Yerlarni auksionga chiqarish soddalashtiriladi

O‘zbekiston 22:45 / 30.11.2022 18164

Prezident Shavkat Mirziyoyev yerlarni auksion orqali sotishni soddalashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

O‘zbekistondagi o‘zgarishlar natijasida yer bozor aktiviga aylanmoqda. Bir yil oldin “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida” qonun qabul qilingan edi. Bu qonun talablari Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 fevraldagi qarori bilan amaliyotga tatbiq etildi.

Ma’lum qilinishicha, shundan buyon o‘tgan vaqtda, ya’ni 2022 yil fevral-oktabr oylarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun “Yerelektron” axborot tizimi orqali 48 mingta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilgan. Yuridik va jismoniy shaxslar foydalanib kelayotgan 5 mingga yaqin yer uchastkasini xususiylashtirish bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan.

“Shu bilan birga, amaldagi ishlar tahlili bu tizimda ayrim kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. Masalan, auksionga chiqarish taklif etilgan 12 mingtadan ziyod uchastka qishloq xo‘jaligi yerlarida yoki muhofaza hududda joylashgani aniqlangan. Bo‘sh yer uchastkalari “Yerelektron” axborot tizimiga faqat qurilish bo‘limlari tomonidan kiritilayotgani sababli, hamma bo‘sh yerlarni topish jarayoni to‘liq qamrab olinmayapti. Shu bois bu ishlarni hududiy qurilish bo‘limlari va kadastr organlari birgalikda amalga oshirishi taklif etilmoqda.

Amaliyotda qiyinchilik tug‘dirayotgan yana bir muammo yerlarni auksionga chiqarish bosqichlari ko‘pligi. Hozirgi kunda bu 13 ta bosqichdan iborat bo‘lib, ijara huquqi bilan yer olishda 48 ish kuni, mulk huquqida 74 ish kunigacha vaqt ketmoqda. Shu bois yerni auksionga chiqarish bosqichlarini 8 taga tushirib, muddatlarini tegishlicha 16 va 22 ish kunigacha qisqartirish mumkinligi aytildi.

Ayrim shaharchalarning bosh rejasi yo‘qligi ham jarayonni sekinlashtirmoqda. Shuning uchun bunday joylarda yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda, master-reja asosida auksionga chiqarish taklifi bildirildi.

Kichik sanoat zonalarining hududi esa aniq. Shu bois ulardagi yerlarni bosh rejada nazarda tutilgan lotlarga muvofiq, sodda tartibda tadbirkorlarga berish zarurligi ta’kidlandi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda aholi o‘zi foydalanib kelayotgan yerlarni yillik yer solig‘ining 20 baravari miqdorida to‘lov qilib, xususiylashtirishi mumkin. Bu qiymat Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yer solig‘ining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari miqdorida belgilanmoqda.

Davlat rahbari taklif etilgan chora-tadbirlarni ma’qullab, aholi va tadbirkorlarga yengillik yaratish, yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: