Mbappedan Keyngacha. JCh-2022ning eng qimmatbaho 10 futbolchisi

Sport 14:23 / 17.11.2022 10322

1. Kilian Mbappe (Fransiya) – €160 mln

Rossiyada o‘tkazilgan avvalgi jahon chempionatida ham Mbappening bahosi «yuzlik»dan oshgan va 120 millionni zabt etgandi. O‘sha paytda Kilian hali endigina 19 yoshni qarshi olgandi. Oradan to‘rt yil o‘tib qahramonimiz ancha ulg‘aydi, uning mahoratiga ham tan bermay ilojimiz yo‘q. Fransuz «olmosi» oradan vaqt o‘tgani sayin yanada sayqallanib bormoqda. Mbappe allaqachon jahon chempioni tituliga ega, ammo o‘sha yulduzli tarkibdan aksariyati jarohat olganligi va ba’zilari umuman tarkibga kiritilmaganligini inobatga olsak, Mbappe boshchiligidagi fransiyaliklarning titulni himoya qilishlari ancha mushkul bo‘ladi.

Foto: Getty Images

2. Vinisius Junior (Braziliya) – €120 mln

JCh-2022 eng qimmatbaho o‘yinchilari ro‘yxatida braziliyalik futbolchining bo‘lmasligi adolatdan bo‘lmasdi. Bu safar Pele yurtdoshlaridan ushbu ro‘yxatga Vinisius Juniorning nomi kiritildi. «Real» hujumchisi faoliyatining eng yulduzli lahzalarini o‘tkazmoqda. Bugungi kunda ham u yuksak sport formasiga kirgan. «Real» safida joriy yilda Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan va finalda hal qiluvchi gol muallifi bo‘lgan Vinisiusdan braziliyalik muxlislar Qatarda ham aynan shunday yorqin o‘yinlar namoyish etishini kutishmoqda. Fikrimizcha, Junior ham ularni uyaltirib qo‘ymasa kerak.

Foto: Getty Images

3. Fil Foden (Angliya) – €110 mln

Ro‘yxatimizdagi dastlabki ingliz futbolchisi – Fil Foden. «Manchester Siti» a’zosi zamonamizning eng yorqin iste’dod egalaridan biri sanaladi. Fodensiz bugungi kunda «shaharliklar»ni ham, Angliya milliy jamoasini ham tasavvur etib bo‘lmaydi. Uning bahosi esa oydan oyga oshib bormoqda. Pep Gvardiola uni ba’zida Lionel Messiga ham qiyoslaydi va o‘z futbolchisini boshqa jamoaga va har qanday yuqori summaga sotib yubormoqchi emas. Fodenning Qatar yashil maydonlaridagi o‘yinini kuzatish barcha uchun qiziqarli va yoqimli bo‘lishi shubhasiz.

Foto: Getty Images

4. Pedri (Ispaniya) – €100 mln

«Barselona» yarimhimoyachisi ro‘yxatdan joy egalladi. 19 yoshli Pedrining nomi allaqachon butun Yevropaga tanilib ulgurgan. U nafaqat kataloniyaliklar, balki Ispaniya milliy jamoasining ham yetakchilaridan biri bo‘lishga ulgurdi. Pedrining qiymati esa yildan yilga oshib bormoqda. Aynan uning yordami bilan Ispaniya Qatardagi musobaqa bosh sovrini uchun kurashga kirishmoqchi.

5. Jud Bellingem (Angliya) – €100 mln

19 yoshli Jud Bellingem – unikal futbolchi. U angliyalik, biroq vatanidan uzoqda faoliyat yuritadi. Ammo u o‘z mahoratini allaqachon barchaga ko‘rsatib bo‘lgan. Dortmunliklar a’zosining ochilmagan qirralari hali ko‘p va uni o‘z safida ko‘rishni istaydigan klublar navbat kutib turishibdi. Biroq uning uchun «Borussiya» talab qilayotgan 120 mln yevro to‘lashga qodir jamoa topiladimi? Buni Qatardagi turnir hal qilishi mumkin.

Foto: Getty Images

6. Jamol Musiala (Germaniya) – €100 mln

Myunxenning «Bavariya» klubi hujumkor futbolchisi 19 yoshidayoq jahon miqyosidagi yulduzlar bilan tengma-teng o‘yin namoyish etmoqda. To‘g‘ri, unga biroz barqarorlik yetishmaydi. Qolaversa, Germaniya milliy jamoasi asosiy tarkibidan o‘rin ham hozircha kafolatlanmagan. Ammo bu vaqt masalasi. Musialaning bahosi esa kundan kunga ko‘tarilib bormoqda. Aynan Qatar maydonlarida uning yulduzi yorqin porlashi kutilmoqda.

Foto: Getty Images

7. Federiko Valverde (Urugvay) – €100 mln

Mazkur reytingda urugvaylik futbolchining joy olishini ehtimol hech kim kutmagandir, biroq «Real» safidagi yorqin o‘yinlari Valverdening mazkur ro‘yxatga kirishini ta’minladi. Madridliklar bundan olti yil avval Federikoni «Penyarol»dan bor-yo‘g‘i 5 mln yevroga sotib olishgandi, endi esa uning transfer qiymati 100 mln yevrogacha ko‘tarildi. Demak bu davr mobaynida Valverdening bahosi 20 barobarga oshgan. Avlodlar almashinuvi kuzatilayotgan Urugvay milliy jamoasida aynan Valverde ushbu musobaqada o‘z so‘zini aytishi mumkin.

Foto: Getty Images

8. Gavi (Ispaniya) – €90 mln

Ispaniya jahon chempionatida g‘oliblik uchun yaqqol favorit emas. Ammo jamoa baribir tarkibda bir qator kuchli va iste’dodli o‘yinchilarga ega bo‘lib, eng yuqori o‘rinlar uchun kurashishga qodir. «Qizil furiya» safida bir qator iqtidor egalari mavjud bo‘lib, shulardan biri Gavi hisoblanadi. Mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritgan «Barselona» a’zosi jahon chempionatida ham o‘zining noyob iqtidorini namoyish etishi mumkin.

Foto: Getty Images

9. Bukayo Saka (Angliya) – €90 mln

Bunga ajablanmang, ammo mazkur ro‘yxatda Angliyadan bir necha futbolchi o‘rin olgan. Shulardan biri Bukayo Saka. «Arsenal» a’zosi kelajagi porloq futbolchilardan biri. U «kanonirlar»ni ushbu mavsumda haqiqiy yetakchi sifatida Premer-ligada olg‘a boshlamoqda. Angliyalik muxlislar Bukayodan Qatar yashil maydonlarida ham shunday sermazmun o‘yin kutishmoqda. Ehtimol, Saka va Keyn kabi ro‘yxatdagi o‘yinchilar yordamida «uch sherlar» nihoyat ushbu mundialda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishar. Har holda Yevro-2020 finalchisi uchun bunday taxmin qilish ajablanarli emas.

10. Harri Keyn (Angliya) – €90 mln

«Tottenxem» to‘purari reytingning o‘nligini yopib berdi. Keyn ushbu o‘nlikning eng «faxriy» a’zosi sanaladi. 29 yoshni qarshi olganiga qaramay Harri ancha yuqori qiymatda – 90 million yevroga baholangan. Myunxenning «Bavariya» jamoasi ingliz goleadorini o‘z safiga qo‘shib olish uchun katta summa taklif etishga tayyor ekanligini bildirgan. Keyn Angliya milliy jamoasining ushbu mundialdagi asosiy yulduzi, uning hujum chizig‘idagi eng xavfli «qurolidir».

Foto: Getty Images
Ko‘proq yangiliklar: