JCh-2022. Argentina Messining goliga qaramay, Saudiya Arabistoniga sensatsion mag‘lubiyatga uchradi

Sport 17:10 / 22.11.2022 27501

S guruhi 1-turi doirasida musobaqa favoriti Argentina Saudiya Arabistoni milliy jamoasiga qarshi saf tortdi. Uchrashuvning 10-daqiqasidayoq Messi penaltidan hisobni ochgach, shu kuni Janubiy Amerika jamoasi Osiyo vakilini yirik hisobda taslim etishi taxmin qilingandi.

Ammo Erve Renar shogirdlari o‘yinning ikkinchi bo‘limida maydondagi vaziyatni butkul o‘zgartirishdi. 48-daqiqada Ash-Shahri jarima maydoniga yorib kirib, stadionni larzaga keltirdi – 1:1. 

Foto: Getty Images

Oradan 5 daqiqa o‘tmay, saudiyaliklarning ketma-ket hujumlaridan so‘ng Salim Ad-Dovsariy ajoyib zarbasi bilan Martines darvozasi to‘qqizligini  nishonga olib, barchani karaxt ahvolga soldi – 2:1.

O‘yinning qolgan daqiqalarida Argentina har qancha hujumkor to‘p surmasin, saudiyalik futbolchilar mardonavor qarshilik ko‘rsatgan holda musobaqadagi ilk sensatsiyani rasmiylashtirishdi.

Shu tariqa, Saudiya Arabistoni guruhda kutilmaganda 1-o‘rinda bormoqda. Ikkinchi o‘yin bugun, 22 noyabr kuni Meksika va Polsha o‘rtasida o‘tadi. 

Foto: Getty Images

JCh-2022. S guruhi. 1-tur. 
Argentina – Saudiya Arabistoni 1:2

Gollar: 1:0 – 10, penalti Messi, 1:1 – 48 Ash-Shahri, 1:2 – 53 Ad-Dovsariy.
Argentina – Martines, Molina, Otamendi, Romero (Martines, 59), Talyafiko (Akunya, 71), Di Mariya, Gomes (Alvares, 59), Paredes (Fernandes, 59), De Paul, Messi, Martines.
Saudiya Arabistoni – Al-Ovays, Abdulhamid, Al-Bulayhiy, Tombakti, Ash-Shahroniy (Al-Breyk 90), Ad-Dovsariy, Al-Faraj (Al-Obid, 45; Al-Amriy, 88), Kanno, Al-Malki, Al-Bureykan (Assiriy, 89), Ash-Shahri (Al-Ganam, 78).
Ogohlantirishlar: Al-Malki (67), Al-Bulayhiy (75), Ad-Dovsariy (79), Abdulhamid (82), Al-Obid (88), Al-Ovays (90).

Ko‘proq yangiliklar: