Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda

Jahon 14:11 / 28.11.2022 5697

Xitoy poytaxti Pekin va boshqa ko‘plab shaharlarda 28 noyabr, dushanbaga o‘tar kechasi mamlakat rasmiylari tomonidan SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi kurashga qaratilgani bilan izohlangan keskin cheklov choralariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etdi

Pekinda namoyishchilar diplomatik kvartal yaqinidagi ko‘chalarga chiqdi, ularning ko‘pchiligi mamlakatdagi senzuraga qarshi norozilik ramzi sifatida oq qog‘ozlarni ushlab turishdi, deya xabar beradi dpa axborot agentligi. Odamlar: «Karantinni olib tashlang» va «Biz PZR-testlarni xohlamaymiz, biz erkinlikni xohlaymiz» deb hayqirishdi. Politsiya jalb qilingan, hibsga olinganlarning aniq soni noma’lum.

Xitoyning boshqa shaharlarida ham norozilik yurishlari bo‘lib o‘tdi: Shanhay, Chengdu, Chonging, Uhan va Nankinda. Universitetlarda ham norozilik kuchaymoqda, ijtimoiy tarmoqlar senzura tomonidan tezda olib tashlangan videolarga to‘lib ketgan, deb yozadi dpa. 

Bular Xitoyda 4 iyunda harbiylar tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan va «Tyananmen qirg‘ini» nomi bilan mashhur bo‘lgan 1989 yildagi demokratik harakatdan keyingi eng yirik norozilik namoyishlaridir», — deyiladi agentlik xabarida. 

BBC muxbiri Ed Lourens Shanhaydagi norozilik namoyishlarini yoritar ekan, politsiya tomonidan hibsga olingan va kaltaklangan, deya xabar berdi korporatsiya. Uning ma’lumotiga ko‘ra, jurnalist kaltaklangan. Bundan tashqari, Lourens qo‘liga kishan solingan va qo‘yib yuborilgunga qadar bir necha soat ushlab turilgan, deya xabar beradi BBC.

Rasmiy Pekin voqea haqida hech qanday izoh bermadi, deb ta’kidladi xizmat. Politsiya jurnalistni olomon orasida koronavirus yuqtirmaslik uchun hibsga olganini aytdi. «Biz buni ishonchli tushuntirish deb hisoblamaymiz», — deyiladi BBC bayonotida. 

Xitoy hukumati koronavirusga nisbatan «nol toqatlik» siyosatini olib bormoqda: shaharlarda butun mavzelar to‘sib qo‘yilgan, kasallar bilan aloqada bo‘lgan odamlar majburiy karantinga olingan, kasallar kasalxonalarda izolyatsiya qilingan, mamlakat chegaralari amalda yopiqligicha qolmoqda. 

Namoyishlar Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatining Urumchi shahridagi turar joy binosida sodir bo‘lgan yong‘indan keyin boshlangan. 24 noyabr oqshomida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida o‘n kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan. Guvohlarning qayd etishicha, odamlar lokdaun tufayli xonadonlarning eshiklari to‘sib qo‘yilgani va cheklov choralari qutqaruvchilarning ishiga xalaqit bergani sabab yong‘indan qochib qutula olmagan. Xitoy hukumati bu ma’lumotni rad etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: