Germaniya yosh iste’dodlarni jamlagan. Qatarda ular haqiqiy imkoniyatlarini ko‘rsata oladimi?

Sport 17:52 / 23.11.2022 11859

Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan keyingi turnir

Nemis futbolining so‘nggi o‘n yillikdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri Roys terma jamoalar miqyosidagi navbatdagi yirik turnirni o‘tkazib yubormoqda. Va yana jarohat tufayli, Marko Yevro-2020 turniriga borishi mumkin edi, ammo o‘shanda u yangi mavsumga tiklanish uchun tarkibga qo‘shilmaslikka qaror qilgandi. Hozirda barchaga tushunarliki, unda endi boshqa imkoniyat bo‘lmaydi, bu safargi jahon chempionati esa Noyyer va Myuller kabi tajribali futbolchilar uchun xayrlashuv chempionati bo‘ladi. O‘tgan yozda ularning avlodi vakillaridan yana ikki kishi, Kroos va Hummels asosiy jamoadagi faoliyatini yakunlagandi.

Nemislarning oltin avlodi ketmoqda, JCh-2014 finalidagi gol muallifi bo‘lgan Gyotse besh yillik tanaffusdan keyin jamoaga qaytarilgani shonli o‘tmish bilan aloqa bog‘lashga urinish emas, balki porloq kelajakka ko‘prik qurish istagiga o‘xshab ko‘rinmoqda. Bunday kelajakda jamoa o‘tgan safargi mundialdagi kabi guruhda oxirgi o‘rinda qolmasligi yoki o‘tgan safargi Yevropa chempionatidagi kabi pley-offning ilk o‘yinidayoq turnirni tark etmasligi kerak. O‘sha natijalar — nemislar o‘z tizimli yondashuvini bugungi davrga moslashtira olmagani natijasi bo‘lgandi. Ularda avlodlar almashinuvi kechikdi, keyin esa qayta qurish boshlagan Yoaxim Lyov ishdan bo‘shatildi.

Albatta, Hansi Flikka jamoa juda yomon holatda meros qilib qoldirildi deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi, ammo nemislar jamoasida o‘zgarishlar shamoli «Bavariya» bilan barcha sovrinlarni (jumladan, YeChL g‘olibligi) yutgan murabbiy kelgach esa boshladi. Lekin Flikni ham sehrgar deb bo‘lmaydi. Aks holda Myunxenda unda ikkinchi mavsumda murakkabliklar yuzaga kelmagan, transferlar siyosatidagi kelishmovchilik tufayli klub rahbariyati bilan munosabatlar boshi berk ko‘chaga kirib qolmagan bo‘lardi.

Darvoqe, «Bavariya»ga Flik dastlab yosh futbolchilarni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis sifatida taklif etilgandi va u bosh murabbiylikka tayinlangach ham yoshlar uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tishda davom etdi. Shunday ekan, qayta qurish bosqichidagi milliy jamoa uchun (vaqt chegaralangani inobatga olinganda ham) — Hansi ideal boshqaruvchiga aylandi. Lekin bu yerda vaziyat «Bavariya»dagi kabi emas. Hozirgi Germaniya — ko‘proq kelajak uchun qurilayotgan jamoa, bu jamoa Qatarda toblanishi, Yevro-2024'da kamol topishi va undan keyingi jahon birinchiliklarida dahshatli kuchga aylanishi mumkin.

Timo Verner. Foto Global Look Press

Eng yaxshi to‘purarsiz

Umuman olganda, hozirda terma jamoada mamlakatning deyarli barcha asosiy iste’dodlari jamlangan, faqat xochsimon paylari yirtilib ketganidan keyin formasini tiklay olmagan Virs bundan mustasno. Havers hozir 23 yoshda. Shlotterbek — 22, Kochap va Adeyyemi — 20 yosh. Musiala — 19, Mukoko esa JCh ochilish kuni 18 yoshga kirdi. Mukokoning tarkibga jalb etilishi zayavkadagi asosiy syurpriz bo‘lishi mumkin, lekin bu ham nisbiydir.

Ushbu futbolchi bu mavsumda chindan ham yaxshi o‘ynamoqda, Dortmund klubida tajribali Modest bilan raqobatda yutib chiqdi. Albatta Vernerning jarohat olishi ham rol o‘ynadi, u «Chelsi»da qulay vaziyatlardan yo‘qqa chiqarish orqali memlar qahramoniga aylangan bo‘lsa-da, milliy jamoada to‘purarlik qobiliyatini namoyish etib, butun Germaniya ardog‘ida edi. Flik davrida «Leypsig»ga qaytgan Verner 15 o‘yinda maydonga tushdi va to‘rt parametr bo‘yicha eng yaxshisi bo‘ldi: urilgan gollar (8), zarbalar (33), raqib jarima maydonida to‘pga teginish (89) va kutilgan gollar soni (7,1).

Bunday ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan va jamoa tizimiga moslashgan futbolchining safdan chiqishi — jiddiy zarba. Ammo aytish kerakki, Vernerning jamoa uchun ahamiyati Kimmih yoki Ryudigernikichalik emasdi. Nemislarda hujum chizig‘i baribir kuchli, Sane, Gnabri, Havers va yoshlar ko‘p narsaga qodir. Musiala aql bovar qilmas mavsum o‘tkazmoqda va dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylanishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Ammo nemislarga yoshlik ishtiyoqining o‘zi yetarli bo‘ladimi? Jamoada faxriylarning katta tajribasi ham bor, ammo ikki yirik turnirdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Germaniyaning turnirdagi istiqboli haqida aniq gap aytish qiyin bo‘lib qolmoqda. Nemislar bir o‘yinda Italiyani yirik hisobda mag‘lub etishi (5:2), keyin esa Vengriyaga qarshi ikki o‘yinda atigi bir ochko bilan kifoyalanishi yoki Angliyaga qarshi o‘yinda ikki gol ustunligini boy berishi mumkin. Ha, bu voqealar natijasi u qadar ahamiyatli bo‘lmagan Millatlar ligasida ro‘y bergan. Lekin shu o‘yinlar bu safar to‘rt yillikning asosiy turniri arafasidagi sinov janglari bo‘lib chiqdi. Bu raqiblar esa Germaniya saralash bosqichida osonlik bilan tor-mor keltirgan raqiblar darajasida emasdi. Qatarda yaxshi natija ko‘rsatish uchun nemislar boshqa darajaga chiqishi kerak. Lekin ular hozirning o‘zida bunga tayyormi?

Germaniya termasining JCh-2022 uchun tarkibi

Darvozabonlar: Manuel Noyyer («Bavariya»), Mark-Andre ter Shtegen («Barselona»), Kevin Trapp («Ayntraxt»).
Himoyachilar: Armel Bella-Kochap («Sauthempton»), Mattias Ginter («Frayburg»), Kristian Gentner («Shtutgart»), Tilo Kerer («Vest Hem»), Lukas Klosterman («Leypsig»), David Raum («Leypsig»), Antonio Ryudiger («Real»), Niko Shlotterbek («Borussiya» D), Niklas Zyule («Borussiya» D).
Yarimhimoyachilar: Karim Adeyyemi («Borussiya» D), Yulian Brandt («Borussiya» D), Niklas Fyullkrug («Verder»), Leon Goretska («Bavariya»), Mario Gyotse («Ayntraxt»), Ilkay Gundo‘g‘an («Manchester Siti»), Yonas Hoffman («Borussiya» M), Yozua Kimmih («Bavariya»), Jamol Musiala («Bavariya»).
Hujumchilar: Yussuf Mukoko («Borussiya» D), Tomas Myuller («Bavariya»), Leroy Sane («Bavariya»), Serj Gnabri («Bavariya»), Kay Havers («Chelsi»).

Ko‘proq yangiliklar: