Farg‘onada 20 yashar yigit ishxonasiga o‘t qo‘ygani uchun qamaldi

O‘zbekiston 19:24 / 27.11.2022 19049

Rahbar va xodim munosabatlari sovuqlashgani ortidan 20 yashar yigit ish beruvchidan qasd olishni reja qiladi va bu uni jinoyat ko‘chasiga yetaklaydi. Natijada u o‘zi ishlaydigan ishxonadan 2 mln 775 ming so‘mlik bolalar oyoq kiyimini o‘g‘irlab ketadi.

Qilg‘ilig‘i fosh etilmay qolganidan kuch olgan qonunbuzar ikkinchi safar 17,1 mln so‘mlik mahsulotlarni talon-toroj qilgan. Keyingi safar tunda o‘zi ishlagan ishxonaga keladi va ishlab chiqarilgan oyoq kiyimlarni bir joyga to‘plab, ularni yoqib yuboradi. Natijada 42 mln 148 ming so‘mlik poyabzallarning kuli ko‘kka sovuriladi.

Buni qarangki, shunda ham yuragidagi qasos o‘ti bosilmagan yigit yana bir marta bu yerga o‘g‘rilikka tushadi hamda 6 mln 200 ming so‘mlik maishiy texnika buyumlari, 510 ming so‘mlik oyoq kiyimni o‘g‘irlab ketadi.

Korxona rahbarining arizasiga asosan qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi, “a” bandi (O‘g‘rilik), 173-moddasi 1-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudi tomonidan o‘zi ishlagan korxonaga ko‘p miqdorda zarar yetkazgan yigit 5 yil-u bir oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, sud hukmi bilan sudlanuvchidan jabrlanuvchi foydasiga 64 mln 933 ming so‘m miqdorida moddiy zarar undirish belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: