

«Biz buni amalga oshirish uchun hamkorlar bilan xalqaro shartnoma ustida ishlaymiz, - dedi fon der Lyayyen. - Birgalikda bunga erishishning qonuniy yo‘llarini topishimiz mumkin. Rossiyaning dahshatli jinoyatlari jazosiz qolmaydi». 

Avvalroq, 29 noyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan G7 yig‘ilishi ishtirokchilari «Berlin deklaratsiyasi»ni qabul qilib, unda Rossiya va Ukrainadagi rus harbiylari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yanada samaraliroq tergov qilish maqsadida G7 mamlakatlari huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga va’da berishgan edi. Muvofiqlashtirishni yaxshilash uchun har bir davlat xalqaro huquqqa qarshi jinoyatlar uchun mas’ul bo‘lgan milliy aloqa nuqtasini belgilaydi. 

Vazirlar nuqtayi nazaridan, bir tomondan, ishlarning takrorlanishi va omon qolgan guvohlarning takroriy so‘roqlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun milliy huquqni muhofaza qilish organlarining XJS bilan ishini muvofiqlashtirish muhimdir. Boshqa tomondan, ayrim jinoyatlarning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. 

«Ukrainada sodir etilgan jinoyatlar uchun jazosiz qolish xalqaro huquqning tarixiy mag‘lubiyati va qurbonlarning bir necha bor tahqirlanishi bo‘ladi», dedi Germaniya adliya vaziri Marko Bushman. U va uning hamkasblari «harbiy jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun hamma narsani qilishiga» va’da berdi.

Ko‘proq yangiliklar: