Toshkentda fuqaroni tepgan mahalla raisi ishdan olindi

O‘zbekiston 15:22 / 28.11.2022 21912

Tuman hokimligi videodagi shaxs Armug‘on mahallasi raisi A’zam Qodirov ekanini tasdiqladi.

Bu masalada bugun, 28 noyabr kuni mahalla guzarida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda tuman hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari O.Rixsiboyev, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvatlash bo‘limi boshlig‘i I.Hayitxo‘jayev hamda uning maslahatchisi T.Sayfullayev ishtirok etgan.

Yig‘ilishda mahalla raisi “o‘z lavozimiga nomunosib xatti-harakatlari” uchun lavozimidan ozod etilgan.

Toshkent shahar IIBBdan ma’lum qilishlaricha, voqea 27 noyabr kuni taxminan soat 12.30larda ro‘y bergan: 1963 yilda tug‘ilgan A’zam Qodirov jamoat joyida, ya’ni Yakkasaroy tumani KXAY ko‘chasida 1973 yilda tug‘ilgan I.I.ni o‘zaro og‘zaki mojaro sababli bir marta orqasidan tepgan.

Holat yuzasidan MJtKning 183-moddasi ("Mayda bezorilik") bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sud tomonidan huquqbuzarga nisbatan tegishli ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

O‘tgan hafta Samarqandda mahallaning qimorboz raisi ishdan olingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: