AQSh Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha boshlangan sud jarayonini diqqat bilan kuzatadi

O‘zbekiston 18:56 / 28.11.2022 14825

Amerika Qo‘shma Shtatlari bugun Buxoroda iyul oyida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealarga aloqadorlikda ayblangan 22 shaxs ustidan boshlangan sud jarayonlarini diqqat bilan kuzatib boradi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchixonasi bayonot berdi.

«Biz hukumatni jamoatchilik oldidagi ochiqlik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va agar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini buzgan bo‘lsa, ularni javobgarlikka tortishga chaqiramiz. Shuningdek, Ombudsman boshchiligidagi Tergov komissiyasini o‘z xulosalarini imkon qadar tezroq e’lon qilishga chaqiramiz», deyiladi bayonotda.

28 noyabr kuni Buxoro viloyati sudida Nukusda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlangan 22 kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi.

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha ayb qo‘yilgan. Jumladan, 28,104-moddasi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “a” bandi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlari.

Sudlanuvchilarning 20 nafariga nisbatan «qamoqqa olish», 1 nafariga «uy qamog‘i» va 1 nafariga «jamoa kafilligi» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Ko‘proq yangiliklar: