Qozog‘iston IIV Ostonadagi mitingda 300 kishi ishtirok etganini ma’lum qildi

Jahon 23:41 / 26.11.2022 11582

Qozog‘iston IIV xabariga ko‘ra, Ostonadagi tungi klublardan birida yoshlar uchun ommaviy madaniy tadbir tashkil etilganidan keyin miting boshlanib ketgan. Tadbir tashkilotchisi ishbilarmon bo‘lgan. 

«Ommaviy-madaniy tadbirda 300 nafar yoshlar ishtirok etdi. Tashkilotchi tadbir chog‘ida yig‘ilganlarga ataylab yolg‘on ma’lumot yetkazib, shaxsiy noqonuniy maqsadiga erishish uchun noqonuniy namoyishga chaqirgan. Bu bilan tinch namoyish o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzgan», deyiladi Qozog‘iston IIV xabarida. 

Politsiya namoyishchilarning bir qismi ushlanganini aytmoqda.

«Ishtirokchilar politsiyaning noqonuniy harakatni to‘xtatish haqidagi talabiga hech qanday munosabat bildirmadi. Tashkilotchi ovoz kuchaytirgich yordamida odamlarni gijgijlab, qonun va tartibni buzishda davom etdi. Shahar aholisi xavfsizligini ta’minlash maqsadida IIV xodimlari noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, noqonuniy namoyish ishtirokchilari IIV xodimlariga jismoniy qarshilik ko‘rsatdi. Hozirda aybdorlar aniqlandi va politsiyaga olib ketildi. Ularning harakatlariga belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi», deyiladi xabarda.

Hibsga olinganlar aks etgan videolarni tarqatgan Orda.kz portaliga ko‘ra, namoyishchilar tadbirkor Marat Abiyevning «Kelajak me’morlari» loyihasi izdoshlari bo‘lgan.

Tadbirkor Marat Abiyev o‘zini qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi «TDFA fondi asoschisi» deb ataydi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, uning jamg‘armasi Qozog‘istonni «dunyo miqyosidagi ocharchilik tahdididan» qutqaradi. Uning korxonasi xorijdan urug‘ keltirib, Qozog‘istonda yetishtiradi.

2022 yil may oyida tadbirkor Marat Abiyevning viloyatlardagi yuzlab tarafdorlari «konsertda qatnashish» uchun Ostonaga avtobuslarda yetib borishga harakat qilishgan, biroq Qozog‘iston politsiyasi avtobuslarni orqaga qaytargan edi. 

Ostona shahri ma’muriyatining ta’kidlashicha, «Konsert o‘tkazish rad etilgani haqida rasmiy xabar berilganiga qaramay, Marat Abiyev odamlarni aldash yo‘li bilan konsertga taklif qilishda davom etgan va shu orqali odamlarni chalg‘itgan».

Keyinchalik, Marat Abiyev o‘z tarafdorlari qonunni buzmoqchi emasligini va siyosat bilan shug‘ullanmoqchi emasligini aytgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: