Foto: Havayida dunyodagi eng katta vulqon otila boshladi

Jahon 19:07 / 29.11.2022 13858

Havayi orollarida so‘nggi 40 yillikda birinchi marta dunyodagi eng katta faol vulqon — Mauna Loa otilishni boshladi. Mahalliy ma’muriyat vakillari xabariga ko‘ra, lava hali kaldera (vulqon hududi) chegaralaridan tashqari chiqmagan va tog‘ etagida yashovchi odamlarga tahdid solmayapti.

Ammo AQSh Geologiya xizmati vaziyat juda tez o‘zgarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Havayining Katta oroli va uning atrofidagi suvlarga vulqon kuli sochilishi ehtimolidan ogohlantirilgan va aholiga hushyorlikni yo‘qotmaslik tavsiya etilgan.

Vulqonning hozirgi uyg‘onishi yakshanba kuni kechqurun vulqon cho‘qqisidagi Mokuaveoveo kalderasida boshlandi. Kaldera - otilish yakunida cho‘qqida hosil bo‘ladigan chuqurlikdir.

Foto: EPA/Vostock-photo

Undan avvalroq mintaqada sodir bo‘lgan ketma-ket yer silkinishlari ortidan vulqon uyg‘onishi mumkinligi haqida bir necha ogohlantirishlar berilgandi, jumladan yakshanba kuni o‘n martadan ortiq kamida 2,5 balli zilzilalar kuzatilgan.

«O‘tmishdagi tajribadan kelib chiqib, Mauna-Loa vulqoni otilishining dastlabki bosqichlari juda dinamik bo‘lishi, lava oqimlari joylashuvi va harakati esa juda tez o‘zgarishini aytish mumkin», deyiladi AQSh Geologiya xizmati xabarida.

Xabarda agar vulqon otilish balandligi kaldera devorlaridan chetga chiqadigan bo‘lsa, lava oqimlari qiyalik bo‘ylab juda tez pastga tushishi mumkinligi qayd etilgan.

«Bu lava oqimlari kamdan kam hollarda hayot uchun xavf tug‘diradi, lekin ular infratuzilma uchun nihoyatda halokatli bo‘lishi mumkin», — deydi Havayi vulqon observatoriyasida ishlagan britaniyalik geofizik doktor Jyessika Jonson.

Foto: AR/TASS
Foto: AR/TASS
Foto: EPA/Vostock-photo
Foto: AR/TASS
Foto: AR/TASS

Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, vulqonning birinchi otilishi 1843 yilda hujjatlashtirilgan, shundan keyin Mauna Loa yana 33 marta otilgan. Oxirgi otilish 1984 yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda lava oqimi oroldagi yirik shahar - 8 kilometr masofadagi Xilo shahrigacha yetib bormagandi.

Bunday faollik tufayli Mauna-Loa dunyodagi eng yirik faol vulqon hisoblanadi. Bundan tashqari, uzoq vaqtdan buyon otilmagan harakatsiz vulqonlar hamda so‘nib bo‘lgan va amalda qayta uyg‘onmaydigan vulqonlar mavjud.

US GEOLOGICAL SURVEY
Lava juda tezlik bilan pastga tushishi mumkin / KEN HON/USGS
Mauna Loa vulqonining 1984 yilgi otilishi / HANDOUT

 

Ko‘proq yangiliklar: