Fransiya chempionlik himoyasiga kirishadi. Benzema yo‘q, barcha umid Mbappedan

Sport 20:09 / 22.11.2022 13361

Millatlar ligasidagi tajribalar

Tarixda amaldagi jahon chempioni o‘z titulini saqlab qolishi faqat ikki bor kuzatilgan. Italiya — o‘tgan asrning 30-yillarida va buyuk Braziliya — 1958 va 1962 yillarda. Bundan tashqari, amaldagi chempionlar sifatida Argentina 1990 yilda, Braziliya 1998 yilda finalga qadar yetib kelgan.

Bu statistikadan kelib chiqqan holda, Fransiyaning yangi triumfi sodir bo‘lishiga ishonish qiyin. Qatardagi turnirdan keyin o‘rnini Zinedin Zidanga bo‘shatib berishi aytilayotgan Dide Deshamning o‘zi ham yana bir bor bu haqda eslatib o‘tdi: «Eng yuqori saviyadagi turnirda g‘olib chiqish qiyin, titulni saqlab qolish esa bundan ham qiyinroq».

Va bu diplomatlarga xos bo‘lgan navbatchi iboralar emas, balki obektiv reallikni aks ettiradigan gapdir, jamoaning ishlari unchalik joyida emas. Holbuki uchranglilar tarkibi e’lon qilinganida barcha Fransiyaning kuchli hujum chizig‘iga e’tibor qaratgandi. Aniqrog‘i — hujum chizig‘i vakillaridan ikkita teng kuchli uchlik tashkil etish mumkinligiga.

Mbappe, Jiru, Grizmann, Koman, Dembele — bular murabbiylar uchun yoqimli bosh og‘rig‘idir. Ammo bu ro‘yxatda yana ikki familiya bo‘lishi kerak edi. Jamoa mashg‘ulotlarida Nkunku jarohat olib safdan chiqishidan keyin bir amallab uning yo‘qligini bilintirmaslik mumkin edi, ammo Benzemaning yangi jarohati — chinakamiga sport fojiasi bo‘ldi. Milliy jamoadan bir necha yilga chetlatilgani tufayli chempionlik turnirida bo‘lmagan va so‘nggi yillarda ikkinchi yoshligini boshdan kechirib, «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan futbolchi endi jahon chempioni bo‘la olmasligi aniq.

Karim Benzema. Foto Reuters

Shunday ekan, muxlislardagi xursandchilik vahimali xavotirga almashdi. Bungacha ham bosh murabbiy o‘rta chiziqdagi muammolarni qanday yopish haqida bosh qotirayotgandi. Chunki endi 2018 yilgi jahon chempionatidagi asosiy figuralar yo‘q — ikki kishi uchun o‘ynay oladigan Kante, universal Matyuidi va doim terma jamoa safida o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etadigan Pogba.

Shu bilan birga, bu kutilmagan muammolar emasdi, maydon markazi yangilanishi oldindan ma’lum edi va Desham Millatlar ligasida uch markaziy himoyachidan iborat sxemadan foydalangan holda faol tajribalar o‘tkazdi. Aftidan, bu variant tayanch zonasidagi kamchiliklarni niqoblash variantlaridan biri sifatida sinovdan o‘tkazilgan. Faqat buni muvaffaqiyatli deyish qiyin, shuning uchun, jahon chempionati uchun tarkib e’lon qilinganida, Desham aniq qilib aytdi: terma jamoa himoyachilar kvartetiga qaytadi.

Barcha umid Mbappedanmi?

Umuman olganda, bu mantiqiy qaror edi, chunki Varan va Kunde jarohatdan sog‘ayib safga qaytishdi. Maydon markazi uchun qanday yechim bo‘lishi — so‘roq ostida. Yil davomida o‘ynab kelingan 4-3-3 varianti asosiysi, bunda maydon markazida futbolchilar soni ko‘proq bo‘ladi. Ammo ayrim ekspertlar Desham Rossiyada unga sovrin keltirgan 4-2-3-1 sxemasiga qaytishini taxmin qilmoqda.

Bu sxemada Grizmann hujum uchidagi Jiruning ortiga joylashgandi. Mbappe qanotdan hujum uyushtirgan, chap qanotda esa ko‘proq raqib o‘yinini buzishga e’tibor qaratgan Matyuidi harakatlangan, u mudofaalanish vaqtida qanotni yopishi ham, vaziyatga qarab markazga ko‘chishi va havbeklar sonini uch nafarga oshirishi ham mumkin edi. Ammo hozirgi jamoada bunday vazifalarni bajara oladigan futbolchi bormi?

Kilian Mbappe. Foto AFP

Muayyan shartlar bilan bunday rolni Genduziyga yoki yaxshi formaga kirgan Raboga topshirish mumkin. Tayanch yarimhimoyasidagi ishlarni esa Tshuameni — Fofana juftligi bajarishi mumkin. Ular «Monako»da birga o‘ynashgan, bu juftlik maydon markaziga javobgar edi va monegaskliklar o‘yin uslubi terma jamoanikiga o‘xshab ketadi.

Desham o‘zi hali yakuniy qarorni qabul qilmagan bo‘lishi mumkin, u nimani o‘ylayotgani Avstraliyaga qarshi tanlangan boshlang‘ich tarkib e’lon qilingandagina ma’lum bo‘ladi. Bu tarkib ko‘p narsani belgilab beradi, chunki tizimli va barqaror Daniyaga qarshi o‘yinda tajribalar uchun vaqt bo‘lmaydi. Qolaversa, bu raqiblar bir-birini yaxshi o‘rgangan, Millatlar ligasida o‘zaro o‘yinlarda bir martadan g‘alaba qozongan.

Ammo agar Fransiya guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tibgina qolmay, futbolchilarning ideal kombinatsiyasini topa olsa, chempionlar pley-offda uzoqqa borishi mumkin. Shuningdek, o‘zining to‘rtinchi mundialiga kelgan va Terri Anrining rekordini takrorlagan Lloris uyaltirmasligi talab etiladi. Yoshi o‘tib borayotgan posbon «Tottenhem»da vaqti-vaqti bilan qovun tushirmoqda va murabbiy darvozani qo‘riqlashni Menyanga topshirsa, xotirjamroq bo‘ladi.

Hujum yulduzlaridan esa barcha ehtimoliy xatolarga raqib darvozasi oldida javob qaytarish talab etiladi. Endilikda — Benzema yo‘qligida — barchaning e’tibori Mbappega qaratiladi. Qolaversa, u yaqinda terma jamoada klubdagidan ko‘ra ko‘proq erkinlikka ega ekanini aytgandi. Uning uchun Parijdagi Messi va Neymarning soyasidan chiqishning ayni payti keldi.

Fransiyaning JCh-2022 uchun tarkibi

Darvozabonlar: Yugo Loris («Tottenhem»), Alfons Areola («Vest Hem»), Stiv Mandanda («Renn»).
Himoyachilar: Lyuka Ernandes, Dayo Upamekano, Benjamen Pavar (barchasi — «Bavariya»), Teo Ernandes («Milan»), Aksel Disasi («Monako»), Ibrohim Konate («Liverpul»), Jyul Kunde («Barselona»), Uilyam Saliba («Arsenal»), Rafael Varan («Manchester Yunayted»).
Yarimhimoyachilar: Eduard Kamavinga, Orelen Tchuameni (ikkisi — «Real»), Yussuf Fofana («Monako»), Matteo Genduziy, Jordan Veretu (ikkisi — «Marsel»), Adrian Rabo («Yuventus»).
Hujumchilar: Kingsli Koman («Bavariya»), Usmon Dembele («Barselona»), Olive Jiru («Milan»), Antuan Grizmann («Atletiko»), Kilyan Mbappe («PSJ»), Markus Tyuram («Borussiya» Menxengladbah).

Ko‘proq yangiliklar: