8,4 mlrd so‘mlik platforma: Mahallabay ishlash agentligi nima deydi?

O‘zbekiston 11:47 / 29.11.2022 19083

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “Onlayn mahalla” axborot tizimini yaratish uchun 8,4 mlrd so‘m ajratgani muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Kun.uz bu haqda 24 noyabr kuni maqola e’lon qilishidan avval agentlik matbuot xizmati bilan bog‘lanib izoh so‘ragan, agentlik vakili bu borada munosabat tayyorlanayotganini aytib, savollarga javob bermagandi. Biroq haligacha (29 noyabr holatiga) agentlik rasmiy sahifalarida bu borada hech qanday munosabat e’lon qilinmadi. 

Kun.uz Mahallabay ishlash agentligida bo‘lib, agentlikning interaktiv xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Otajonovga savollar bilan yuzlandi.

– “Online Mahalla” axborot tizimini ishlab chiqish uchun agentlik va “Realsoft” MChJ o‘rtasida tender o‘tkazmasdan shartnoma tuzilgan. Nima sababdan qonun talablariga rioya etilmadi?

– Qonun talablariga rioya etilmadi deb aytish noto‘g‘ri, birinchidan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasiga asosan, ayrim holatlar bor, tender o‘tkazmaslik kerak. Ular hukumat qarorlari, hukumat tomonidan chiqarilgan “farmoyish”, “qaror” “farmon”lar – mana shu 3 parametrda chiqqan qonunchilik hujjatlari uchun tender o‘tkazmaslik mumkin. Chunki to‘g‘ridan to‘g‘ri (shartnoma) tuzilishi mumkin bo‘ladi. Shuni tushunish kerak, birlamchi tekshiruv organi bor – bu bizda Moliya vazirligi, uning alohida tekshiruv dasturi bor. Dastur doirasida agar biz noto‘g‘ri hujjatlar kiritgan bo‘lsak, yoki noto‘g‘ri ish yuritgan bo‘lsak, u bizning pulimizni ham, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomamizni ham o‘tkazmaydi.

“Online Mahalla” bo‘yicha qiziqtirgan savollar yuzasidan alohida brifing tashkil qilinadi, unda barcha mutasaddi tashkilotlar, zarur holda “Realsoft” MChJning mas’ullari ham ishtirok etadi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi interaktiv xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Otajonov. Foto: Kun.uz

– Buni “Realsoft”  kompaniyasi hukumatga yaqin bo‘lgani uchun tanlab olingan deb tushunsak bo‘ladimi?

– Yo‘q, bu noto‘g‘ri tushuncha. Prezidentning 62-sonli qarori 10-bandida “Online Mahalla” platformasi 1 oy muddatda ishga tushirilsin deyilgan. Bir oy muddatda agar qo‘shimcha ravishda hukumat qarori bo‘lmaydigan bo‘lsa, tender o‘tkazish 45 kun vaqt davom etadi. Bu degani amalga oshishi kerak bo‘lgan davlat siyosati to‘xtab turadi, shuni inobatga olgan holda, Prezident qarori chiqqach uni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi qarori chiqadi. Uni na biz va na boshqa tashkilot amalga oshirmaydi. Uni tuzmaydi, yozmaydi, chizmaydi – Vazirlar Mahkamasi tomonidan qanday qaror qabul qilinsa, shu qarorga asosan chiqib keladi.

– Axborot tizimini ishlab chiqish va unga texnik xizmat ko‘rsatish uchun qaysi asoslarga ko‘ra 8,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi? Kafolatli xizmat ko‘rsatish uchun 325 ish kuni davomida 45 nafar ishchi nima ish qiladi?

– O‘zingiz uchun qiziqib turib, 2021 yil dekabr oyidan hozirgi kunga qadar hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarni tekshirib ko‘ring: hokim yordamchisiga 30dan ortiq vazifa yuklatilgan. Har bittasi “Online Mahalla” platformasi orqali o‘tishi belgilangan. Sababi korrupsion holatning oldini olish va shaffoflikni ta’minlash. Hokim yordamchisi amalga oshirishi kerak bo‘lgan har bir vazifa elektron bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Shuni inobatga olgan holda, agar biz o‘sha tizimni bittada yaratib qo‘yib, har safar takomillashtirishimiz kerak bo‘lsa, bizda qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Shuning uchun yozilganki, (platformaning) bazaviy strukturasi, ya’ni belgilangan 13 modul yaratildi. Ammo har bir yo‘nalish bo‘yicha hokim yordamchisining faoliyatini monitoring qilish, kerakli ma’lumotni kerakli holatda yetkazib berish uchun jami 26ta modul bor. Shunchaki, bu sayt ko‘rinishida turibdi, ammo bazaning ichki qismini ko‘taradigan bo‘lsangiz, unda 26ta modul faqat hokim yordamchilariga xizmat ko‘rsatuvchi modullar. Umumiy oladigan bo‘lsak, 30dan ortiq moduli bor, undan tashqari 35dan ortiq davlat tashkilotlariga integratsiya (masalasi) turibdi.

“Realsoft” MChJ, shartnomaga muvofiq, 2 yil davomida ishlab berishi kerak, bu davr mobaynida belgilangan takomillashtirish, belgilangan modulni yaratish, integratsiyani bajarish majburiyatini bo‘yniga olgan. Endi o‘sha 8,4 mlrd so‘mni ikkiga bo‘lasiz, har yilga 4,2 mlrd so‘mdan to‘g‘ri keladi. Buni yaratdi, shu bilan tugadi deb o‘ylamanglar, buni amalga oshirishning katta sikli bor.

– Nima sababdan, loyihaning bozor bahosini hisoblash uchun zarur bo‘lgan texnik topshiriq ochiqlanmadi? 

– Texnik topshiriq ochiqlanmaganining sababi bu biz va “Realsoft” o‘rtasida tuzilgan shartnomaning ichki hujjat hisoblanishidir. Aytganimdek, texnik topshiriqni brifingda ochiq manbaga qo‘yib beramiz. Undan muammo bo‘lmaydi, bu yopiq narsa emas. Hammaga yetkazib beramiz, nafaqat Kun.uz. Faqat bir tomoni borki, texnik topshiriqda 13ta modul belgilangan, 13ta modul belgilangan vaqt 1 oy muddatda (platforma) ishga tushirilishi kerak edi. Undan keyingi 17ta modul hali inobatga olinmagan edi. Agar Prezident qarori 2021 yil dekabr oyida chiqqan bo‘lsa, bizga yanvar oyida platformani tugatish vazifasi yuklandi. Ammo undan keyin mart oyida hokim yordamchilariga yangi vazifalar yuklandi. Yanvarda 10ta modul bitdi. Ammo fuqarolarda noto‘g‘ri fikr paydo bo‘lmasin, 13ta modulni qilib turib 8,4 mlrd so‘mlik ish qildi degan xayol bo‘lmasligi uchun bu ma’lumotlar hali berilmadi. Aytganimdek, qiziqtirgan savol va ma’lumotlar brifingda yana beriladi. 

Agentlik mas’uli axborot tizimini ishlab chiqish uchun sarflangan mablag‘ning batafsil izohi va platformaning bozor bahosini hisoblash uchun zarur bo‘lgan “texnik topshiriq” ochiqlanishini ma’lum qildi. Demak, matbuot anjumanida bu savollarga javob berilishini kutib qolamiz.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Javohir G‘ayratov.

Ko‘proq yangiliklar: