Prezident ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

O‘zbekiston 13:00 / 29.11.2022 8454

“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonun ko‘chmas mulk quyidagi turlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga nisbatan tatbiq etiladi: yer uchastkalariga; binolarga, inshootlarga, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obektlarga; ko‘p yillik dov-daraxtlarga; mulkiy majmua sifatidagi korxonaga.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim:

  • mulk huquqi;
  • doimiy egalik qilish huquqi;
  • doimiy foydalanish huquqi;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi;
  • ijara huquqi;
  • ikkilamchi ijara huquqi;
  • xo‘jalik yuritish huquqi;
  • operativ boshqarish huquqi;
  • ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi;
  • bepul foydalanish huquqi;
  • renta;
  • ipoteka;
  • servitut;
  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarga qo‘yilgan cheklovlar.

Binolarga, inshootlarga hamda qurilishi tugallanmagan obektlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu ko‘chmas mulk joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.

Ko‘chmas mulk kadastr yig‘majildini shakllantirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

  • yer uchastkalari belgilangani (realizatsiya qilingani);
  • bino, inshoot qurilgani va foydalanishga topshirilgani;
  • belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan obekt mavjudligi;
  • ko‘chmas mulk bo‘lingani;
  • ko‘chmas mulk birlashtirilgani.

Davlat reyestri ko‘chmas mulk, unga bo‘lgan huquqlar, huquq egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron bazasi tarzdagi tizimlashtirilgan ma’lumotlar to‘plamidan iboratdir. Qonun 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: