Ispaniya oltin davrini qaytara oladimi? 

Sport 21:03 / 23.11.2022 10279

O‘tmish aks-sadolari

Ispaniya nolinchi yillar boshida va so‘nggi o‘n yillik avvalida ikkita kuchli avlodga ega bo‘ldi. Hozir esa Yevropa va jahonni zabt etgan «qizil furiya»ning faqat aks-sadosi qolgan. Hozirgi tarkibda Yevro-2008 chempionlaridan hech kim yo‘q, JCh-2010 oltin medallarini qo‘lga kiritgan jamoadan esa birgina Serxio Buskets qolgan. Bugungi jamoaga o‘sha afsonaviy avlod vakillaridan faqat ikki kishi - u va Jordi Alba aloqador, ular Qatarda katta ehtimol bilan rotatsiya futbolchilari bo‘lishadi.

Ispaniya milliy jamoasi ham to‘pga egalik qilishga asoslangan va to‘p yo‘qotilganda darhol pressingga kirishishni nazarda tutadigan futbolni targ‘ib etadi. Ammo endi bu tayanch nuqtalari va ijrochilar boshqa bo‘lgan butkul boshqa jamoadir. Inersiya evaziga ispanlar hozirgacha sayyoraning eng yaxshi jamoalaridan biri sifatida ko‘riladi. Tarkib qiymati (JCh ishtirokchilari orasida 5-o‘rinda) ham buni tasdiqlaydi, ammo shu bilan birga Ispaniya — turnirdagi eng yosh yettinchi jamoa (o‘rtacha yosh — 25,6 yil). Pedri, Gavi, Garsiya, Fati, Torres, Pino, Uilyams — ularning hech biri 22 yoshdan katta emas.

Murabbiyning kuchi

Ispaniya terma jamoasi deganda — birinchi navbatda jamoa o‘yinini belgilab beradigan yarimhimoya chizig‘i ko‘z oldiga keladi. Bir mamlakatda bir vaqtning o‘zida bu qadar ko‘p ijodkor futbolchilar jamlanishi kamdan kam uchraydigan holat. Ispaniyaning avvalgi avlodining chinakamiga omadi kelgandi. Ammo bu qadar ulkan salohiyatdan aql bilan foydalanish ham kerak bo‘ladi. O‘sha Ispaniya buni uddalagandi. Avvalgi namunadagi Ispaniya o‘zagi kataloniyaliklar uchburchagi Xavi — Buskets — Inesta uchligiga asoslangandi, bu futbolchilar har o‘yinda sehrli harakatlarni amalga oshirishardi. Ammo klubda doimo birga o‘ynaladigan top darajadagi futbolchilar uchun vaziyatlar yaratish boshqa ish, terma jamoa darajasida yangi jamoadoshlar bilan ham shu ishni takrorlash boshqa masala. Qolaversa, Messisiz.

Terma jamoa g‘alabalariga poydevorni Luis Aragones qo‘ygandi, u 2008 yili Yevropa chempionatida Ispaniya oltin davrini boshlab bergandi. Uning ishini Visente Del Boske davom ettirdi va o‘yin mexanikasini uzil-kesil kataloniyalik futbolchilar asosiga o‘tkazdi. Bir muddat turg‘unlik davridan keyin Luis Enrike yoshi o‘tib borayotgan tarkibni qabul qilib oldi, bu vaqtda jamoaning eng yaxshi davrlari eski va zamonaviy futbol chorrahasida qolgandi.

Ispaniyalik murabbiylar murakkab qarorlar qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Aragones Yevroga Raulni olib ketmagandi, Del Boske esa maydon markazida mahoratli futbolchilar juda ko‘payib ketgani tufayli Fabregas, Silva va Matani qurbon qilishga majbur bo‘lgandi, Enrike esa asta-sekinlik bilan avlodlar almashinuvini amalga oshirdi. Luis uchun bu ish begona emas, uning boshqaruvi davrida «Barsa» o‘yin uslubi timsoli bo‘lgan Xavi avvaliga asosiy tarkibni, keyin esa butunlay jamoani tark etgandi. Enrike Fabregas va Aleksis, keyinroq Pedroni qo‘yib yuborish bo‘yicha ham murakkab qarorlar qabul qilishiga to‘g‘ri kelgan.

2014/15 yillar mavsumida «Barselona»da trebl qayd etgani tufayli Enrike Ispaniya termasiga eng qiyin qarorlarni qabul qilishi mumkin bo‘lgan maqomda keldi. Va Luis bundan foydalandi. Murabbiy bu safar «PSJ»da kuchli mavsum o‘tkazayotgan Serxio Ramosdan voz kechishda ikkilanmadi. Uning o‘rniga «Valensiya»dan 22 yoshli Gilyamonni tarkibga jalb qildi. Kepani hatto uchinchi darvozabonlikka olib ketmadi, mamlakatdagi eng tajribali darvozabon David De Xeani esa hatto kengaytirilgan tarkibga kiritmagandi. Ularning o‘rnini «Atletik» Bilba, «Brentford» va «Brayton» klublari darvozabonlari egalladi.

Ammo Enrikening avtoriteti shunchalik kuchliki, uni gol urmaydigan, lekin pressingda foydali bo‘lgan Moratani asosiy forvard sifatida tanlashini kechirishadi. Pedri murabbiyning jamoadagi rolini shunday ta’riflagandi:

«U senga qoyadan sakrashni aytishi mumkin, ammo u buni shunday tarzda ifodalaydiki, sen buni qilishing kerakligi va barchasi yaxshi bo‘lishiga ishontiradi».

Bir jamoada juda ko‘p katta futbolchilar to‘planib qolganida, murabbiyning ishi ikkinchi planga o‘tib qolgandek ko‘rinadi. Ammo Aragones ham, Del Boske ham yulduzlarning eng yaxshi sifatlarini ochib beradigan aniq o‘yin tamoyillariga intilishgandi. Hozirgi Ispaniya termasi esa — uning bosh murabbiyining mualliflik loyihasi deyish mumkin.

Kuchlar muvozanati

Zamonaviy Ispaniya termasi «oltin» tarkibdan farq qiladi. O‘sha tarkibning asosiy yulduzlari so‘ralganida ko‘pchilik Inesta, Xavi, Vilya, Kasilyas nomlarini sanay boshlardi. Hozirgi tarkibdan biror futbolchini yaqqol ajratib olish qiyin — jamoani o‘z yelkasiga olishi mumkin bo‘lgan futbolchi sifatida Pedrini aytish mumkin, ammo bu yigitcha hali 19 yoshda va hozirda undan jasorat talab qilish o‘rinsiz. 18 yoshida asosiy tarkibga da’vogar bo‘lgan Gavi haqida nima ham deyish mumkin, axir uning uchun JCh-2022 faoliyatidagi ilk yirik xalqaro turnir bo‘lsa? Masalan, Yevro-2008 turnirida Andres Inesta 24, Xavi — 26 yoshda edi.

Ammo Ispaniya termasida asosiysi — uslub saqlanib qolgan. Luis Enrike har bir futbolchining vazifalari va roli aniq belgilangan tuzilma yaratdi. Bu yerda asosiy yulduz yo‘q, lekin maydon markazi yosh futbolchilardan tarkib topgan va muntazam gol uradigan futbolchi bo‘lmasa ham, natija va gollar bo‘laveradigan tizim mavjud.

«Jamoamiz qaysi futbolchi maydonga tushishiga qarab o‘yin uslubini o‘zgartirmoqchi emas. Har bir futbolchi unikalligi bor gap. Ammo ular hech qanaqasiga tizimni va o‘yin uslubini o‘zgartira olmaydi. Bu kulgili bo‘lgan bo‘lardi», — deydi Enrike.

Bu Ispaniya o‘zining g‘alabali yillarida amal qilgan yoki shunga o‘xshash qoida. Bugungi jamoaning jozibasi ham shunda — bu baribir o‘shanday jamoa va bir vaqtning o‘zida butunlay boshqacha.

Ispaniyaning JCh-2022 uchun tarkibi

Darvozabonlar: Unai Simon («Atletik»), David Rayya («Brentford», Angliya), Robert Sanches («Brayton», Angliya).
Himoyachilar: Pau Torres («Vilyarreal»), Erik Garsiya, Jordi Alba (ikkisi — «Barselona»), Xose Gayya, Ugo Gilyamon (ikkisi — «Valensiya»), Sesar Aspilikueta («Chelsi», Angliya), Daniel Karvaxal («Real»), Emerik Lyaport («Manchester Siti», Angliya).
Yarimhimoyachilar: Serxio Buskets, Gavi, Pedri (barchasi — «Barselona»), Koke, Markos Lorente (ikkisi — «Atletiko»), Karlos Soler («PSJ», Fransiya).
Hujumchilar: Inyaki Uilyams («Atletik»), Alvaro Morata («Atletiko»), Marko Asensio («Real»), Ferran Torres, Ansu Fati (ikkisi — «Barselona»), Pablo Sarabiya («PSJ», Fransiya), Yyeremi Pino («Vilyarreal»), Dani Olmo («Leypsig», Germaniya).

Ko‘proq yangiliklar: