Rossiya Hisob palatasi raisi Kudrin o‘z lavozimini tark etdi

Jahon 13:41 / 29.11.2022 8570

Rossiya Hisob palatasi raisi Aleksey Kudrin iste’foga chiqishini ma’lum qildi. «Endi men keng ma’noda xususiy tashabbuslarni rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan, biroq ayni paytda odamlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan yirik loyihalarga e’tibor qaratmoqchiman», — deb yozdi u 29 noyabr, seshanba kuni Telegram-kanalida.

Kudrin Rossiya prezidenti Vladimir Putinga tegishli ariza topshirganini qo‘shimcha qildi. Ayni vaqtda Federatsiyalar kengashiga Putinning Kudrinni Hisob palatasi raisi lavozimidan ozod etish taklifi kelib tushdi, deb ma’lum qildi RIA «Novosti» agentligiga Rossiya parlamenti yuqori palatasi budjet va moliya bozori qo‘mitasi rahbari Anatoliy Artamonov. 

Federatsiyalar kengashi 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Kudrinning iste’fosi haqidagi taqdimnomani ko‘rib chiqadi, deya ta’kidladi agentlikning yana bir suhbatdoshi. Budjet va moliyaviy bozorlar qo‘mitasi yuqori palataga Kudrinni muddatidan avval ishdan bo‘shatishni tavsiya qildi. 

Aleksey Kudrin 2018 yilning may oyidan buyon Hisob palatasini boshqarib kelmoqda. «Yandeks» asoschilaridan biri Arkadiy Voloj Kudringa «Yandeks»ga o‘tishi hamda Rossiya va xalqaro biznesni ajratishda yordam berishi evaziga kompaniyaning rasmiy 5 foiz aksiyalarini taklif qilgan, deya ma’lum qildi Forbes suhbatdoshlari va «Agentlik» internet nashri. 

25 noyabr kuni OAV anonim manbalarga tayanib, Kudrin Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Yandex internet kompaniyasi aktivlarini bo‘lish sxemasini ma’qullagani, shuningdek, uning rahbariyatiga o‘tishga kelishib olgani haqida xabar berdi.  

Ko‘proq yangiliklar: