Italiyada ko‘chki oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi

Jahon 07:53 / 28.11.2022 4538

Italiyaning Iskiya orolida kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan ko‘chki qurbonlari soni yetti kishiga yetdi. Bu haqda 27 noyabr, yakshanba kuni Neapol prefekturasi ma’lumot berdi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yana uch nafar qurbonning jasadi topildi. Avvalroq to‘rt qurbon haqida ma’lum bo‘lgan edi.

Halok bo‘lganlar orasida chaqaloq va 6 va 11 yoshli ikki bola ham bor. Besh kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Orolda favqulodda holat e’lon qilingan, qutqaruv ishlari tun-u kun davom etyapti.

Foto: AP

Tabiiy ofat natijasida 230 kishi uylaridan evakuatsiya qilindi, dedi Neapol prefekti Klaudio Palomba.

Ko‘chki bir kun avval tongda kuchli yomg‘ir tufayli sodir bo‘lgan. Orolda, meteorologik xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, 120 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan. 8 ming aholi istiqomat qiluvchi Kazamichchola-Terme shahriga loy va toshli suv oqimlari kelib tushdi.

Foto: AP

Italiya ichki ishlar vaziri Matteo Pyantedozi vaziyatni «juda jiddiy» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv ishlari ob-havo sharoiti tufayli qiyin kechmoqda. Italiya hukumati tezkor yig‘ilishda orolda favqulodda holat e’lon qildi va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 2 million yevro ajratdi.

Ko‘proq yangiliklar: