Yevropa 2022 yilda Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importini 40 foizga oshirdi

Jahon 12:27 / 29.11.2022 7774

2022 yil boshidan buyon Rossiya suyultirilgan tabiiy gazining (STG) Yevropaga importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42 foizga oshdi. Bu haqda 29 noyabr, dushanba kuni Financial Times o‘z hisob-kitoblariga tayanib xabar berdi.

Rossiyadan STG 2022 yilda ushbu yonilg‘ining Yevropa dengiz importining 16 foizini tashkil qiladi. Deyarli butun hajm Fransiya, Belgiya, Ispaniya va Niderlandiyaga yetkazildi, deb yozadi FT. 

Umuman olganda, Rossiya Yevropaga 17,8 milliard kub metr STG eksport qildi va mintaqadagi ikkinchi yirik yetkazib beruvchiga aylandi. Birinchi o‘rinni 42 foizlik ulush bilan AQSh, uchinchi o‘rinni 13,7 foiz bilan Qatar egallagan. 

17,8 mlrd kubometrlik umumiy hajm gaz quvurlari orqali yetkazib berilgan 62,1 mlrd. kubometr gazning bir qismini tashkil etsa-da, bu Yevropani Kremlning «quroli» oldida «himoyasiz qoldiradi», deya ogohlantirgan FT. 

Rossiya gaz quvurlari orqali yetkazib berishni keskin qisqartirganidan so‘ng, Yevropa davlatlari tushib ketgan hajmlarni qoplash uchun STG bozoriga kirishdi. Refinitiv tahlilchilariga ko‘ra, yil boshidan beri Yevropa rekord darajadagi - 111 milliard kubometr STG import qildi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 70 foizga ko‘pdir. 

«Putin bir kun uyg‘onib: «Biz Yevropaga STG yetkazib berishni to‘xtatamiz», deyishi mumkin, bu esa mintaqani yanada qimmatroq bozorda gaz xarid qilishga majbur qiladi», - deya ogohlantiradi Kolumbiya universitetining energiya siyosati bo‘yicha tadqiqotchisi Ann-Sofi Korbo. «Rossiya nazariy jihatdan gaz tankerlarini Bangladesh va Pokiston kabi kambag‘al davlatlarga «siyosiy manfaatga erishish» va «yevropaliklarga bosim o‘tkazish» uchun yo‘naltirishi mumkin», dedi u. 

Ko‘proq yangiliklar: