220 milliard dollar - Qatar tarixdagi eng qimmat jahon chempionatini o‘tkazadi

Sport 15:21 / 18.11.2022 35942

Taqqoslanadigan bo‘lsa, bundan oldingi eng qimmat jahon chempionati 2018 yilda Rossiyada o‘tkazilgan va unga qariyb 15 milliard dollar sarflangan edi. Qatar esa bundan 15 marta ko‘p xarajat qilyapti. Bu pullar nimalarga sarflangani qiziq.

2022 yilgi jahon chempionati budjetiga bevosita futbol bilan bog‘liq bo‘lmagan infratuzilma loyihalari ham kiritildi

Sodda tushuntiriladigan bo‘lsa, Qatar jahon chempionati bahonasida mamlakatni modernizatsiya qildi.

Bu rejalar mezbonlik uchun ariza topshirish jarayonida e’lon qilindi. Qatar jahon chempionatini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan infratuzilmaga mablag‘ ajratilishi va sarflanishini kafolatladi.

«Zarur infratuzilma» tushunchasi tashkilotchi tomonidan imkon qadar kengroq talqin qilinishi mumkin. O‘yinlarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan, sig‘imi, xavfsizligi va qulayligi bo‘yicha FIFA talablariga javob berishi kerak bo‘lgan stadionlardan tashqari, tashkilotchilar budjetga chempionat o‘yinlari o‘tkaziladigan shaharlarda quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan turli obektlarni ham kiritdi. Va bu xarajatlar sport arenalarini qurish smetasidan oshib ketdi.

JCh-2022 budjetiga Qatarni modernizatsiya qilish bo‘yicha barcha xarajatlar kiritildi

Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun sarflanadigan xarajatlar markazida mamlakatni modernizatsiya qilish masalasi yotadi.

Masalan, 8 ta stadionning qurilishi (yettitasi noldan, yana bittasi keng ko‘lamli rekonstruksiya) tashkilotchilarga 6,5 milliard dollarga tushdi, bu e’lon qilingan budjetning taxminan 3 foizini tashkil qiladi, xolos.

Mablag‘ning qolgan qismi infratuzilma loyihalariga sarflandi. Ularning barchasi 2008 yilda qabul qilingan Qatar National Vision 2030 (QNV) davlat dasturi – Qatar milliy taraqqiyoti va modernizatsiyasi strategiyasining bir qismidir. Dasturning maqsadi «Qatarni 2030 yilgacha barqaror rivojlanishga erisha oladigan ilg‘or jamiyatga aylantirish»dir.

QNV to‘rtta asosiy qismga bo‘lingan. Iqtisodiy qismi mamlakat iqtisodiy rivojlanishining xomashyo modelidan «bilimlar iqtisodiyoti»ga o‘tishini ta’minlaydi. «Inson salohiyati taraqqiyoti» bo‘limi ta’lim va sog‘liqni saqlash sifatini oshirishga qaratilgan. Ekologik qism atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni tavsiflaydi. Dasturning ijtimoiy qismida esa madaniy merosni asrab-avaylash, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilishdan tashqari, mamlakatda sportni ommaviylashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Jahon chempionatiga mezbonlik qilish QNV muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, u bir tomondan Qatarda sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan, mamlakatning fundamental o‘zgarishlar yo‘lidagi yutuqlarini dunyoga namoyish etadi.

Jahon chempionatining mamlakatni global modernizatsiya qilish dasturiga kiritilishi ham sof amaliy ma’noga ega: sanalari aniq ko‘rsatilgan va davlat ahamiyatiga ega yirik tadbir uchun obektlar qurilayotganda, pudratchilar belgilangan muddatni kechiktirish imkoniyatiga ega emas. JCh-2022 tashkiliy qo‘mitasi buni tan oladi.

«Jahon chempionati vaqtida jamoalar va muxlislar foydalanadigan yirik infratuzilma loyihalari, jumladan, yangi yo‘llar, metro, aeroport, mehmonxonalar va boshqa sayyohlik obektlari turnirni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritishimizdan oldin ham rejalashtirilgan edi. Bu loyihalar baribir amalga oshgan bo‘lardi, biroq Jahon kubogi albatta bu jarayonlarni tezlashtirdi. Endi mamlakat biz kutgan 1,5 million muxlisni qabul qila oladi», dedi JCh-2022 kommunikatsiyalar bo‘yicha bosh direktori Fotima Al-Nuaymiy.

Yangi haydovchisiz metro, ulkan aeroport, tezyurar yo‘llar tizimi, chuqur dengiz porti va kelajak shahri. Jahon chempionati uchun Qatar hukumati mamlakatni qayta qurdi

2022 yilgi jahon chempionati uchun Qatarda qurilgan obektlar ro‘yxati hayratlanarli. Poytaxt Dohada metro 2019 yilda ishga tushirilgan. Hozirda 37 ta stansiya va uzunligi 76 km bo‘lgan to‘rtta liniyadan uchtasi ishlamoqda. Yo‘lovchilarga 107 km/soat tezlikka ega ultra zamonaviy haydovchisiz poyezdlar xizmat ko‘rsatadi. Metro qurilishi uchun mamlakat 40 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Foto: Reuters

Darvoqe, Qatarda metro qurishga amaliy ehtiyoj yo‘q edi – mamlakat aholisi asosan shaxsiy transport vositalarida harakat qilardi. Biroq QNV ekologik qismi 2030 yilga borib, qatarliklarning 20 foizi jamoat transportiga o‘tishini nazarda tutadi.

Foto: AP

Yana bir yirik loyiha – 2014 yilda ochilgan Hamad International xalqaro aeroporti (qiymati 16 milliard dollar). Undan oldingisi – Qatar xalqaro aeroporti ham eski emasdi va dunyodagi eng yaxshi aeroportlar reytingiga kiritilgandi. Ammo qatarliklarning ortib borayotgan ambitsiyalariga javob bermadi. U yiliga 12 million yo‘lovchini qabul qilishi mumkin edi. Yangisi 60 milliongacha.

Foto: AP

Qurilish materiallari yetkazilishini ta’minlash uchun Qatar 2016 yilda yangi Hamad portini (qiymati 7,5 milliard dollar) ochdi. U yiliga 7,8 million konteynerni qabul qilish imkoniyatiga ega. Buning uchun dengiz qirg‘og‘i tubi 17 metrgacha chuqurlashtirildi. Chunki, Doha ko‘rfazi ancha sayoz va katta konteyner kemalari Qatarga kira olmasdi. Mamlakatga jo‘natilgan yuk qo‘shni BAA portlarida tushirilib, kichik kemalar orqali Qatarga yetkazilardi. Endi logistikaning bunday muammosi yo‘q va portda yirik sayyohlik kemalarni qabul qiladigan katta terminal ham qurilgan. Jahon chempionati paytida muxlislarni joylashtirish bilan bog‘liq muammoni hal qilish uchun Qatar bunday laynerlarning bir nechtasini ijaraga oladi.

Foto: Reuters

Qatarda Jahon kubogi uchun Doha Expressway (qiymati 8 milliard dollar) qurib bitkazildi. Bu Doha va uning chekkalari uchun yangi yo‘l tarmog‘i bo‘lib, umumiy uzunligi 800 kilometrni tashkil etdi. U 95 ta chorraha, 200 ta ko‘prik, 90 ta yer osti yo‘laklari va 50 ta tunneldan iborat. Yangi yo‘l tizimi aqlli monitoring va nazorat qilish tizimi bilan jihozlangan. Yo‘llardan tashqari 450 km uzunlikda piyodalar va velosiped yo‘laklari ham qurildi.

Ammo JCh-2022 budjetining asosiy qismi Doha shimolidagi kichik qishloqcha o‘rnida yangi Lusail shahrini qurishga sarflandi. Uning maydoni 37 kv.km., doimiy aholisi 250 ming kishini tashkil qiladi.

Lusail kelajak shahri sifatida qurilgan bo‘lib, aholi va sayyohlarga qulay bo‘lish, atrof-muhitga zararni minimallashtirish maqsadida loyihalashtirilgan.

2022 yilgi jahon chempionati finali aynan Lusail shahrida, 80 ming o‘rinli Lusail Iconic stadionida bo‘lib o‘tadi.

Jahon chempionati yakunlangach, shahar o‘n minglab yuqori malakali xorijlik mutaxassislar maskani, xalqaro kompaniyalarning bosh qarorgohi joylashgan joy va jahon darajasidagi kurortga aylanishi, bu borada Dubayga raqobatchi bo‘lishi kerak.

Lusail loyihasining aniq narxi noma’lum. 2014 yilda Qatar hukumati uni 45 milliard dollarga baholagandi. Amerikaning Bloomberg nashri hisob-kitobiga ko‘ra, shundan beri kelajak shahri budjeti sezilarli darajada o‘sgan. Ular Jahon chempionati uchun barcha infratuzilma loyihalarining umumiy qiymatini 300 milliard dollarga baholamoqda.

Biroq mablag‘ sarflash bo‘yicha Qatar rekordi uzoqqa bormasligi mumkin. Agar 2030 yilgi jahon chempionati mezbonligi uchun Saudiya Arabistoni, Misr va Gretsiya qo‘shma arizasi g‘olib chiqsa, xarajatlar bundan ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Saudiyaliklar uchun o‘zaro munosabatlar sovuqroq bo‘lgan Qatardan o‘zib ketish masalasi sharaf bo‘ladi. Bundan tashqari, ayni paytda Saudiya Arabistoni va Misrda to‘rtta yangi shahar, jumladan, Misrning yangi poytaxti Vedian va bo‘lajak Neom shahrining Saudiyadagi versiyasi ham qurilmoqda. Saudiya Arabistoni esa Saudi Vision 2030 deb nomlangan mamlakatni modernizatsiya qilish rejasini amalga oshirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: