Neymar top-formada. Braziliya faqat chempionlik haqida o‘ylamoqda

Sport 21:46 / 24.11.2022 14671

Pentakampeonlar yana bir bor yangi laqabni olish uchun urinib ko‘rishadi. 20 yil mobaynida brazillar faqat besh karra jahon chempionlari deb atab kelinmoqda va ular Qatarda buni o‘zgartirish uchun juda kuchli tarkib yig‘ishdi. Jamoaning asosiy yulduzi Neymarni Qatarda mahalliy muxlislar ham qo‘llashi tayin. Brazillarning kuchli tomonlarini sanashdan ma’no yo‘q, faqat kuchsiz tomonlarini qidirib ko‘rish kerak.

Serbiya esa shu ish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Yevropaning aynan shu jamoasini tez-tez navbatdagi mundialning sirli toychog‘i deb atashadi. Nikola Milenkovich, Sergey Milinkovich-Savich va Aleksandr Mitrovich muvaffaqiyatli ishtirok bilan top-klublar nazariga tushishi mumkin, Dushan Vlahovich jahonning eng yaxshi forvardlaridan biri ekanini isbotlashi kerak, Dushan Tadich esa faoliyati yakunlanayotgan mahalda shovqin ko‘tarishga urinib ko‘radi.

Argentina va Germaniya allaqachon sovrin uchun da’vogarlik og‘ir vazifa ekanini anglab yetishdi, Angliya, Fransiya va Ispaniya esa hozircha o‘z muxlislarini qiynashmayapti. Bugun Braziliya qaysi tarafga qo‘shilishi ma’lum bo‘ladi.

Neymarga qaramlik

Aytish mumkinki, Braziliya muxlislarida to‘rt yil oldingi mundial arafasida hozirgi kabi yuqori optimizm yo‘q edi. Shu bilan birga, jamoaga nisbatan ijobiy kayfiyat yuzaga kelib bo‘lgandi, chunki Dunga davrida zerikarli futbol bilan assotsiatsiya qilingan jamoaga Tite kelgan va o‘zgarishlar boshlagan, «Selesao»ning saralash bosqichidagi o‘yinlari umid baxsh etardi. Ammo shu bilan birga, bu xavotir ham uyg‘otardi.

Birinchidan, bosh murabbiy bunday darajada hali debyut qilmagandi. Ikkinchidan, ko‘pchilik hali 2014 yilda uy chempionati yarimfinalida Germaniyadan qabul qilib olingan sharmandali mag‘lubiyatni unuta olmagandi. Qolaversa, o‘sha yil fevralida og‘ir jarohat olgan Neymarning holati bo‘yicha savollar ko‘p edi va may oyida turnir uchun zayavka e’lon qilinganida u hali safga qaytmagandi.

U yakunda turnirda ishtirok eta oldi va hatto ikki gol urdi, ammo bu butun jamoani o‘z torta oladigan Neymar emasdi. Shu bilan birga, jamoa unga kuchli darajada qaram edi, chunki 2014 yildagi dahshat jamoa «o‘nligi» jarohat olib, safdan chiqqani tufayli ham ro‘y bergandi. Tite bu qaramlikka davo topdi va Braziliya 2019 yilgi Amerika Kubogida Neymarsiz ham g‘alaba qozondi.

Lekin o‘z-o‘zidan tushunarliki, u bilan pentakampeonlarning optimal holati yanada kuchliroq bo‘ladi. Va aynan hozir — singlisining memlarga aylangan tug‘ilgan kuniga hali bir necha oy vaqt borligida — Neymar yirik turnirga deyarli ideal holatda tashrif buyurdi. 19 o‘yinda 15 gol va 12 uzatma — bu «PSJ»ning Fransiya chempionatidagi dominionligi inobatga olinganda ham kosmik natija. Va qiziq tomoni: Tite Neymar amalda ikkinchi forvard rolida o‘ynayotgan Parij tajribasini takrorlab ko‘rishi mumkinmi?

Neymar terma jamoadagi safdoshlari bilan. Foto: Global Look Press

Klub bog‘lamlari

Bir necha sabablarga ko‘ra, bu savolga yaqqol javob ko‘rinmaydi. Birinchidan, Braziliyada Gabriel Jyezusdek yetarlicha tajribali markaziy hujumchi bor. Ikkinchidan, Vinisius Junior baribir bosh murabbiyni hozirda hujum chap qanotida unga teng keladigan futbolchi yo‘qligiga ishontirgan. Va nihoyat Neymar terma jamoada — ko‘proq Messi Parijda bajarayotgan ishlarni qiladi. U dispetcherlik va ikkinchi tempdagi tezkor forvard funksiyalarini birlashtirgan, mutlaq erkin harakatlanish huquqiga ega futbolchi.

Albatta, Tite ayrim o‘yinlarda hujum markaziga qo‘shimcha sifatida Lukas Paketani ham qo‘yishi mumkin, ammo jahon chempionatida bunday variant haddan tashqari ehtiyotsizlik bo‘lardi. Shuning uchun Neymar ortida ikki yarimhimoyachi — almashtirilmas Kazemiro va Fred, Fabino yoki Brunu Gimaraesdan birini ko‘rishimiz mumkin. Bu uchlikning har birida o‘z ustun jihatlari bor, murabbiylar shtabi turlicha variantlarga ega.

Hujum qanotlarida ham sxemalar o‘zgarishiga qarab o‘yin davomida Vinisius, Rodrigo, Gabriel Martinelli, Rafinya, Antoni va Risharlison ham bir-birini almashtirishi mumkin. Ko‘pchilik asosiy urg‘u «Real» vingerlariga qaratilishini aytmoqda. Bu jamoa futbolchilari o‘zaro o‘ynash tajribasiga ega, xuddi «MYu»dagi Kazemiro va Fred juftligi kabi, qolaversa, ularning holati raqobatchilarinikidan yaxshiroq. Yozda kuchliroq jamoalarga o‘tgan bo‘lsa-da, Antoni ham, Rafinya ham, Risharlison ham o‘tgan mavsumdagi darajada o‘ynay olmayapti.

Dani Alves. Foto: Reuters

Qarilik bilmas Alves

Tarkib tanlashda bu safargi mundialning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olindi, turnir arafasida yig‘inlar o‘tkazish uchun vaqt bo‘lmadi. Shunga ko‘ra, dastlab o‘yinchining hozirgi holatiga e’tibor qaratish kerak edi. Bu masalada darvozabonlarga savollar yo‘qligi aniq. Bu liniya shu qadar barqarorki, yaqinda «Palmeyras» bilan chempionlikni nishonlagan Veverton ham Alisson va Ederson kabi mohir posbonlarni almashtira oladi.

Nisbatan kuchsizroq yoki xavotir uyg‘otadigan chiziq sifatida esa himoyani keltirish mumkin. Uning markazida buyuk Markinyus joylashadi, unga sherik tanlash esa vaziyatga qarab bo‘ladi. Bosh murabbiy Eder Militaoni ulkan tajribaga ega, lekin tezligini yo‘qotgan va «Chelsi»ga o‘tganidan xatolarga yo‘l qo‘yayotgan Tiagu Silvadan afzal ko‘rishi ham mumkin. Bu munozarali masala, lekin qanotlarda vaziyat yanada murakkabroq. Hatto yomon deyish ham mumkin, bu doimo kuchli laterallarga ega bo‘lgan Braziliya uchun juda ajablanarli.

Hozir esa Roberto Karlos va Marselo kabi futbolchilarning o‘rinbosarlari Aleks Telles, Aleks Sandro va Danilu hisoblanadi. Zayavkaga 39 yoshli Dani Alves ham kiritilgan, u 1966 yilgi jahon chempionatida 37 yoshida ishtirok etgan ikki karra jahon chempioni Jalmi Santosga tegishli va abadiy qoladigandek ko‘ringan rekordni yangiladi. Shu bilan birga Alvesning tarkibga jalb qilinishi — nafaqat muammoning jiddiyligidan, balki dunyoning eng sovrindor futbolchisining darajasidan ham darak beradi.

Futbol pensioneri yoshida ham u o‘zining yoshlik yillaridagi kabi g‘alabalarga chanqoq. U Pekin Olimpiadasida ishtirok etish uchun tirishdi va unda qatnashib, g‘olib bo‘ldi. Hozir esa — Meksika chempionati yakunlangach — formasini saqlab turish uchun «Barselona»ning ikkinchi jamoasiga kelgan. «Men hayvondek mashg‘ulot o‘tayman. Barselonadagi mashg‘ulotlardan tashqari — massaj, uyda shug‘ullanish va hatto yaxshi tiklanish uchun barokamera bor. Kuniga o‘rtacha olti soat mashq qilaman», — degandi Alves Qatardagi turnirga tayyorgarligi haqida.

Bu turnir uning uchun orzu, u jarohat tufayli JCh-2018da ishtirok etolmagandi. «Men o‘z jamoam bilan sovrinni qanday ko‘tarayotganimni tasavvur qilaman. Bu har kuni boshimda aylanadi. Men shu fikr bilan uxlab, shu fikr bilan uyg‘onaman. Katta yoki kichik narsani orzu qilish vaqti bir xil. Shunday ekan, men nega katta narsani orzu qilishim mumkin bo‘lgan holda, kichigini orzu qilishim kerak?» - deydi u.

Agar terma jamoadagilarning ko‘pchiligi shunday o‘ylayotgan bo‘lsa, futbol muxlislari portugalchada «olti karra» iborasi qanday aytilishini o‘rganib olishi kerak bo‘ladi. Va bu Braziliyaning terma jamoaga ishonchini tiklagan Tite bilan ajoyib xayrlashuv bo‘ladi.

Braziliyaning JCh-2022 uchun tarkibi

Darvozabonlar: Alisson («Liverpul»), Ederson («Manchester Siti»), Veverton («Palmeyras»).
Himoyachilar: Tiagu Silva («Chelsi»), Markinos («PSJ»), Danilu («Yuventus»), Aleks Telles («Sevilya»), Aleks Sandro («Yuventus»), Eder Militao («Real»), Bremer («Yuventus»), Dani Alves («UNAM Pumas»)
Yarimhimoyachilar: Brunu Gimarayns («Nyukasl»), Kazemiro («Manchester Yunayted»), Lukas Paketa («Vest Hem»), Fabinyu («Liverpul»), Fred («Manchester Yunayted»), Everton Ribeyru («Flamengo»).
Hujumchilar: Neymar («PSJ»), Vinisius Junior («Real»), Antoni («Manchester Yunayted»), Rodrigu («Real»), Risharlison («Tottenhem»), Rafinya («Barselona»), Gabriyel Martinelli («Arsenal»), Pedru («Flamengo»), Gabriel Jyezus («Arsenal»).

Ko‘proq yangiliklar: