MAGATE Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalarida nazoratni kuchaytiradi

Jahon 22:09 / 29.11.2022 6197

Grossi NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan Buxarestda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashdi. 

U Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalarida MAGATE xodimlari soni ko‘paytirilishini e’lon qildi. Tashkilot rahbarining ta’kidlashicha, Ukraina tomoni bilan Zaporijjya AES himoya zonasini yaratish bo‘yicha qo‘shma ishlar shoshilinch ravishda olib borilmoqda. 

«Men energetika infratuzilmasi himoyasini ta’minlash uchun MAGATE Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalarida o‘z xodimlari sonini ko‘paytirishini tasdiqladim», deb yozdi Rafael Grossi ijtimoiy tarmoqda. 

O‘z navbatida Dmitriy Kuleba Zaporijjya AES yadro xavfsizligini ta’minlash uchun Rossiya uni tark etishi kerakligini ta’kidladi. 

25 noyabr kuni Rafael Grossi Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalari to‘liq o‘chirilgandan so‘ng tashqi elektr ta’minotiga qayta ulanganini ma’lum qildi. Stansiyalar ishidagi uzilishlar Rossiyaning Ukraina hududini o‘qqa tutishi oqibatida yuz bergan. 

Zaporijjya AES mart oyidan beri Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida. Uning hududi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. Bunda har ikkala tomon bir-birini ayblab kelmoqda. Yozda MAGATE Zaporijjya AES atrofida himoya zonasini yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi. Hozircha bu tashabbus muhokama jarayonida. 

Ko‘proq yangiliklar: