O‘zbek muhandislari ilk marta metallurgiya va nano materiallar bo‘yicha xalqaro mukofotga loyiq ko‘rildi

Jamiyat 21:51 / 16.11.2022 15231

Koreyada 15 noyabr kuni o‘tgan 17-Xalqaro yangi va nano materiallar simpoziumi doirasida o‘zbek olimlari “Ammoniy oktamolibdati” va “Nikel asosida superqotishma” ishlanmalari bilan ishtirok etishgan.

Kashfiyot Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi natijasida kombinat mutaxassislari Abdurashid Hasanov, Elyorjon Jumayev, Amir Obidov, Ulug‘bek Ro‘ziyev va Farhod Maqsumov tomonidan ishlab chiqilgan. Bu haqda Kun.uz’ga kimyogar Elyorjon Jumayev ma’lumot berdi. Ular tayyorlagan ishlanma Koreya kukun metallurgiya va materiallar jamiyati tomonidan “Eng yaxshi ishlanma” mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston olimlari ilk marotaba ushbu mukofotni qo‘lga kiritishdi. Shu kungacha ushbu sovrinni faqatgina Koreya va Yevropa yetakchi ilmiy jamoalari olib kelishgan.

Foto: OKMK

Olimlarning tushuntirishicha, nikel asosli super qotishma, yuqori haroratda uzoq ishlashi, korroziyaga bardoshliligi va mustahkamligining stabilligi bilan boshqa nodir metallardan ajralib turadi. Ular hozirgi kunda dolzarb sohalar hisoblangan aerokosmik va yuqori haroratli sohalar, neft-gaz sohasi va avtomobilsozlikda juda muhim metal qotishma hisoblanadi.

“Simpozium davomida ushbu qotishma dunyoga mashhur inconel va hastelloy kabi hozirgi kunda aerokosmik va neft gaz sohalarida keng foydalanilayotgan materiallardan mexanik xususiyatlari yuqoriligi va iqtisodiy tarafdan ancha arzonligi bilan xalqaro jamiyat e’tiborini tortdi”, – deydi ixtiro mualliflari.

Ma’lum bo‘lishicha, ammoniy oktamolibdat mahsuloti ahamiyati haqida ham ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, bu mahsulot boshqa plastik mahsulotlarga qo‘shilganda olov so‘ndiruvchi va tutunni kamaytiruvchi xususiyatga ega. Bu esa hozirgi kunda global muammo hisoblangan yong‘inlar, chiqindi plastik mahsulotlari yonib ketib tabiatga zarar yetkazishi kabi muammolarga yaxshigina yechim bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda, mahsulot plastikka qo‘shiluvchi boshqa qo‘shimchalarga qaraganda zararsiz bo‘lib, O‘zbekiston nodir metallar sanoati uchun yangi yo‘nalish ochib bermoqda

Oldinroq Kun.uz 267 turdagi yangi qotishmalar kashf qilib, 6ta kashfiyoti uchun xalqaro patent olgan kimyogar olim Elyorjon Jumayev bilan suhbat uyushtirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: