“Ba’zilar O‘zbekistonni yaxshi tushunmagan ko‘rinadi” - siyosatshunos Rossiyaning yangi “ittifoqi” haqida

O‘zbekiston 18:36 / 29.11.2022 25847

Saylovdan keyingi birinchi davlat tashrifi Rossiyaga bo‘lgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev RF prezidenti Vladimir Putinning “Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida, energetik ittifoq tuzaylik” degan taklifiga og‘zaki rozilik bildirdi.

Keyinroq Oq o‘rda bu gaz masalasidagi ittifoq taklifi ekanini ma’lum qildi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, To‘qayevning Rossiyaga tashrifini “tinchlantirish tashrifi” deb atash mumkin.

“Keyingi uch yil davomida, To‘qayev va Putinning munosabatlari sovuq, ular o‘zaro bir-biriga mutlaq ishonmaydi. Lekin, diplomatik mulozamat qilishga majbur. Putin Ukraina bilan band. Qozog‘istonga ikkinchi frontni ocha olmaydi. Resurs yetmaydi. To‘qayev ham saylovdan keyingi o‘zining birinchi tashrifini Rossiyadan boshladi.

Bu tinchlantirish tashrifi deyiladi: “Tinchlan, men senga dushman emasman, men senga qarshi bormayman. Agar o‘zing meni hududim va mustaqilligimni hurmat qilsang, dushman bo‘lmaymiz”.

Qozog‘iston elitasi yaxshi tushunadiki, Putinning siyosiy umri katta tezlikda qisqarib boryapti. U sarosimaga tushgan payt, uning qahr-g‘azabi Qozog‘istonga yo‘nalishiga imkon bermaslik kerak. Shuning uchun, Moskvaga borib, Putinni tinchlantirish muhim edi”,deydi siyosatshunos.

Uning fikricha, To‘qayev Putinning ittifoq borasidagi taklifiga shunchaki “ha” degan bo‘lsa-da, bu Qozog‘iston uchun ham og‘ir yuk bo‘ladi.

“Moskva tomonidan “keling, uchlik ittifoqi tuzaylik!” degan taklifga, To‘qayev “yo‘q” deb javob bersa, mehmonga borib mezbonni yana sazoyi qilgan bo‘ladi.

O‘tgan safar Peterburgda Putinning yonida o‘tirib “men sening DXR va LXRlaringni tan olmayman!” degani haliga qadar Putinning asabiga tegadi. Shuning uchun, bu safar ham Putinni asabiylashtirmaslik uchun “ha, mayli, bo‘lsa bo‘la qolsin shu ittifoq!” deb qutuldi. Lekin bu ittifoq Qozog‘istonga og‘ir yuk bo‘ladi, buni To‘qayev yaxshi tushunadi”.

Siyosatshunosga ko‘ra, O‘zbekiston energetik, geosiyosiy mustaqilligini yo‘qotmaslik yoki toraytirmaslik uchun bu ittifoqqa qo‘shilmaydi. Bundan tashqari, bugungi kunda Rossiya bilan tuzilgan kelishuvlar tufayli ikkilamchi sanksiyalarga tushish ehtimoli oshib bormoqda.

“Ishonchim komil, O‘zbekiston bu ittifoqqa qo‘shilmaydi. Sabablari ko‘p. Birinchidan, O‘zbekiston o‘zining energetik oldi-sotdisini Rossiya bilan muvofiqlashtirsa, o‘zining energetik va geosiyosiy mustaqilligini tep-tekis joyda qisqartirgan, toraytirgan yoki yo‘qotgan bo‘ladi.

Ikkinchidan, ihotalangan Rossiyaga energetik va savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy munosabatlar ustidan monopoliyani saqlab qolishda, o‘zining manfaatlarini qurbon qilib bo‘lsa-da, yordam bersa, shimoliy imperializmning yashovchanligini uzaytirgan bo‘ladi. Qolaversa, ikkilamchi sanksiyalarga o‘zini ataylab duchor qilgan bo‘ladi.

O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi geosiyosiy eng mustaqil davlat. Xohlaganda KXShTga kirib, xohlaganda chiqadi. Yevrosiyo Ittifoqida ham kuzatuvchi bo‘lib, bu tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro aloqalarini ichkaridan va bepul tomosha qilishni yaxshi ko‘radi. Lekin, bu ishlarga aralashib, o‘ziga katta mas’uliyat yeki og‘ir gunoh olmaydi. Shu paytgacha Yevrosiyo Ittifoqiga to‘liq kirmagan O‘zbekiston, endi, sanksiyalar bosimi ostida turgan Rossiyaning yangi “ittifoqi”ga qo‘shiladimi? Menimcha, hali ham ba’zilar O‘zbekistonni yaxshi tushunmagan ko‘rinadi”, –deydi siyosatshunos.

Ko‘proq yangiliklar: