JCh-2022 tanishtiruvi: tarkibiga yulduzlar sig‘magan, to‘pni yaxshi ko‘radigan Ispaniya

Sport 19:51 / 15.11.2022 21748

FIFA reytingidagi o‘rni — 7

JCh-2022 sari yo‘l — 6 g‘alaba, 1 durang, 1 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati — 15:5.

Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Ferran Torres (4)

JChdagi eng yaxshi natijasi — chempionlik (2010).

Guruh bosqichidagi o‘yinlari:

23 noyabr, 21:00. Ispaniya — Kosta-Rika

27 noyabr, 23:59. Ispaniya — Germaniya

1 dekabr, 23:59. Yaponiya — Ispaniya

TARKIB

Luis Enrike yakuniy ro‘yxatga 26 nafar futbolchini kiritdi.

Darvozabonlar: Unai Simon («Atletik»), Robert Sanches («Brayton»), David Rayya («Brentford»).

Himoyachilar: Dani Karvaxal («Real»), Erik Garsiya, Jordi Alba (ikkisi ham – «Barselona»), Emerik Laport («Manchester Siti»), Sesar Aspilikueta («Chelsi»), Pau Torres («Vilyarreal»), Xose Gayya, Ugo Gilyamon (ikkisi ham – «Valensiya»).

Yarimhimoyachilar: Rodri («Manchester Siti»), Serxi Buskets, Gavi, Pedri (barchasi – «Barselona»), Koke, Markos Lorente (ikkisi ham – «Atletiko»), Karlos Soler («PSJ»).

Hujumchilar: Alvaro Morata («Atletiko»), Ferran Torres, Ansu Fati (ikkisi ham – «Barselona»), Pablo Sarabiya («PSJ»), Niko Uilyams («Atletik»), Marko Asensio («Real»), Yyeremi Pino («Vilyarreal»), Dani Olmo («Leypsig»).

Darvozabonlar David De Xea («Manchester Yunayted») va Kepa Arrisabalaga; himoyachilar Serxio Ramos («PSJ»), Mark Kukurelya  («Chelsi»), Nacho Fernandes («Real»), Inigo Martines («Atletik» B), Markos Alonso («Barselona»); yarimhimoyachilar Tiago Alkantara («Liverpul»), Fabian Ruis («PSJ»), Serxio Kanales («Betis»); hujumchilar Jyerar Moreno («Vilyarreal») va Yago Aspas («Selta») chaqirilmadi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Simon — Karvaxal, Garsiya, Pau Torres, Alba — Rodri, Pedri, Gavi — Sarabiya – Morata – Ferran Torres.

BAHSLI QARORLAR

Ispaniya milliy jamoasi tarkibni e’lon qilish atrofida eng ko‘p bahslarga sabab bo‘ldi. Nega bunchalik munozara bor va Luis Enrikening tanlovlari to‘g‘rimi?

Darvozabonlar. De Xea va Kepani olmaslik? Ispaniya milliy jamoasi atrofidagi asosiy bahslar shu yerdan boshlanadi. Kepa ham, De Xea ham Yevro-2020dan oldingi holatidan farqli ravishda yaxshi holatda. Enrike tomonidan qaralsa, Unai Simon asosiy darvozabon sifatida tanlab bo‘lingan — u o‘tgan yili Yevropa chempionatida ham to‘liq o‘ynadi. Kepa ham, De Xea ham o‘rinbosar sifatida olinishi mumkin edi, ammo bunday yulduzlarning borligi Simonga bosim o‘tkazishi mumkin. Ko‘rinishidan, shuning uchun ikki yulduz rad etildi. Buning ustiga, David Rayya va Robert Sanches ham Premer-ligada o‘ynashadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ular De Xea va Kepadan qolishmaydi va, albatta, ularda avtoritet bosimi yo‘q. Bu — ular uchun birinchi turnir. 

Himoya. Serxio Ramosning chaqirilmagani ko‘pchilikni g‘azablantirdi. Futbol olami vakillaridan faxriy futbolchiga turli qo‘llab-quvvatlash so‘zlari yog‘ildi. Ramosga qarshilar jamoa Yevropa chempionatida usiz ham muvaffaqiyatga erishganini ta’kidlashmoqda, biroq yil davomida vaziyat o‘zgargan. Bir yil oldin Ramosning formasi yaxshi emasdi, ammo bu mavsumda u «PSJ»ning yangi bosh murabbiyi Krstof Galtening uslubida yaxshi ko‘rinmoqda va klub himoyasini eng yaxshi yillaridagidek mustahkamladi. Emerik Laport va Erik Garsiya jahon chempionatiga chaqirilgan bo‘lsa-da, o‘z klublarining asosiy o‘yinchilari emas. Albatta, asosiy himoyachi doimiy o‘yin amaliyotiga ega Pau Torres bo‘ladi, garchi hozir «Vilyarreal» yuqori o‘rinlarda bo‘lmasa ham. Ramosning zayavkaga kirmaganidan xursand bo‘lgan yagona odam — Ugo Gilyamon.  «Valensiya»ning 22 yoshli futbolchisi milliy jamoada bor-yo‘g‘i bitta o‘yin o‘tkazgan va turnirga borish unga tajriba uchun zarar keltirmaydi, ammo uning maydonga tushish imkoniyati kam.

Foto: Getty Images

Darvoqe, Ramosning milliy jamoaga chaqirilmagani murabbiy tomonidan yoshlarga yo‘l berish kerakligi bilan oqlandi. Ammo chap qanot himoyasidagi Xordi Alba 33 yoshda-ku. U Yevro-2012dan beri o‘ynamoqda. Himoyachi «Barselona»da asta-sekin o‘rnini yo‘qotmoqda. U milliy jamoada «Valensiya» sardori Xose Gayya bilan raqobatlashadi.

Yarimhimoya. Bu yerda ishlar joyidadek. Tayanch zonasida Rodri bor, shuningdek, tajribali Buskets. Tayanch yarimhimoyachisi oldida Gavi va Pedri o‘ynashi kutilmoqda, ularni Soler va Lorente almashtirishi mumkin. Bu yerda tanlov murabbiyga bog‘liq. Va agar u xato qilsa, barcha Tiago Alkantaraning chaqirilmaganini eslaydi.

Muxlislar Tiagoning tarkibga kiritilmaganidan norozi bo‘lishdi. U bu mavsumda «Liverpul» safida barcha musobaqalarda 12 o‘yinda maydonga tushdi va bir necha bahsni tizzasidan olgan jarohati tufayli o‘tkazib yubordi. Biroq kelib chiqishi braziliyalik bo‘lgan futbolchi o‘tgan mavsumni juda muvaffaqiyatli o‘tkazishda asosiy rol o‘ynagan va uning eng yaxshi ispan futbolchilari qatorida Qatarga uchib ketishini kutish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Muxlislar o‘zlarining noroziliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bildirishga qaror qilishdi:

«Ramos o‘rniga Garsiya?  Hattoki «Barsa» muxlislari ham bunga rozi bo‘lmaydi... Tiago Alkantara esa jarohat olganmi yoki boshqa sabab?! Enrike Ispaniyani o‘ldiryapti»

«U Braziliyani tanlashi kerak edi. Tiagoning Braziliya milliy jamoasi yarimhimoyasida qanday o‘ynashini tasavvur qiling»

«Tiago ham, De Xea ham, Ramos ham emas, balki Spotify («Barsa»ning homiysi) jamoasidan istalgan masxaraboz chaqiruv oldi»

«Umid qilamanki, ular muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, chunki Tiago u yerda emas».

Hujum. Markaziy hujumchiga yaqinroq Fati, Pino, Sarabiya, Asensio, Olmo, Uilyams harakat qilishi mumkin. Markazda esa Ferran Torres va Alvaro Morata. Markazdagi hujumchilar to‘purar emasligi jamoaga muhim bahslarda pand berishi mumkin. Masalan, saralashda Ferran atigi 4 gol bilan Ispaniya to‘purari bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Yevropa chempionatidan bir yil o‘tdi, bu vaqt ichida yosh jamoa hech qanday o‘sishga erishmagandek, faqat bahs-munozaralar va mish-mishlar bilan o‘ralgandek tuyuladi. Agar Enrike nima qilayotganini bilsa, unda munosib natija bo‘ladi. Aks holda, Germaniya va hatto Yaponiya ispanlarni jazolashi mumkin.

Keyin esa har bir futbolchining barcha kamchiliklari, statistikasi va barqaror emasligi esga olinadi.

MURABBIY VA O‘YIN USLUBI

Luis Enrike Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. U — futbolchi sifatida ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan kam sonli murabbiylardan biri. Luis futbolchiligida «Real»da 5 yil va «Barselona»da 8 yil o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan. Umuman olganda, u — ko‘p qirrali inson.

Faoliyatini yakunlagach, Enrike Avstraliyada bir muddat yashab, syorfing bilan shug‘ullangan. Shuningdek, u Nyu-York (2005), Amsterdam (2006), Florensiya (2007) marafonlarida, triatlon bo‘yicha Yevropa chempionatida qatnashgan.

Murabbiylik faoliyatini «Barselona» B jamoasida boshlagan, 3 yildan so‘ng «Roma»ni boshqargan va u yerda yomon natijalar tufayli bor-yo‘g‘i bir mavsum ishlay olgan. 2014 yil Enrike «Barselona» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Birinchi mavsum muvaffaqiyatli o‘tdi — jamoa treblga erishdi. Ammo jamoa natijalari pasayishda davom etdi va 2017 yil murabbiy shartnomani yangilamasligini ma’lum qildi.

2018 yil yozida Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyiga aylandi. Shartnoma 2 yilga mo‘ljallangandi. Ammo 2019 yil yozida u qizining o‘limidan so‘ng milliy jamoa bosh murabbiyligi lavozimini tark etdi. Biroz o‘tgach, Enrike Moreno boshchiligida Yevro-2020 saralashida muvaffaqiyatli qatnashgan jamoaga qaytdi. Ispanlar qit’a chempionatida yarimfinalgacha yetib bordi va bo‘lajak chempion Italiyaga penaltilar seriyasida yutqazdi. Etiborlisi, o‘shanda jamoaning yirik turnir uchun qaydnomasiga ilk bor «Real»dan birorta ham futbolchi kiritilmagandi.

Ispaniya milliy jamoasining o‘yin sxemasi: 4-3-3.

O‘yin uslubi: to‘pga egalik qilish, kutilmagan zarbalar va qanotdan xavfli hujumlar.

E’tiborni tortadigan jihat  zarbalar soni. Enrike davrida Ispaniya ko‘proq zarba berishni boshladi. Raqibni ajablantiradigan kutilmagan zarbalar ko‘p. Albatta, bu majburiy chora bo‘lib, uning ildizi har qanday vaziyatda ham o‘yinni keskinlashtira oladigan Xavi va Inesta kabi futbolchilar yo‘qligidan kelib chiqadi. Lekin muhimi, murabbiy jamoaga hujumda o‘ynashni biroz osonlashtirdi.

Va shunga qaramay, Ispaniya sevimli o‘yin uslubidan uzoqlashdi, deyish qiyin. To‘p uzatish va to‘pga egalik qilish hali ham ispan futbolining asosiy tarkibiy qismlari bo‘lib qolmoqda. O‘rtacha hisobda to‘p bilan muomala — 71 foiz.  Bu esa har bir o‘yinda 650-700 uzatma degani va ularning ko‘p qismi raqib jarima maydonchasida bo‘ladi.

YuLDUZLAR

Gavi — 18 yoshli vunderkind bolakay butun «Barselona» va milliy jamoaning yorqin kelajagi sifatida umid beradi.

U mamlakatning asosiy jamoasi safida 12 o‘yin o‘tkazishga ulgurdi, shuningdek, kataloniyaliklar yetakchilaridan biriga aylandi.

Yarimhimoyachi mehnatkashlik qobiliyati va ajoyib o‘yin zakovati bilan ajralib turadi, bu Xavini biroz eslatadi.

Bu yil Gavi Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etildi. U yana ko‘plab jahon chempionatlarida o‘ynashiga shubha yo‘q, lekin qachon g‘alaba qozonishni kutishdan ma’no bormi?

Foto: Getty Images

Pedri — deyarli Inesta, katta umidlar beradigan yana bir daho.

19 yoshli futbolchi jamoadoshi Gavidan farqli allaqachon katta turnirlarda o‘ynash tajribasiga ega — o‘tgan yili u Ispaniya milliy jamoasida Yevroda 3-o‘rinni oldi. U shunchaki o‘ynamadi, turnirning ramziy jamoasiga kiritildi va qit’a chempionatining eng yaxshi yosh o‘yinchisi deb topildi.

Pedri hamma joyda mavjud. U maydon markazida juda katta hududni egallab, himoyada ham, hujumda ham harakat qiladi. Qolaversa, yosh yigit maydonni mukammal ko‘radi va xavfli vaziyatlar yaratishni biladi.

Pedri milliy jamoa safida 14 o‘yin o‘tkazgan, eng muhimlari oldinda.

KUChLI VA KUChSIZ TOMONLARI

Kuchli tomonlari: istiqbolli futbolchilar, 1-raqamda o‘ynashi, ijodkorlik, qanotlar yaxshi ishlashi.

Kamchiliklari: yetakchi yo‘qligi, himoyadagi muvaffaqiyatsizliklar, bosim.

Foto: Getty Images

O‘yin jihatidan Ispaniya — Yevropaning eng kuchli jamoasi, u janubiy amerikaliklarning jahon chempionatidagi asosiy raqibi bo‘ladi. Bu o‘tgan yili Yevroda ham ko‘rindi, hozir maydon markazi yanada kuchliroq bo‘ldi. Ispanlarda 2000-yillar oxiridagi muvaffaqiyatni takrorlay oladigan juda istiqbolli avlod bor. 

Ispaniya har doim birinchi raqamda o‘ynaydi. Maydon markazida to‘p bilan muomala qilishdan ko‘ra samaraliroq narsa yo‘q, chunki bu butun o‘yinni nazorat qilishni anglatadi. Ispaniyaning o‘ziga xos uslubi bor, bu hammaga yaxshi ma’lum. Ularga qarshi o‘ynash hali ham nihoyatda qiyin. Shubhasiz, «qizil furiya» —  eng ijodkor jamoalardan biri.  Jamoaviy o‘yin joyida. Avvallari Xavi, Inesta, Santi Kasorla, Fabregas, David Silva va Xabi Alonso bor edi, endi esa Gavi, Pedri, Soler, Torres, Asensio, Olmo va Sarabiya. Hozirgi nomlar oldingisidek jarangdor emas, ammo istalgan raqibga tahdid sola oladi.

Jamoa qanotlarda ham ajoyib ko‘rinadi. Ispaniya raqib himoyasining e’tiborini o‘ziga qaratish va to‘pni qarama-qarshi qanotga o‘tkazish uchun jarima maydonchasi atrofida chalg‘ituvchi manyovr uyushtiradi.

Ispanlarga aynan nima yetishmayapti — maydondagi yetakchi. Ilgari ular ko‘p edi — Puyol, Ramos, Kasilyas, Alonso va Xavi. Endi bu borada muammo bor. Buning uchun Enrike Ramosni jamoaga qaytarishi kerak edi. Qolaversa, Serxio g‘alaba ta’mini bilardi va o‘z tajribasi bilan jamoaga katta yordam bera olardi.

Ispaniya har doim himoyada muayyan muammolarga duch kelgan. Albatta, doim xatosiz o‘ynash mumkin emas, ammo hozir bunga juda ko‘p yo‘l qo‘yishadi. Raqiblar qarshi hujumlarda jazolashi mumkin.  Buskets, Rodri, Pedri va Gavi yuqori darajani ko‘rsatib, qarshi hujumlarga imkon qoldirmasliklari kerak bo‘ladi.

PROGNOZ

Ispaniya guruh bosqichida muammoga duch kelmasligi kerak. Kosta-Rika va Yaponiya «qizil furiya» uchun jiddiy raqiblar emas. Nemislarga qarshi o‘yin esa pley-offgacha kuchni sinab ko‘rish nuqtayi nazaridan juda muhim bo‘ladi va katta ehtimol Enrike jamoasi guruhdan peshqadam sifatida chiqadi.

Foto: Getty Images

1/8 finalda Belgiya yoki Xorvatiya bilan qiyin o‘yin kutilmoqda. Ispanlar favoritga o‘xshaydi, ammo ularning imkoniyatlarini raqiblarinikidan ancha yuqori deb bo‘lmaydi.

1/4 finalda esa Ispaniyani ko‘p ehtimol jamoaning jahon chempionatidagi yurishiga nuqta qo‘yishi mumkin bo‘lgan Braziliya kutadi. «Pentakampeonlar» tarkibi va noqulay raqibligidan kelib chiqsak, ispanlar chorakfinaldan uyga qaytishlari mumkin.

A’zamjon Izzatillayev

Ko‘proq yangiliklar: