Yangihayot tumanida avariya holatidagi uylar buzilib, renovatsiya dasturi amalga oshiriladi

O‘zbekiston 10:43 / 25.11.2022 10648

“Toshkent shahar Yangihayot tumani, Yo‘ldosh mavzesida joylashgan avariya holatidagi va ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uylarni renovatsiya qilish orqali aholi yashash sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi obektlarini qurish va saqlash direksiyasi buyurtmasi asosida Kensel Yenileme Merkeze (KEYM) loyiha tashkiloti tomonidan Yangihayot tumani bosh rejasi loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilgan;

Yangihayot tumani, Yo‘ldosh mavzesida joylashgan eskirgan yoki yaroqsiz ko‘p kvartirali uy-joy fondi xatlovdan o‘tkazilgan hamda instrumental o‘rganishlar natijasiga ko‘ra 4283 ta xonadonli 406 ta uy avariya holatida deb topilgan, mazkur uy-joylarda yashovchi fuqarolar tomonidan uy-joy sharoitini yaxshilash uchun yangi uy-joy qurib berish to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligiga ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonuni 7-moddasida ko‘p kvartirali uy-joyga tutash yer uchastkasi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko‘p kvartirali uydagi uy-joy mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi belgilangan.

Prezidentning “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda 2024 yil 1 yanvarga qadar o‘z hududlaridagi ko‘p kvartirali uylar joylashgan va ularga tutash yer uchastkalarini umumiy foydalanish uchun (notijorat maqsadlarda) ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish yuzasidan qarorlar qabul qilishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy va yuridik shaxslar mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘p kvartirali uy egallab turgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan taqdirda – tomonlar kelishuviga ko‘ra mulkdorga o‘sha yoki boshqa tumanda (shaharda) joylashgan maydon avvalgi kvartira maydonidan kichik bo‘lmagan kvartira mulk qilib berilishi, bunda mulkdorga ushbu kvartira topshirilgunga qadar u va uning oila a’zolariga talabgor tadbirkorlik sub’yektlari hisobidan vaqtinchalik ijaraga turar joy berilishi belgilangan.

Prezidentning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida davlat tashkilotlariga yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi belgilangan.

Toshkent shahar hokimligi, Uy-joy kommunal vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, Moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022-2026 yillarda ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uylarni buzib, mulkdorlarni yangi uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahri Yangihayot tumanida renovatsiya dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi:

a) kompensatsiya to‘lash:

  • birinchi navbatda – buziladigan avariya holatidagi xonadonda istiqomat qilayotgan mulkdorga quriladigan ko‘p kvartirali uylardan “foydalanishga tayyor holda topshirish” sharti asosida buzilgan xonadon maydoniga teng yoki undan kam bo‘lmagan kvadrat metrdagi xonadonni bepul ajratish;
  • ikkinchi navbatda – mulkdor yozma va notarial tasdiqlangan roziligi asosida buzilgan xonadon o‘rniga ikkilamchi bozordan xonadon maydoniga teng yoki undan kam bo‘lmagan kvadrat metrdagi xonadon olib berish;
  • uchinchi navbatda – buziladigan uy-joy mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan qiymatini mulkdorga belgilangan tartibda to‘lab berish orqali amalga oshiriladi.
  • Bunda, mulkdorga yangi xonadon topshirilgunga qadar oila a’zolari bilan birga vaqtincha yashash uchun mos ravishda talabgor tadbirkorlik sub’yektlari o‘z mablag‘lari yoki buyurtmachi tashkilotlar orqali Toshkent shahar mahalliy budjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan ijara shartnomasi asosida turar joy ajratiladi va ijara haqi to‘lab beriladi;

b) buyurtmachi etib:

  • tadbirkorlik sub’yektlari – avariya holatidagi uylar joylashgan hamda ular mulkdorlariga tegishli bo‘lgan tutash yer uchastkasida uy-joylar qurilishiga tashabbus bildirgan va tanlov asosida aniqlab olingan tadbirkorlik sub’yekti;
  • Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injirining kompaniyasi – avariya holatidagi uylar joylashgan hamda ular mulkdorlariga tegishli bo‘lgan tutash yer uchastkasida uy-joylar qurilishida talabgor bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari mavjud bo‘lmagan hollarda;

v) moliyalashtirish:

  • tadbirkorlik sub’yektlari buyurtmachiligida – o‘z mablag‘lari, jalb qilingan tijorat banklari kreditlari va qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
  • davlat buyurtmachisi – Toshkent shahar mahalliy budjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi;

g) renovatsiya hududlari:

  • uy-joy qurish uchun talabgor tadbirkorlik sub’yektlari mavjud bo‘lgan hududlarda – buziladigan avariya holatidagi uylar o‘rniga ko‘p kvartirali uyni qurib berish sharti bilan mulkdorlar, Yangihayot tumani hokimligi hamda tanlov asosida aniqlangan talabgor tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida investitsiya majburiyati asosida uch tomonlama shartnoma rasmiylashtiriladi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan belgilanadi;
  • talabgor tadbirkorlar mavjud bo‘lmagan hududlarda – buziladigan avariya holatidagi uylar o‘rniga quriladigan yangi uy-joylar qurilishi davlat buyurtmachisiga xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan belgilanadi;
  • d) buziladigan avariya holatidagi uylar o‘rnidan tashqari yoki mulkdorlarga tegishli bo‘lmagan boshqa hududda hudud ishlab chiqilgan bosh rejasiga muvofiq aniq quriladigan obekt turini ko‘rsatgan holda mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida elektron-onlayn auksion orqali realizatsiya qilinadi.

Belgilanishicha:

  • renovatsiya dasturi doirasida avariya holatidagi uylarni buzish ular mulkdorlariga o‘rnatilgan tartibda belgilangan kompensatsiya qoplab berilganidan so‘ng ruxsat beriladi;
  • renovatsiya hududida joylashgan ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlar va butalarni saqlab qolgan holda hamda ularga zarur agrotexnik ishlov berish shartlarida qurilish ishlari amalga oshiriladi;
  • avariya holatidagi uylar o‘rniga Toshkent shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan batafsil rejalashtirish loyihasi asosida quriladigan yangi uy-joylarda buziladigan avariya holatidagi uylar mulkdorlaridan ortgan xonadonlar belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi;
  • Bunda, mazkur ortgan xonadonlarga prezident farmonlari bilan belgilangan va bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash yangi tartibidan foydalanishga ruxsat beriladi;
  • tadbirkorlik sub’yekti tomonidan investitsiya kiritish bo‘yicha tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, renovatsiya hududini belgilash to‘g‘risidagi xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bekor qilinadi;
  • tashqi muhandislik kommunikatsiyalari – ichimlik suvi va irrigatsiya ta’minoti, kirish yo‘llari Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Renovatsiya hududlariga tashqi elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish va aloqa tarmoqlariga ulash – tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta’minot”, “O‘zbektelekom” tomonidan beriladigan texnik shartlar asosida, buyurtmachilar o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: