«Ehtimol, bu men uchun oxirgi mundial» – Messi bilan matbuot anjumani

Sport 22:30 / 21.11.2022 16158

Jahon chempionati 1-turi doirasidagi Argentina – Saudiya Arabistoni o‘yinidan oldin argentinaliklar sardori Lionel Messi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tribuna.uz muxbiri yulduz futbolchi ishtirokidagi anjumanda qatnashdi.

O‘yin oldidan Messi jamoaviy mashg‘ulotlarga qo‘shilgani va bahsga tayyorligini ma’lum qildi.

«Ha, JCh-2022 startidan avvalgi ba’zi mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmadim, ammo hozir hammasi yaxshi. Yakka tartibda shug‘ullandim, keyin esa jamoaviy mashg‘ulotlarga qo‘shildim. Hozirda ruhiy va jismoniy jihatdan juda yaxshi holatdaman.

Bu jahon chempionati avvalgilaridan farq qiladi, ammo ularning hammasida bitta o‘xshashlik bor: bu mundial, undagi har bir o‘yin o‘zgacha.

Bu oxirgi mundialim degan xayol bilan band emasman. Jiddiy o‘yinlarga tayyorlanyapman, hozir shunaqa kayfiyatdaman. Ehtimol, bu men uchun oxirgi mundialdir. Shu bois, JCh-2022 – men va Argentinaning birgalikdagi orzumizni ro‘yobga chiqarish uchun so‘nggi imkoniyat. 

Avvalgi muvaffaqiyatli o‘tmagan jahon chempionatlaridan qanday xulosa chiqarganman? Xatolarni o‘ylamay, eng avvalo maydonda odatdagi ishimizni qilishimiz kerak. O‘zimizni yaxshi his qilyapmiz, o‘yinlar og‘ir bo‘lishini kutyapmiz. Bosimni yengib, shunchaki futbol o‘ynashimiz talab etiladi. O‘yin boshidan to oxirgi soniyalargacha.

Butun dunyoda mundialni yutishimni istashadi? Bu ajoyib, bizni juda ko‘p muxlislar qo‘llab-quvvatlayotganini his qilamiz va ularga g‘alabani taqdim etish uchun borimizni beramiz. Maydonga tushish va raqibdan ustun kelish talab etiladi.

Sardor sifatida jamoamni qanday qilib ruhlantiraman? Bilasizmi, shaxsan o‘zim ham hayajondaman. Ha, oldingi turnirlarda ham ishtirok etganman, bu o‘ziga xos tajriba bo‘ladi. Maqsadimiz aniq – turnirda g‘olib bo‘lish. Biz o‘tmish haqida emas, bo‘lajak o‘yinlar haqida o‘ylab, o‘z kuchimizni sinab ko‘rishda davom etamiz.

Jamoadagi o‘yinchilarga gapirish oson emas, shunchaki har bir lahzadan rohatlanish kerak. Ularning yoshida menda ko‘p narsa amalga oshmagan. Ammo har bir o‘yinchi unutmasligi kerakki, jahon chempionatida hali yana ishtirok eta olasanmi yoki yo‘q – buni hech qachon bilmaysan. Shunday ekan, fursatdan foydalanib, boringni ko‘rsatishing lozim.

Avvalgiga qaraganda ko‘proq kula boshladim? Yosh o‘tgan sayin odam o‘zgararkan, hozir kichik detallardan xafa bo‘lmay qo‘ydim. Hozir har bir lahzadan rohatlanish men uchun barchasidan muhimroq», deya Messining so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

  • Messi uchun bu beshinchi jahon chempionatidir. 2014 yilda u Argentina bilan finalga chiqqan, ammo jamoa Germaniyaga yutqazib, jahon vitse-chempionligi bilan kifoyalangandi.
  • Argentina termasi bu safar C guruhida Saudiya Arabistoni (22 noyabr), Meksika (26 noyabr) va Polsha (30 noyabr) jamoalariga qarshi bahs yuritadi.
Ko‘proq yangiliklar: