Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha sudning birinchi kuni: Kim nimada ayblanmoqda?

O‘zbekiston 19:32 / 28.11.2022 36800

Buxoro viloyat sudida Nukusda 1−2 iyul kunlari sodir bo‘lgan tartibsizliklar yuzasidan sud jarayonining birinchi kuni o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida prokuratura 22 nafar gumonlanuvchiga nisbatan ayblovlarni o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov bugungi sud majlisida davlat ayblovchisi (prokuratura) tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblov xulosasining qisqacha mazmunini keltirdi:

Unga ko‘ra:

D. Tajimuratov uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida joriy yilning 1-2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan;

L. Qallixanova ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm (ayirmachilik) g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan;

Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori A. Turdanov 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilar ishtirok etishini ta’minlagan va D. Tajimuratovni yelkasiga o‘tkazib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan;

Chimboy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi A. Smetullayev va «Qorao‘zak Sahib» MChJ direktori D. Djiyemuratov 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham faol ishtirok etib, D. Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlaganlar;

«Ayama» veb-sayti ma’muri, bloger B. Kadirbergenov odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Jo‘qorg‘i Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga da’vat qilgan; 

B. Seytniyazov Qozog‘iston Respublikasidagi «Allayar joly» diaspora a’zosi bo‘lib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va D. Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam bergan;

Norasmiy tarzda imomlik bilan shug‘ullangan A. Toqimbetov 2 iyul kuni Xo‘jayli tumanida yig‘ilgan odamlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi mustaqil bo‘lishi lozimligini ma’lum qilib, ularni ommaviy tartibsizlikka da’vat qilib, ularga yetakchilik qilgan;

Tadbirkor Q. Seytimov 2 iyul kuni Qorao‘zak tumanida odamlarni to‘plab, ularni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularga yetakchilik qilgan;

Mo‘ynoq tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi, bloger A. Nuratdinov 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;

«Keleshek ushun» fermer xo‘jaligi rahbari S. Medetov 2 iyul kuni Shumanay tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;

Nafaqaxo‘r N. Nayipov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi videomurojaat tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i P. Shamshetov 2 iyul kuni odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham ularda faol ishtirok etgan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat universiteti o‘qituvchisi R. Bekmuratov 2 iyul kuni «Naupir» MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan jarohati yetkazib, «PM» markali pistoletini olib qo‘ygan;

S. Kaipov 2 iyul kuni «Naupir» MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan jarohati yetkazgan. Bundan tashqari, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomurojaat tayyorlab, uni tarqatish maqsadida saqlab kelgan;

B. Genjyebayev 2 iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklarda Farg‘ona viloyatidan kelgan o‘zbek millatiga mansub 3 nafar shaxsni to‘xtatib, ularga tan jarohati yetkazib, 3,6 mln so‘m miqdoridagi pullarini va qat’iy hisobdagi hujjatlarini bosqinchilik yo‘li bilan olib qo‘ygan;

S. Kalilayev 2 iyul kuni Kegeyli tumanida ommaviy tartibsizliklarga yetakchilik qilib, millatchilik zamirida Andijon viloyati hokimligi ShTABiga o‘t qo‘yib, mulklarini nobud qilgan;

«Sada-Mars» MChJ ombor mudiri P. Nurniyazov 2 iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatini cheklash maqsadida yo‘llarni to‘sib, avtoshina yoqishda yetakchilik qilgan;

S. Kalimov 1 iyul kunidagi ommaviy tartibsizliklar uchun ma’muriy qamoqqa olinganlarni ozod qilish maqsadida ularni saqlash joyiga hujum qilib, o‘t qo‘ygan;

N. Sultamuratov 2 iyul kuni Nukus shahar IIO FMBga qilingan hujumda faol ishtirok etib, daraxt yoqib, yo‘llarni to‘sgan;

«Ustyurt geofizika» korxonasi qo‘riqchisi A. Temirxanov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Xo‘jayli guzari ko‘chasida «Molotov kokteyli»dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan;

Sug‘urta kompaniyasi mutaxassisi A. Adilbekov 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda To‘rtko‘l guzari ko‘prigida «Molotov kokteyli»dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: