«Manchester Yunayted» Ronalduni shov-shuvli intervyusi uchun katta miqdorda jarima bilan jazolaydi

Sport 23:37 / 14.11.2022 18066

Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduni jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusi uchun jazolaydi.

Metro nashrining yozishicha, portugaliyalik futbolchi 1 million funt sterling miqdorida jarimaga tortiladi.

Avvalroq, Krishtianu Ronaldu The Sun nashri muxbiri Pirs Morgan bilan suhbatlashib, «Manchester Yunayted» o‘ziga xiyonat qilganini, bosh murabbiy Erik ten Hag esa o‘ziga nisbatan hurmatsizlik qilganini, klubni yaxshi ko‘rsa-da, tark etishga tayyorligini aytgan edi.

«Pikasso aytganidek, bir narsani yaratish uchun, oldin boshqa narsani yo‘q qilish kerak. Agar ular ishni mendan boshlamoqchi bo‘lsalar, bunda hech qanday muammo ko‘rmayapman. «Manchester Yunayted»ni yaxshi ko‘raman, muxlislarni yaxshi ko‘raman, ular doim men tomonda. Agar ular vaziyatni o‘zgartirishni xohlasalar... ko‘p narsalarni, juda ko‘p narsalarni o‘zgartirishi kerak», degan edi Ronaldu.

Shundan so‘ng, «Manchester Yunayted» ushbu intervyuga munosabat bildirib, rasmiy bayonot berdi.

«Klub barcha faktlarga aniqlik kiritgach, javob choralari haqida o‘ylab ko‘radi. Hozir bor e’tiborimiz mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlik ko‘rish, futbolchilar, bosh murabbiy, personal va muxlislar orasidagi yakdillik, ishonch va hozirgi impulsni saqlab qolishga qaratilgan», - deyilgan edi klubning rasmiy xabarida.

Ronaldu o‘tgan oyda, «Tottenhem»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida zaxiradan maydonga tushishni xohlamagan edi. Shundan so‘ng, bosh murabbiy ten Hag uni tarkibdan chetlatdi. Klub esa 2 haftalik maoshi miqdorida, ya’ni 1 million funtga jarimaga tortdi. Endi bu safar ham futbolchini shunday miqdordagi jarima kutmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: