To‘rt karra jahon chempioni Sebastyan Fettel «Formula-1»dagi faoliyatini yakunladi

Sport 11:13 / 21.11.2022 7695

Germaniyalik poygachi, to‘rt karra jahon chempioni Sebastyan Fettel 20 noyabr, yakshanba kuni «Formula-1»dagi so‘nggi poygasini Abu-Dabida o‘tkazgan holda muvaffaqiyatli sport karerasini yakunladi.

Fettel 299 ta «Formula-1» Gran-prisida qatnashgan, 52 ta poygada g‘alaba qozongan va 122 marta shohsupaga ko‘tarilgan. Avtosport yulduzi 57 marta poul-pozitsiyadan start olgan (saralash natijalariga ko‘ra poygachi egallagan avtomobilning eng qulay pozitsiyasi). O‘zining so‘nggi poygasida u o‘ninchi o‘rinni egalladi va haydovchilar reytingida bir ochko jamg‘ardi. Abu-Dabidagi poygadan so‘ng, u "Aston Martin" jamoasiga minnatdorchilik bildirdi. Aynan o‘sha yerda 2010 yilda 23 yoshida u «Formula-1» bo‘yicha eng yosh jahon chempioniga aylangandi.

«Men yana bir necha ochko olishni istardim, lekin menga poyga yoqdi. Poyga boshida hammasi boshqacha bo‘lishini ma’qul ko‘rardim, ammo ba’zida shunday ham bo‘ladi. Bugun bizda yaxshi strategiya bo‘lmadi, - dedi Sebastyan Fettel. - Lekin, albatta, bu ajoyib kun, qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun barcha muxlislarga katta rahmat».

Iyul oyida 35 yoshli pilot 2022 yilgi mavsum oxirida «Formula-1»dagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgandi.

Fettel 2007 yilda "BMV-Zauber" tarkibida debyut qilgan, shundan so‘ng u "Toro Rosso", "Red Bull", "Ferrari" va "Aston Martin" jamoalarida bo‘lgan. Ikki yil avval u 2020 yilgi «Formula-1»mavsumining 14-poygasi - "Turkiya Gran-prisi"da uchinchi o‘rinni egallagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: