«Yuventus» Anelli, Nedved va direktorlar kengashi iste’fosini tasdiqladi. Prezident ta’sirli xat yozdi

Sport 15:28 / 29.11.2022 9413

Italiya klubi direktorlar kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bayonot e’lon qildi. Unga ko‘ra, kengashning barcha a’zolari iste’foga chiqdi. 

Bundan tashqari «Yuventus» prezidenti lavozimida ishlagan Andrea Anelli, klub vitse-prezidenti Pavel Nedved, shuningdek, bosh direktor Mauritsio Arrivabene ham ishdan bo‘shadi. Qayd etilishicha, direktorlar kengashi Arrivabeneni o‘z lavozimida qolishni so‘ragan.

Hozirgi direktorlar kengashi 2023 yilning 18 yanvarigacha, ya’ni klub aksiyadorlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tguncha ishlaydi. O‘sha yig‘ilishda kengashning yangi a’zolari tayinlanadi. 

Anelli «Yuventus»ni tark etgach, klubning barcha xodimlariga xat yozdi. 

«Azizlar, «Yuventus»da o‘ynasangiz yoki ishlasangiz, bitta maqsad bor — g‘alaba qozonish. Qora-oq futbolka kiyish sharafiga ega bo‘lgan har bir kishi buni biladi. 

«Yuventus» — dunyodagi eng katta klublardan biri. Natijaga faqat butun jamoaning mehnati bilan erishilishini barcha klub xodimlari biladi. 

Tarix bizga g‘alaba qozonishni o‘rgatdi, bu bizning DNKimizda. 2010 yildan beri o‘z hikoyamizni ajoyib natijalar bilan to‘ldirdik — yangi stadion, ketma-ket 9ta Skudetto, Netflix va Amazon Prime'da u haqda film suratga olingan birinchi italyan klubi, ayollar jamoasi uchun ketma-ket 5ta chempionlik. Shuningdek, Volkswagen bilan kelishuv (bu haqda kam odam biladi), Berlin va Kardiffdagi YeChL finallari, Adidas bilan shartnoma. «Yuventus» UEFA ijroiya qo‘mitasidagi klublardan biri bo‘ldi. 

Soatlar, kunlar, tunlar, oylar va fasllar — har doim yaxshilanish maqsadi bilan. Har birimiz maydonga qanday chiqishni bilamiz – kiyinish xonasidan chiqib, o‘ngga burilasiz, zinapoyadan 20 qadam pastga tushasiz, keyin yana 10 qadam yuqoriga ko‘tarilasiz va maydondasiz. 

Qo‘rquv. Bilasizki, yaqin atrofda imkonsiz narsaga erishishi mumkin bo‘lgan butun jamoa bor. «Bernabeu», «Old Trafford», «Alyans Arena», «Signal Iduna Park», «San-Siro», «Seltik Park», «Kamp Nou» — qayerga bormaylik, jamoa birlashgan paytda hech qachon qo‘rqmaganmiz. 

Agar birlik bo‘lmasa, bu falokatli oqibatlarga olib keladi. Shu nuqtada, ehtiyotkorlik bilan o‘ylashingiz va zararni kamaytirishingiz kerak. Biz korporativ nuqtayi nazardan nozik vaziyatga duch keldik. Ortiq hamjihatlik yo‘q. Yangi rahbariyatga vaziyatni o‘zgartirish imkoniyatini berish uchun hammaning birga ketishi yaxshiroqdir. 

Endi ular oldida yangi chaqiriq — «Yuventus» tarixiga moslashish turibdi. 

Fridrix Nitsshening iqtibosidan ilhomlanib, futbol uchun ishlashda davom etaman: «Musiqani eshitmaguncha, raqsga tushayotganlarni aqldan ozgan deb o‘ylaysiz...»

Yodingizda bo‘lsin, biz bir ko‘rishdayoq bir-birimizni taniymiz, chunki biz «Yuve» odamlarimiz! Oxirigacha...», — deb yozgan turinliklarning sobiq prezidenti.

Anelli «Yuventus»ni 2010 yilning may oyidan buyon boshqarayotgandi. Uning qo‘l ostida klub ketma-ket 9 yil Italiya chempioni bo‘ldi, 2 bor Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi, 5 martadan Italiya Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi.

Ko‘proq yangiliklar: