AQSh Eronni guruhda qoldirdi, Bayden tabrikladi. Pley-offning ilk juftliklari ma’lum

Sport 15:57 / 30.11.2022 28881

O‘yin atrofida katta shovqin ko‘tarildi, ammo maydonda AQSh Eronni yengdi. 2018 yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yuborgan amerikaliklar pley-offga chiqishdi

JCh-2022. V guruhi. 3-tur
Eron — AQSh 0:1
Gol:
Pulishich (38). 
Eron – Beyranvand, Rizoyan, Puraliganji, Husayni, Muhammadi, Golizoda (Ansarifard, 77), Hojisafi (Jaloli, 71), Izzatullohi, Nurullohi (Turobi, 71), Torimiy, Ozmun (Quddus, 46).
AQSh – Terner, Dest (Mur, 82), Rim, Karter-Vikers, Robinson, Adams, Makkenni (Akosta, 65), Musa, Pulishich (Aaronson, 46), Vea (Tsimmermann, 82), Sarjyent (Rayt, 77).
Ogohlantirishlar: Adams (43), Husayni (77), Jaloli (90+6).

1998 yilda Eron va AQSh o‘rtasidagi bahs atrofida ham juda ko‘p shovqin bo‘lgan, ko‘plab siyosatchilar tahdidli bayonotlar bilan chiqishgandi, yakunda esa o‘yin ikki mamlakat munosabatlarini normallashtirish ramziga aylanishiga bir baxya qolgandi. O‘shanda Eron rahbariyati futbolchilarga qo‘l berib so‘rashishni taqiqlagan, amerikaliklar esa reglamentga zid ravishda birinchi bo‘lib ko‘rishish uchun kelishgan, eronliklar esa tinchlik ramzi bo‘lgan oq guldasta taqdim etishgan, jamoalar birgalikda suratga tushishgandi.

Bu safar amerikaliklar ijtimoiy tarmoqlarga guruh turnir jadvalini Eron bayrog‘ida Islom respublikasi ramzini tushirib qoldirgan holda joylashdi va buni ongli ravishda, eronlik ayollarni qo‘llab-quvvatlash ifodasi sifatida amalga oshirishdi. Forslar esa bunga javoban AQShni «mamlakat sha’nini haqorat qilganlik» uchun diskvalifikatsiya qilishni talab etishdi, natijada amerikaliklar bosh murabbiyi Gregg Berhalter uzr so‘rab chiqdi.

O‘yin atrofida aql bovar qilmas mish-mishlar ham ko‘p bo‘ldi. Futbolchilar madhiyani kuylamasa, ularning yaqinlari hayoti xavf ostida qolishidan tortib, Erondan Qatarga davlat tuzumiga sodiq bo‘lgan minglab soxta futbol muxlislari yuborilgani haqidagi xabarlargacha tarqaldi. Forslarning portugaliyalik bosh murabbiyi Karlush Keyrush esa yana bir bor G‘arbga oynaga qarashni taklif qilib, muammolarni tanlab emas, barchasiga e’tibor qaratish zarurligini aytdi va Amerika maktablaridagi otishmalar hamda irqchilik masalasini eslatdi.

Uning asosiy iborasi esa shunday bo‘ldi: «Bizning missiya 90 daqiqa davomida tabassum hadya etishdir». O‘tgan turda Keyrush bu fikrni o‘z futbolchilariga singdira olgandi va buning evaziga so‘nggi tur amalda pley-off bosqichiga aylandi. O‘yinning boshlanishi bu maqomga mos bo‘ldi. Maksimal darajada zichlik, yaxshi sur’at, ikki tomonda ham ulkan xohish.

Eron nisbatan keskinroq harakatlar bilan boshlagandi, ammo asta-sekin ikkinchi raqam ostida o‘ynashga o‘tdi. Aniqrog‘i, osiyoliklarni faqat g‘alaba uchun maydonga tushgan amerikaliklar shunga majbur qilishdi. Shu bilan birga, amerikaliklarda ham gol urish uchun haqiqiy imkoniyatlar bo‘ldi deyish qiyin. Hujum chizig‘i vakillarida yaxshi zarba tayyorlash uchun shunchaki vaqt bo‘lmasdi, shu tufayli to‘p yoki yuqoriroqdan o‘tib ketar, yoki birinchi turda og‘ir jarohat olib safdan chiqqanidan keyin bu o‘yinga qayta olgan Beyravandning o‘ljasiga aylanardi.

Bu o‘yinda Eronni 1/8 finalga chiqish uchun durang ham qoniqtirardi, AQShga esa faqat g‘alaba kerak edi.

Bunday o‘yinlarda bitta epizod qiymati juda yuqori bo‘ladi va AQSh terma jamoasidagi eng mashhur uch futbolchi shunday epizoddan maksimum natija chiqarishdi. «Yuventus» yarimhimoyachisi Makkenni o‘ng qanotda bo‘sh zona topdi va bu hududga yorib kirgan «Milan» laterali Dest uning diagonal uzatmasidan keyin to‘pni darvozabon hududiga tashlab berdi, bu yerda esa «Chelsi» forvardi Pulishich barchadan ildamroq harakat qildi.

Saviyadagi farq o‘z so‘zini aytdi. Bu o‘yin startida jamoa safida MLS chempionati vakillaridan biror futbolchi yo‘q edi.

Gol muallifi bu vaziyatda darvozabon bilan to‘qnashib ketgani tufayli uni bir necha daqiqa davomida o‘ziga keltirishga harakat qilishdi. U safga qaytdi va tanaffusda almashtirildi. Eronliklar safida esa himoyachi Muhammadiy jarohat olib safdan chiqdi. Va bu Keyrushning yagona muammosi emasdi, jamoa ochiqroq futbol namoyish etishga o‘tib, raqibni oldinroqda qarshi ola boshlashi bilan Makkennining uzun uzatmalari va Sarjyent hamda Veaning tezkorligi jamoani qiynab qo‘ya boshladi, Veaning birinchi bo‘lim oxirida urgan goli mikroskopik ofsayd tufayli bekor qilindi.

Eron tanaffusda Keyrush kiritgan tuzatishlardan umid qilishi mumkin edi. Bunday o‘zgartirishlar Uels bilan o‘yinda natija keltirgandi, AQShga qarshi o‘yinda esa birinchi bo‘limda umuman ko‘zga tashlanmagan Ozmun o‘rniga tushirilgan Quddus nisbatan faolroq harakat qildi. Lekin Shvetsiyada tug‘ilgan «Brentford» forvardida ham yaqqol vaziyatlar bo‘lmadi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Puraliganji gol urishga yaqin keldi. Keyin esa, ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan sakkizinchi daqiqada Torimiy to‘pni darvozabon oyoqlari orasidan o‘tkazdi, ammo uning ortidagi himoyachi bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Eronliklarning arbitrni penalti belgilashga undash uchun harakatlari ham besamar ketdi, jamoaga pley-offga chiqish uchun birgina aniq zarba yetmadi.

O‘yin arafasida tomonlar maydonga jang qilish uchun tushishi kutilgan bo‘lsa-da, amalda bunday bo‘lmadi. Natijadan boshqa barchasi 1998 yildagi kabi bo‘ldi. Keskinlik va mojarolar faqat o‘yin atrofida kuzatildi, maydonda esa faqat futbol o‘ynaldi. O‘yin davomida jami uch bor sariq kartochka ko‘rsatildi va follar juda kam bo‘ldi.

Shu bilan birga aytish kerakki, 24 yil oldingi o‘yinda ikki autsayder prestij uchun o‘ynagandi, hozir esa Rossiyadagi jahon chempionatiga kelmagan amerikaliklar 5 ochko bilan guruhdan chiqishdi. Ularning 1/8 finaldagi raqibi Niderlandiya bo‘ladi.

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakat milliy jamoasini Eron ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabrikladi. «AQSh – bir, Eron – nol! O‘yin tugadi!», dedi u Michigan shtatidagi chiqishida va bu o‘yinni muhim deb atadi.

Angliya yana favoritga o‘xshab o‘ynadi. Buning uchun tarkibni yangilash kerak bo‘ldi

Uels — Angliya 0:3
Gollar:
Reshford (50, 68), Foden (52).
Uels – Uord, Uilyams (Robers, 36), Rodon, Mifem, Devis (Morrell, 59), Robers, Ampadu, Remzi, Allen (Kolvill, 81), Beyl (Jonson, 46), Mur, Jyeyms (Uilson, 77).
Angliya – Pikford, Uoker (Aleksander-Arnold, 57), Maguayr, Stounz, Shou (Tripper, 65), Henderson, Rays (Fillips, 57), Bellingem, Foden, Keyn (Uilson, 57), Reshford (Grilish, 75).
Ogohlantirishlar: Jyeyms (29), Remzi (61).

Yevro-2016 turnirida Angliya va Uels bir guruhdan joy olgandi. Uels ikkinchi turda Angliyaga qarshi dramatik bahs o‘tkazgan — g‘alaba golini qo‘shimcha daqiqalarda Starrij urgandi. Lekin uelsliklar guruhda birinchi o‘rinni egallab, turnirda yarimfinalga qadar yetib borgandi, muxlislari ularning bu muvaffaqiyatini o‘n yillar davomida eslab yurishadi.

Jahon chempionatida britan jamoalari yana bir guruhdan joy olishdi, faqat bu safargi o‘yinda uelsliklarning yutqazishga haqqi yo‘q edi. AQSh bilan durang va Eronga qarshi o‘yinda qo‘shimcha daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib, mag‘lub bo‘lingandan so‘ng «ajdarlar» qo‘shni jamoani imkon qadar yirik hisobda yengishi talab etilardi. Uelsning Beyl boshchiligidagi oltin avlodini faqat uch ochko va parallel uchrashuvdagi qulay hisob pley-offga olib chiqishi mumkin edi.

Angliyaliklar qarshisida esa boshqa vazifa turardi. Minimal va hatto kulgini qistatuvchisi — 0:4 yoki undan yirikroq hisobda mag‘lub bo‘lmaslik (faqat shunday ssenariyda Garet Sautgeyt jamoasi 1/8 finalga chiqa olmasligi mumkin edi). Maksimal va xolisonasi — ishonchli g‘alabaga erishib, amerikaliklarga qarshi golsiz durangdan keyin jamoa kuchiga bo‘lgan shubhalarni tarqatish.

So‘nggi kunlarda Angliya matbuotida jamoa kutilgan darajada kuchli emasligi va Sautgeyt ko‘plab taktik xatolarga yo‘l qo‘yayotgani haqida tinmay yozishdi. Inglizlar bosh murabbiyi esa hech qachon jurnalistlarga quloq solmagan va natijaga erishib kelgan.

Ammo Uelsga qarshi o‘yin oldidan u tanqidchilarining eng keng tarqalgan fikrlariga qo‘shilgandek bo‘ldi va tarkibda jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirdi — mamlakatning eng iste’dodli futbolchilaridan biri Fil Foden boshlang‘ich tarkibda paydo bo‘ldi. U muntazam ravishda boshlang‘ich tarkibda tushib keladigan Maunt va Sterlingni zaxirada qoldirdi, Bellingemni oldinroqqa joylashtirdi. Shuningdek Sautgeyt yana ikkita bahsli qaror qabul qildi — Henderson o‘yinni ilk daqiqalardan boshladi va kutilmaganda Tripper zaxira o‘rindig‘iga yuborildi, lekin Kiran joyini Aleksandr-Arnoldga emas, murabbiyning sevimli futbolchisi Uokerga bo‘shatib berdi.

Uels Angliya bilan pozitsion o‘yinda raqobatlashish ahmoqlik bo‘lishini tushunib turardi. Shu bilan birga uelsliklar gol urishi kerak edi, shu tufayli ular 2022 yilda ilk bor uch markaziy himoyachidan iborat sxemadan ikki himoyachi bilan o‘ynashga o‘tdi va eng hujumkor tarkibni tanladi - bu jahon chempionatida hech bir jamoa bunday tanlovga qo‘l urmagandi. Ammo Uels o‘yinning katta qismini to‘psiz o‘tkazishi va sabr qilishiga to‘g‘ri keldi.

Angliya ham bor kuch bilan o‘ynamadi, ammo bu Sautgeytgga xos. Uning boshqaruvida jamoa ko‘pincha birinchi bo‘limni sokin o‘tkazadi. Bu safar ham deyarli shunday bo‘ldi, garchi ayrim vaziyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da. Muxlislar talab qilgan futbolchilar — Foden va Reshford barchadan faolroq bo‘lishdi. «MYu» forvardi dastlabki 45 daqiqalikda birga-bir vaziyatdan foydalana olmadi va bir marta qaychi uslubida chiroyli zarba yo‘lladi.

Ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Reshford va Foden qanchalik jahd qilib o‘ynayotgani ko‘rinib turardi. Tripper yo‘qligida Markus standart vaziyatlarni ijro etish huquqiga ham ega bo‘ldi. Birinchi bo‘limda inglizlar standart vaziyatlardan to‘pni o‘ynab ketishga qaror qilishgandi, ikkinchi bo‘lim boshida esa «MYu» hujumchisi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berishga qaror qildi — uning zarbasi burchakka aniq borib tushdi va Devid Bekhemning gollarini yodga solib yubordi.

Uels ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan gol qo‘yib yuborishga tayyor emasdi va keyingi hujumda yana gol o‘tkazdi — himoyachilar jarima maydoni atrofida to‘pni yo‘qotishdi, Keyn narigi qanotdan ochilib kelgan Fodenga uzatma berdi.

Shu zahoti ijtimoiy tarmoqlar Fil Fodenni AQShga qarshi o‘yinda ham tushirish kerak bo‘lgani haqidagi gaplar bilan to‘lib ketdi, ammo ko‘pchilik Sautgeytning aqlli qarorini eslab o‘tirmadi — tanaffusda Foden o‘ng qanotdan chapiga o‘tkazilgan va darhol gol urgandi.

Hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgach, uelsliklar qarshilik ko‘rsatishni yig‘ishtirdi, Sautgeyt esa qator yetakchilarni almashtirdi — o‘yin natijasi ma’lum bo‘lib ulgurgandek. U haq bo‘lib chiqdi. 68-daqiqada Reshford yana bir golli hujumda ishtirok etib, dubl rasmiylashtirdi va Angliyaning yirik hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.

Uels haqli ravishda turnirni tark etdi — bu V guruhidagi eng kuchsiz jamoa edi. Angliyaliklar esa AQShga qarshi kechgan golsiz durangdan keyin yana bir yorqin futbol namoyish etishdi. Sautgeyt jamoasi ishtirokini davom ettiradi va 1/8 finalda Senegal bilan bahs olib boradi.

JCh-2022 mezbonlari imkonsiz ko‘rindi, van Gaal mag‘lubiyatsiz seriya qayd etmoqda

JCh-2022. A guruhi. 3-tur. 
Niderlandiya – Qatar 2:0

Gollar: 1:0 – 26 Gakpo, 2:0 – 49 de Yong.
Niderlandiya – Noppert, Dumfris, van Deyk, Ake, Timber, Blind, de Ron (Kopmeyners, 83), Klassen (Bergeys, 66), de Yong (Taylor, 86), Depay (Yanssen, 66), Gakpo (Vegorst, 82).
Qatar – Barsham, Muhammad, Xuxi, Ro-Ro, Hassan, Ahmad, Xoder, Xotam, Madibo (Budiaf, 64), Alaa, Al-Haydos (Assadalla, 64), Ali (Muntari, 64), Afif.
Ogohlantirish: Ake (52).

O‘yindan oldin Memfis Depayning sog‘ligi borasida turli xabarlar chiqqaniga qaramay, Lui van Gaal uni boshlang‘ich tarkibda tushirdi va bir soatdan ortiq vaqt o‘ynatdi. Senegalga qarshi o‘yinda u yarim soat o‘ynagan, Ekvador bilan o‘yinga esa ikkinchi bo‘lim boshida tushirilgandi, seshanba kuni esa startda bo‘ldi va Gakpo bilan hujumkor tandemni tashkil etdi. Hozirda qiziq savol tug‘ilmoqda: jamoani yanvarda qabul qilib olgan Ronald Kuman ham shunday qarorga keladimi?

Bunga shubha bor, chunki van Gaal klassik markaziy hujumchisiz o‘ynashni afzal ko‘radi. U uch nafar shunday futbolchini turnirga zayavka qilgan (Lyuk de Yong, Yanssen, Veghorst), ammo ular faqat ikkinchi bo‘limda vaziyatga qarab tushiriladigan instrument sifatida qo‘llanmoqda. Van Gaal va uning original taktik yurishlari — odatiy ish. Axir shunday yurishlar Niderlandiyani 2014 yilgi mundialda bronza medallar sovrindori qilgan va hozirda natija bor, 71 yoshli mutaxassisga esa savollar bo‘lishi mumkin emas.

Qolaversa, Qatarga qarshi o‘yin oson kechishi aniq edi. Chempionat mezbonlari, albatta, so‘nggi o‘yinda eshikni qattiq yopib ketishni orzu qilishgan, ammo ular o‘z uyidagi turnirga 2019 yilgi Osiyo Kubogini olishga imkon bergan holatda yetib kelishmadi. O‘sha qiziqarli va istiqbolli jamoaning faqat soyasi qolgan.

Milliy jamoa uchun ichki turnirlarni oktyabr oyi o‘rtalarida to‘xtatib qo‘yish ham foyda bermadi. Bu aksincha — zarar keltirdi, chunki qatarliklar o‘yin ritmidan tushib qolishdi, jamoaning eng yorqin futbolchilari — Afif va Almuoz Ali — o‘z iste’dodini ayrim epizodlardagina ko‘rsata olishdi. Niderlandiyaliklar safida esa avvalgi ikki o‘yinda bittadan gol urgan Gakpo bu o‘yinda ham Klassen bilan devor uslubida o‘ynab, golli seriyasini davom ettirdi.

Ko‘pchilik chap qanotda ko‘rib o‘rgangan ushbu forvard bu turnirda haqiqiy mahoratini namoyish etmoqda. U har ikki oyog‘i va boshi bilan gollar urdi (bo‘yi 189 sm bo‘lgan futbolchi uchun ajablanarli emas ham). Gakpo — yuqori samaradorlik qayd etmoqda, ikki tur o‘yinlaridan keyin uning bir o‘zi jami zarbalar (12) va kutilgan gollar ko‘rsatkichi (0,8 xG) bo‘yicha Kosta-Rikani ortda qoldirayotgandi.

Depay esa hali oldingi formasiga qaytmagan. U 22 sentabr kuni Millatlar ligasi doirasida Polsha bilan o‘yinda jarohatlangandi va shundan keyin ko‘p vaqt davolanib, faqat 14 noyabrga kelib umumiy mashg‘ulotlarga qo‘shildi. Bu jamoaning mundialdagi birinchi o‘yinidan bir hafta oldin edi.

Tabiiyki, unga oldingi jismoniy holatiga qaytish va o‘yinni his qila boshlashi uchun vaqt kerak. Agar Depay hozir pik formada bo‘lganida, qatarliklar darvozasiga ikkinchi gol urilgan hujumda Frenki de Yong uning zarbasidan keyin qaytgan to‘pga zarba berishiga hojat qolmasdi.

De Yong esa terma jamoa uchun endigina ikkinchi golini urdi, bu gollar orasida 1180 kunlik pauza kuzatildi. O‘yin oxirlarida Berghaysning zarbasi to‘singa tegdi va Qatar turnirni sharmandali natija bilan yakunlashdan qutulib qoldi. Lekin Osiyo vakillari guruhdagi uch o‘yinda ham mag‘lub bo‘lib, jahon chempionatlari mezbonlari uchun tarixdagi eng yomon ko‘rsatkichni qayd etishdi. Endi qatarliklar turnirni tomoshabin bo‘lib kuzatishadi, Niderlandiya — pley-offda. Bu jamoa guruh bosqichidagidan ko‘ra yaxshiroq o‘ynashi mumkin. Mag‘lubiyatsiz 10 uchrashuvdan iborat seriya — van Gaal uchun chegara emas.

Senegal Manesiz ham uddaladi va 20 yil ichida ilk bor pley-offga yo‘l oldi. Afrikaliklar Ekvadorni passivlik uchun jazoladi

Ekvador – Senegal 1:2
Gollar:
0:1 – 44, penalti Sarr, 1:1 – 67 Kaysedo, 1:2 – 70 Kulibali.
Ekvador – Galindes, Presiado, Torres, Inkapie, Estupinyan, Poroso, Grueso (Sifuentes, 46), Franko (Sarmiyento, 46), Kaysedo, Plata, Valensiya, Estrada (Reasko, 64).
Senegal – Mendi, Sabali, Kulibali, Diallo, Yakobs, Mendi, Guyye, Guyye, Siss, Ndiay, Deng, Sarr, Dia.
Ogohlantirish: Guyye (66).

Ekvador va Senegal butun tarixi davomida jahon chempionatlari pley-off bosqichiga faqat bir martadan chiqqan. Bu 2000-yillarda ro‘y bergan, bu ikki jamoa uchun ham mundiallardagi debyut ishtirokida kuzatilgandi. Afrikaliklar 2002 yilgi jahon chempionatining asosiy sensatsiyalaridan biriga aylanib, chorakfinalga yetib borgan, janubiy amerikaliklar esa to‘rt yil keyingi mundialda guruhdan chiqqan, ammo 1/8 finaldayoq Angliyaga yutqazgan.

Senegal Rossiyada o‘tgan 2018 yilgi jahon chempionatida ham pley-offga chiqishga yaqin edi, ammo oxirgi turda Kolumbiyaga yutqazib (0:1), guruhda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli yaponlardan ortda qolishadi.

Bu safar ham afrikaliklar pley-off masalasini hal qilishi o‘z qo‘lida edi. Shu «Xalifa Interneyshnl» stadionidagi o‘yin 1/16 final bahsiga aylandi. Shu bilan birga bu o‘yinda Ekvadorni durang ham qanoatlantirardi.

Bunday vaziyatda ekvadorliklar ehtiyotkorona o‘ynashini kutish mumkin edi, ammo o‘yinning ilk 20-25 daqiqaligi shiddatli kechdi va bunda asosiy drayver Senegal bo‘ldi. Afrikaliklar yaxshi hujumlar uyushtirdi, qanotlarda Ekvador mudofaasini yorib o‘tishdi va zarba berish pozitsiyalariga chiqishdi.

Shu bilan birga, tarkibda Sadio Mane yo‘qligi bilindi, «Bavariya» superyulduzi senegalliklarda qaror qabul qilish bilan bog‘liq kamchiliklarni yopgan bo‘lardi. Ammo Senegalga ekvadorliklar himoyachisi Pero Inkape yordamga keldi, u keraksiz vaziyatda Ismail Sarrni jarima maydonida qulatdi, holbui bu epizodda raqib hujumchisi to‘pni o‘zida saqlab qolishi dargumon edi.

Niderlandiyaga qarshi o‘yinda juda yaxshi ko‘ringan Ekvador esa hafsalani pir qildi. Jamoa pressing ham qilmadi, oldinga harakatlanmadi, dinamika ham, kreativlik ham kuzatilmadi. Birinchi bo‘limda yodda qolgan yagona vaziyat qo‘shimcha daqiqalarda Enner Valensiya simulyatsiya ishlatib, penalti so‘rashi bo‘ldi, ammo uning bu harakati butun jamoaning birinchi bo‘limdagi o‘yini kabi beo‘xshov edi.

Janubiy amerikaliklarga ikkinchi bo‘lim boshida raqib ham o‘ta ehtiyotkorona va sustkashlik bilan o‘ynay boshlagani yordam berdi. Ekvadorda qandaydir kreativlik paydo bo‘ldi deyish qiyin, ammo janubiy amerikaliklar o‘yinida tezlik paydo bo‘ldi. Qolaversa, Gustavo Alfaro shogirdlari — bu jahon chempionatida standart vaziyatlardan foydalanishda eng yaxshilardan biri bo‘lib turibdi. Shunday ekan Ekvadorning asosiy iste’dodli futbolchisi Moyzes Kaysedoning burchak zarbasidan keyin urgan goli mantiqiy edi.

Senegal esa bundan saboq oldi. Bir necha daqiqa o‘tib afrikaliklar ham standart vaziyatdan keyin gol urishdi va shunchaki jarima maydoniga qamalib olib, to‘pni duch kelgan tomonga tepib yuborishni bas qilishdi, buning o‘rniga qiziqarli qarshi hujumlar uyushtirildi. Va faqat o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda, Ekvador bor kuchi bilan oldinga tashlanganida chuqur himoyalanishga o‘tildi va hisob saqlab qolindi. 1/8 finalga faolroq va tashabbusni qo‘lga olgan holda o‘ynagan jamoa yo‘l oldi.

Nimchorak final uchrashuvlari 3 dekabr kuni, Toshkent vaqti bilan soat 20:00da Niderlandiya va AQSh terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlanadi. B guruhida birinchi o‘rinni olgan Angliya esa 6 dekabrga o‘tar kechasi A guruhining ikkinchi o‘rin sohibi Senegalga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: