Kiyev g‘arbni zamonaviy qurollar yetkazib berish bo‘yicha taqiqni olib tashlashga chaqirdi

Jahon 16:22 / 28.11.2022 8681

«Patriot? Leopard? ATACMS? Rossiyaning muhim infratuzilmaga har bir zarbasi, millionlab ukrainaliklarni elektr va suvsiz qoldirishi ittifoqchilar zamonaviy qurol-yarog‘larni yetkazib berishi bo‘yicha taqiqni olib tashlashi kerak. Jazosizlik o‘zboshimchalikni keltirib chiqaradi. Tajovuzkor har bir keyingi qadamning narxini o‘zi his qilishi kerak», — deb yozdi Twitter’da Ukraina prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixaylo Podolyak.

Bundan oldin Ukrainaga qurol yetkazib berishdan ochiqchasiga bosh tortayotgan ba’zi davlatlar bu ishni maxfiy qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning aytishicha, Ukrainaga qurol yetkazib berishdan ochiqchasiga bosh tortayotgan ayrim davlatlar buni yashirincha amalga oshirmoqda. Ukraina hamkorlari uchinchi davlatlar bilan muzokaralarda qatnashib, bunga ko‘maklashmoqda.

«Ushbu uchinchi davlatlarning aksariyati hech narsa yetkazib bermayotganini ochiqchasiga aytishadi, biroq hammasi parda ortida sodir bo‘lmoqda», — dedi Kuleba Fransiyaning Le Parisien gazetasiga bergan intervyusida.

Ukrainaga qurol yetkazib berishdan bosh tortayotgan mamlakatlar orasida masalan, Shveytsariya va Isroil bor. Iyun oyida Shveytsariya o‘zida ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlaridan yasalgan qurollarni Ukrainaga yetkazib berishga ruxsat berdi. Isroil hukumati AQSh bosimi ostida Ukraina uchun ba’zi «strategik materiallar»ni yetkazib berishni moliyalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: