Qashqadaryoda 3 kunlik MChJ 2,6 mlrd so‘mlik issiqxonalar qurish bo‘yicha tenderni yutib oldi

O‘zbekiston 18:31 / 28.11.2022 9491

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda 3 kunlik firma jami 2 mlrd 601 mln  so‘mlik issiqxonalar o‘rnatishni yutib olgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Antimonopoliya qo‘mitasi tenderda qonunbuzarliklar bo‘lganini tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan etender.uzex.uz maxsus elektron portalida 12 ta tumanda jami 289 ta 2 mlrd 601 mln so‘mlik yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish bo‘yicha tanlov o‘tkazilgan.

Tanlovda buyurtmachi tomonidan savdolarning qonunchilikda belgilangan tartibi buzilgan. Shuningdek, tanlovning bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish orqali qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yilgan.

Xususan, “Nxs Ctroybadmetall” MChJ va “Turnoverprice” MChJ tomonidan kerakli xujjatlar (issiqxona qurish bo‘yicha ish tajribasi, qurilishda ishlatiladigan materiallar ro‘yxati) taqdim qilinmagan bo‘lsa-da, ularga asossiz yuqori ballar berilgan.

Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda xarid komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lmagan holda qonunchilikka zid ravishda qaror qabul qilingan.

Qayd etilishicha, hozirda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq, Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash agentligi “Onlayn mahalla” axborot tizimini yaratish uchun 8,4 mlrd so‘m (taqriban 755 ming dollar) sarflayotgani va istisno tariqasida tender o‘tkazmasdan shartnoma tuzgani haqida xabar berilgandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: