Braziliyada Apple smartfonlari do‘konlardan musodara qilinmoqda 

Jahon 20:14 / 26.11.2022 7428

Braziliya hukumati chakana savdo do‘konlaridan iPhone smartfonlarini musodara qilishni boshladi. Buning sababi shuki, Apple kompaniyasi Braziliyada smartfonlarni quvvatlantiruvchi qurilmasiz (zaryadchiksiz) sotmaslik haqidagi talabni bajarmayapti. 

Avvalroq, mahalliy hokimiyat Apple kompaniyasini ushbu talabni bajarmagani uchun 19 million dollar miqdorida jarimaga tortdi va smartfonlarni quvvatlantiruvchi qurilma bilan sotish majburiyatini yuklagan edi. Biroq kompaniya baribir talabni bajarmadi. 

Shundan so‘ng, Braziliya Adliya vazirligi «Detente» operatsiyasini boshladi va chakana savdo do‘konlaridan yuzlab smartfonlarni musodara qildi. 

Apple kompaniyasi allaqachon vaziyatga munosabat bildirgan va sudga murojaat qilmoqchi ekani haqida xabar bergan. Shuningdek, hukumatdan sud mahkamalari tugagunga qadar, smartfonlarni sotishga ruxsat so‘ragan. 

Apple kompaniyasi iPhone 12 chiqarilganidan keyin, smartfon to‘plamiga quvvatlantiruvchi qurilmani kiritishni to‘xtatgan edi. Buning sababi sifatida uglerod chiqindilarini kamaytirish aytildi. Biroq, Braziliya rasmiylari kompaniyaning tabiatni qayg‘urayotgani haqidagi da’volariga ishonmayapti va iste’molchilarga zaryadlovchi qurilmalarni majburiy sotib olishni yuklaganlikda ayblamoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: