Xitoyda oq qog‘ozlar inqilobi. Namoyishchilar Si Jinpingning iste’fosini ham talab qilmoqda

Jahon 21:57 / 28.11.2022 22220

Xitoy politsiyasi Covid-19 pandemiyasi tufayli joriy etilgan lokdaunlar davom ettirilishiga qarshi namoyishga chiqqanlarni qo‘lga olishda davom etmoqda. Xabarlarga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun ham poytaxt Pekinda, mamlakatning yirik shahri Shanhayda, shuningdek Nankin, Chendu, Uhan va boshqa joylarda namoyishlar davom ettirilgan. Aksiyalar ishtirokchilari ko‘chalarga oppoq qog‘ozlar ko‘tarib chiqishmoqda, ularda shiorlar yozilmagan - shu tariqa ular senzura taqiqlarini chetlab o‘tishga harakat qilishmoqda.

Xitoyda o‘tgan hafta oxirida hukumatning kovidga qarshi kurash choralariga qarshi norozilik namoyishlari kuchaydi, namoyishlarda hukumatga qarshi siyosiy shiorlar ham yangray boshlagan.

Shanhay ko‘chalariga minglab kishilar chiqqan. BBC muxbirlari odamlar politsiya mashinalari yo‘llarini to‘sib, ularni silkitishayotganiga guvoh bo‘lishgan. Shuningdek Pekin va Nankin universitetlarida talabalar namoyish uyushtirgan.

Shanhaydagi norozilik aksiyasi ishtirokchilaridan biri BBC muxbiri bilan suhbatda ko‘chada odamlarni ko‘rib «hayratga tushgani va to‘lqinlangani»ni aytadi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu Xitoyda shunday ko‘lamdagi ilk namoyishlar.

Yana bir ishtirokchi esa, ular politsiyachilardan bu namoyishlarga qanday qarashlarini so‘rashgani, ular esa bunga javoban «xuddi siz kabi» deyishganini aytadi. Ammo, uning aytishicha, ular forma kiyishgan va shu tufayli o‘z ishlarini bajarishmoqda.

Boshqalar esa zo‘ravonlik holatlari haqida aytishgan: namoyishchilardan biri Associated Press muxbiriga uning do‘stini politsiyachilar kaltaklagani, yana ikkisiga qalampirli suyuqlik sepishganini aytgan.

Foto: EPA

BBC’ning Xitoydagi muxbirlari xabar qilishicha, ayrim namoyishchilar nafaqat kovid cheklovlarini olib tashlashni, balki XXR raisi Si Jinpingning iste’fosini so‘rash orqali ushbu mamlakatga xos bo‘lmagan tarzda siyosiy talablarni ham ilgari surmoqda. Bunga esa u olib borayotgan «nol bardoshlik» siyosati sabab bo‘lib, u koronavirus tarqalishining oldini olish uchun aholini yoppasiga testdan o‘tkazish, uzoq muddatli karantinlar va kutilmagan lokdaunlarni o‘z ichiga oladi.

Xitoyning yirik shahri va mamlakat sharqidagi moliyaviy markaz hisoblangan Shanhayda odamlar ochiqchasiga «Si Jinping, ket!» va «Kommunistik partiya, yo‘qol!» shiorlarini ayta boshlashdi.

Bunday shiorlar Xitoy uchun juda g‘ayrioddiy hisoblanadi, qoidaga ko‘ra, bu mamlakatda hukumat yoki davlat rahbariga qarshi qaratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid yaxshilik bilan tugamaydi.

Ammo tahlilchilar hisoblashicha, hukumat, aftidan, Si Jinping nomi bilan bog‘lanadigan kovidga qarshi «nol bardoshlik» siyosatidan norozilik kuchayib borayotganini to‘g‘ri baholay olmagan, mamlakat rahbari yaqinda bu siyosat bundan buyon ham davom ettirilishini ma’lum qilgandi.

Namoyishchilarning hisoblashicha, cheklovlar g‘arbdagi Urumchi shahrida 10 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in vaqtida odamlarni qutqarishga xalaqit qilgan. Xitoy rasmiylari esa, qurbonlar soni ko‘p bo‘lishi lokdaun bilan aloqadorligini inkor etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan videoda Nankindagi universitetlardan birida ayol kishi qo‘lida oq qog‘oz tutib turgani, keyin uni olib ketishganini ko‘rish mumkin. Shu kuni olingan boshqa bir rolikda o‘nlab talabalar oq qog‘ozlar ko‘targancha jim turgani ko‘rinadi. «Qog‘ozda, albatta, hech narsa yo‘q, ammo biz bu nimani anglatishini bilamiz», deydi BBC muxbiriga shanba kuni kechqurun o‘tkazilgan namoyish ishtirokchilaridan biri.

Ayrimlar allaqachon bo‘layotgan voqealarni «oq qog‘ozlar inqilobi», yoki «A4 inqilobi» deb atashmoqda.

Shanhayda bir necha namoyishchi hibsga olingani ma’lum. 28 noyabr kuni BBC’ning Shanhaydagi namoyishlarni yoritish bilan shug‘ullangan muxbiri Ed Lourens qo‘lga olingan. Xabar qilinishicha, qo‘lga olish chog‘ida uni kaltaklashgan, keyin kishan taqib, bir necha soat mobaynida tutib turishgan.

Shanhayda kovid cheklovlariga qarshi namoyish ishtirokchilari qo‘lga olinishi, 2022 yil 27 noyabr. Foto: AP

BBC o‘z xodimiga qilingan hujumdan xavotirda ekanini ma’lum qilgan. Korporatsiyaga ko‘ra, Xitoy rasmiylari jurnalist qo‘lga olingani uchun ishonchli tushuntirish bermagan va uzr so‘ramagan.

Shanhaydagi namoyishlar joyida baland to‘siqlar o‘rnatilgan. Ammo rasmiy Pekin hozirgacha namoyishlar haqidagi xabarlarga munosabat bildirmadi.

Namoyishlar boshlanishi va kovidga qarshi «nol bardoshlik» siyosati

Dam olish kunlarida Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatining Urumchi shahrida qat’iy kovid cheklovlariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlangani aks etgan video tarqaldi. Xabarlarga ko‘ra, namoyishlarga 24 noyabr kuni ko‘p qavatli uyda yong‘in oqibatida 10 kishi halok bo‘lgani sabab bo‘lgan.

Urumchi ko‘chalarida odamlar to‘plangani kadrlari internetda paydo bo‘ldi, ammo shanba kuni tongga kelib Xitoy internet segmentidagi bu haqdagi barcha roliklar va xabarlar yo‘qolib qoldi.

Urumchi avgust oyida kovid cheklovlari obektiga aylangandi. Ko‘p qavatli uydagi yong‘in vaqtida shahar 100 kundan ortiq vaqt davomida qat’iy lokdaunda hayot kechirayotgandi.

25 noyabr kuni Urumchi aholisi ma’muriy bino oldida to‘plandi va kovid cheklovlarini bekor qilishni talab qila boshladi. Namoyishchilarning harakatlari aks etgan videoyozuvlar internetda tarqaldi.

Kadrlarda aksari tibbiy niqobda bo‘lgan mahalliy aholi vakillari qorong‘i tushganida shahar ko‘chalarida yig‘ila boshlagani aks etgan. Shundan keyin hukumat vakillari bilan qarama-qarshilik boshlangan, odamlar «Kovid lokdaunlari tugasin!» deya hayqirishgan. Boshqa rolikda odamlar ortida shahar xizmatlari xodimlari turgan to‘siqlarni buzib o‘ta boshlagani aks etgan.

Ko‘p o‘tmay ularning aksari o‘chirib yuborildi, ammo 26 noyabr kuni hokimiyat vakillari yon bera boshladi: shaharda koronavirus tarqalishi to‘xtagani e’lon qilindi va jamoa transporti faoliyati tiklandi.

Rasmiy Pekin kovidga qarshi «nol bardoshlik» siyosatini davom ettirmoqda. Ammo kasallanish holatlari o‘sishdan to‘xtamayapti, mahalliy aholi tez-tez lokdaunlar tufayli norozilik bildira boshladi.

Boshqa mamlakatlar virus bilan yashashga ko‘nikish uchun vaksinatsiyaga jiddiy e’tibor qaratayotganida, Xitoy har bir keyingi avj olishga nisbatan qat’iy cheklovlar joriy etish bilan reaksiya qilmoqda, ayrim holatlarda birgina kasallanish holati tufayli butun shaharlar to‘liq lokdaunga jo‘natilmoqda.

«Nol bardoshlik» siyosatiga ko‘ra, hukumat vaksinatsiyaga emas, keksa yoshli aholini ehtiyot qilishga e’tibor qaratadi. Ammo bu siyosat u qadar samarali bo‘lmayapti - dushanba kuni Xitoyda 40 mingdan oshiq yangi kasallanish holatlari aniqlangan. Shu tariqa, qatorasiga beshinchi kun butun pandemiya davridagi eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Hozirda kasallanish holatlari soni pandemiyaning joriy yil aprelida qayd etilgan eng yuqori cho‘qqisidagidan ko‘proq. O‘shanda Xitoy hukumati Shanhay shahrini to‘liq karantinga yopib qo‘ygan va ikki oy davomida 26 million kishi yashaydigan shahar amalda to‘liq ihotalangandi. O‘shanda shahar aholisi o‘z uylarida, ofislar yoki maxsus karantin markazlarida qamalib qolgandi. Ular bu joylarda haftalab qolib ketgan, ochlikdan azob chekishgan (yetkazib berish xizmatlariga jiddiy yuklama tushishi tufayli ko‘pchilik uzoq vaqtgacha oziq-ovqat mahsulotlariga buyurtma bera olmagandi) va ilojsizlikdan o‘z uylari derazasidan baqirishgandi.

Hozirda 31 provinsiya rasmiylari kasallanish holatlari haqida e’lon qilgan, ularning hududlarida bir qancha ulkan megapolislar joylashgan. Ular orasida poytaxt Pekin (22 milliondan ortiq aholi), mamlakat janubidagi yirik savdo shahri Guanchjou (18,5 mln) va yana bir qancha yirik shaharlar bor.

Pekin «nol bardoshlik» siyosati muvaffaqiyatli ekanini aytadi: xitoylik rasmiylarga ko‘ra, pandemiya boshidan buyon mamlakatda koviddan 5200 dan ortiqroq kishi vafot etgan. Ammo Xitoyning o‘lim holatlari soni bo‘yicha statistikasi pasaytirib ko‘rsatilishi, xitoyliklarning vaksinalari esa — u qadar samarali emasligi, mamlakatda joriy etiladigan yoppasiga lokdaunlar esa iqtisodiyot o‘sishini sekinlashtirib, ko‘proq odam vafotiga olib kelishini aytishadi. Sentyabr oyida Chendu shahrida aholiga zilzila vaqtida ham uydan chiqish taqiqlangan, noyabrda esa Chjenchjou shahrida to‘rt oylik qizaloq vafot etgan, u kovidga chalingani gumon qilingani tufayli shifokorlar unga qarash uchun borishdan bosh tortishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: