JCh-2022 tanishtiruvi: odatiy favorit, ammo doim nimadir yetishmaydigan Angliya

Sport 09:42 / 13.11.2022 19470

FIFA reytingidagi o‘rni — 5

JCh-2022 sari yo‘l — 8 g‘alaba, 2 durang, 0 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 39:3

Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Harri Keyn (12)

JChdagi eng yaxshi natijasi — chempionlik (1966).

Guruh bosqichidagi o‘yinlari:

21 noyabr, 18:00. Angliya — Eron

25 noyabr, 23:59. Angliya — AQSh

29 noyabr, 23:59. Uels — Angliya

TARKIB

Sautgeyt 26 futbolchini qaydnomaga kiritdi. Himoya chizig‘ida muammolar bor. «Chelsi»ning qanot himoyachilari Ris Jyeyms va Ben Chiluell jarohat sabab turnirni o‘tkazib yuborishadi, Kayl Uoker to‘liq tiklanib ulgurmagan, Harri Maguayr va Trent Aleksander-Arnold yaxshi formada emas, chap qanotda Lyuk Shouga o‘rinbosar yo‘q. Faqat Kiran Tripper va Ben Uayt eng yaxshi holatda yetib kelishmoqda.

Yarimhimoya va hujumga havas qilsa arziydi, Kelvin Filippsdagina o‘yin amaliyoti yetarli emas.

Darvozabonlar: Jordan Pikford («Everton»), Aaron Remsdeyl («Arsenal»), Nik Poup («Nyukasl»);

Himoyachilar: Trent Aleksander-Arnold («Liverpul»), Konor Koudi («Everton»), Erik Dayyer («Tottenhem»), Harri Maguayr, Lyuk Shou (ikkisi ham – «Manchester Yunayted»), Jon Stounz, Kayl Uoker (ikkisi ham – «Manchester Siti»), Kiran Tripper («Nyukasl»), Ben Uayt («Arsenal»);

Yarimhimoyachilar: Jud Bellingem («Borussiya» Dortmund), Konor Gallaher, Meyson Maunt (ikkisi ham – «Chelsi»), Jordan Henderson («Liverpul»), Kelvin Fillips («Manchester Siti»), Deklan Rays («Vest Hem»);

Hujumchilar: Filip Foden, Jyek Grilish (ikkisi ham – «Manchester Siti»), Harri Keyn («Tottenhem»), Jyeyms Meddison («Lester»), Markus Reshford («Manchester Yunayted»), Bukayo Saka («Arsenal»), Rahim Sterling («Chelsi»), Kallum Uilson («Nyukasl»).

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Pikford — Tripper, Uayt, Stounz, Dayyer, Shou — Rays, Bellingem— Saka, Keyn, Sterling.

TARKIBGA E’TIROZLAR

Tarkibga kiritilmaganlar orasida Fikayo Tomori («Milan»), Temmi Abraham («Roma»), Jyeydon Sancho («MYu»), Jyeyms Uord-Prouz («Sauthempton»), Jarrod Bouen («Vest Hem»), Ivan Toni («Brentford»), Harvi Elliot («Liverpul»), Rayan Sessenon («Tottenhem») kabi yulduzlar bor. Angliya matbuotida eng ko‘p so‘ralgan futbolchilar Tomori va Elliott bo‘ldi.

Sautgeyt tanqidlarga uchradi. Ba’zi ommaviy axborot vositalari va muxlislar Erik Dayyer hamda Harri Maguayr ro‘yxatga kiritilgani uchun murabbiyni ayblashdi. «Tottenhem» himoyachisi so‘nggi o‘yinlarda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydi, «Manchester Yunayted» sardori esa APLda atigi 4ta o‘yin o‘tkazdi.

Muxlislardan biri shunday yozdi: «Tomori o‘rniga Erik Dayyer va Harri Maguayrni tanlash jinoyatdir». Yana bir muxlis qo‘shib qo‘ydi: «Tomori o‘rniga Dayyer va Maguayr, Toni o‘rniga Reshfordni chaqirish uyatdan boshqa narsa emas. Mavsumni ajoyib o‘tkazayotgan Elliot tarkibda yo‘qligi ham sharmandalik. Yagona ijobiy jihat — Meddison».

The Independent nashri Temmi Abraham, Ivan Toni, Fikayo Tomori, Jyeyms Uord-Prouz va Jarrod Bouen bo‘yicha e’tirozlar bildirdi. Tomori, Abraham, Toni kabi o‘yinchilarning jalb etilmaganini irqiy tomonlama talqin qilganlar ham bo‘ldi.

Tarkib e’lon qilinganidan so‘ng, bosh murabbiy Garet Sautgeyt jurnalistlar bilan suhbatlashdi va ba’zi qarorlarini tushuntirdi. Mana uning iqtiboslari:

«Meddison — yaxshi futbolchi, biz buni doim aytganmiz. O‘ylaymanki, u bizga boshqa hujumkor o‘yinchilarimizdan farq qiladigan narsa bera oladi. Bizga uning bo‘sh hududlar topishi yoqadi. Ayni kunlarda oldinda o‘ynaydigan futbolchilar yetarli emas. Uning uzoq masofadan zarbalari ham ajoyib.

Nega Tomori o‘rniga Maguayr? Yosh himoyachilar yoshi kattaroq yigitlarni tarkibdan chiqarish uchun yetarli harakat qilishmadi. Ishonchim komilki, Maguayr — bizning eng yaxshi markaziy himoyachilarimizdan biri.

Jamoamizda yirik turnirlarda bo‘lgan, shu darajada o‘ynagan va ulardan nima talab qilinishini biladigan ko‘plab futbolchilar borligini hammamiz bilamiz. Ayni paytda bizda yaxshi va formada bo‘lgan boshqa o‘yinchilar ham bor. Tarkibni tanlaganimizda muvozanat kerak edi.

Fillips? Kelvin 90 daqiqadan 7 ta o‘yin o‘tkaza olmaydi. U bilan tavakkal qildik. Uning jismoniy tayyorgarligini oshirishimiz kerak, chunki yarimhimoyada imkoniyatlarimiz ko‘p emas. Fikrimizcha, bu tavakkal arziydi».

YeTAKChILAP

Harri Keyn — jamoa sardori, asosiy umid.

Aynan Keynni ingliz futbolining so‘nggi yillardagi asosiy shaxsi deb atash mumkin. Harri yomon formada emas, shuning uchun muxlislar sardordan faoliyatidagi eng yaxshi turnirni kutishlari mumkin.

Keyn milliy jamoada 75 o‘yinda 51 to‘p kiritgan. Yana ikkita gol ursa, Runini (53) ortda qoldirib, mutlaq rekordchiga aylanadi.

So‘nggi paytlarda hujumchi ko‘proq pleymeyker rolini ham bajarmoqda.

Rahim Sterling — tezlik. U doimiy yugurishi bilan chap qanot va markaziy hujumda keskinlik hosil qiladi. Tinimsiz harakatlari bilan raqiblarni charchatadi va Keynning ishini osonlashtiradi.

Rahim qoyilmaqom tezlik va ajoyib driblingga ega, bu esa unga raqib himoyasini yorib o‘tish imkonini beradi. Sterling milliy jamoada 79 o‘yin o‘tkazib, 19 gol urgan.

MURABBIY VA UNING USLUBI

2013 yilda Garet Sautgeyt Angliya yoshlar milliy jamoasini boshqargan va Yevro-2015da hatto guruh bosqichidan ham o‘ta olmagan. 2016 yil sentabrda Sem Ellardays iste’foga chiqarilgach, Sautgeyt asosiy jamoada bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi va ko‘p o‘tmay lavozimga to‘liq tasdiqlandi.

Garet boshchiligida inglizlar Rossiyadagi jahon chempionatiga chiqib, so‘nggi 28 yil ichida ilk bor yarimfinalgacha borishdi. 2018 yil dekabr oyida Sautgeyt mamlakat futbol assotsiatsiyasi tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi, ingliz futboliga xizmatlari uchun Britaniya imperiyasining ordeni bilan taqdirlandi.

Sautgeyt Angliya futbolida ham futbolchi, ham murabbiy sifatida 50 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan yagona shaxsdir.  U nafaqat jamoani, balki millatni ham ilhomlantirdi.

Angliya milliy jamoasining o‘yin sxemasi: 3-4-2-1 yoki 4-2-3-1.

Sautgeyt jamoani birinchi raqamda o‘ynashga majburlamaydi. To‘g‘risini aytganda, buning uchun jamoada resurslar ham yetarli emas, shuning uchun ko‘pincha Angliya tashabbusni raqibga beradi.

Aytgancha, yana bir qiziq jihat — hozirgi jamoa havodagi duellarning o‘rtacha 49 foizida g‘alaba qozonadi. Bu avvalgi Angliyaga xos emas.

Millatlar Ligasidagi qoniqarsiz natijalardan so‘ng Garetga shubhalar paydo bo‘lgan. Murabbiyni o‘ta ehtiyotkor o‘yin uslubi uchun tanqid qilishmoqda. Mundialda qoniqarsiz natija qayd etilsa, uning o‘rnini Tomas Tuxel, Eddi Hau, Grem Potter kabi murabbiylardan biri egallashi aytilmoqda.

KUChLI VA KUChSIZ TOMONLARI

Angliyada juda tezkor jamoa bor. Ko‘p jihatdan aynan shu tufayli ular Yevro-2020 finaliga chiqishdi. Inglizlar o‘zlarining tezlik salohiyatidan oqilona foydalanishadi, uni o‘yinning ma’lum segmentlarida faollashtirishadi.

Kamdan kam hollarda Angliyaning yuqori pressingini yoki 90 daqiqa yugurishini ko‘rasiz. Inglizlar dastlabki 10-15 daqiqada kuchli o‘ynashadi, keyin esa vaziyatga qarab harakat qilishadi, kuch zaxirasi bor.

Sautgeyt futbolchilarni cheklamaydi — bu ularni tavakkal qilmaydigan, to‘pni yo‘qotishdan qo‘rqadigan boshqa ko‘plab jamoalardan ajratib turadi. Keyn, Foden, Bellingem... har qanday o‘yinchi yetakchilikni qo‘lga olib, g‘alaba keltirishi mumkin.

Qarshi hujumlar Angliyaning asosiy qurolidir. Ular tezkor qanotlar va mukammal uzatmalar bilan amalga oshiriladi. Inglizlarning qarshi hujumlarining o‘ziga xos xususiyati — bu paslarning minimal soni, odatda gol urish uchun 2-3 ta uzatma yetarli.

Angliya himoyasida hammasi ham hujumdagidek yaxshi emas. Himoyachilarning pozitsion xatolariga qo‘shimcha ravishda tayanch zonasida doimiy kamchiliklar mavjud va futbolchidan qat’i nazar, u xoh Filips bo‘lsin, xoh Xenderson yoki Rays, ehtimol, bu taktika masalasidir. Bu esa Sautgeyt uchun savollar tug‘diradi.

Agar raqib inglizlarning tezligini cheklasa, nima bo‘ladi? Jamoa pozitsion hujumlarda ustunlikka ega bo‘lishi dargumon va zamonaviy futbolda faqat qarshi hujumlarga tayanish noto‘g‘ri yo‘ldir. Faqat sovringa da’vo qilmaydigan jamoalar shunday o‘ynaydi. Ha, inglizlar individual harakatlar orqali o‘tishga tayyor, ammo tushunish kerakki, bu doim ham ishlamaydi va yo‘qotishlar katta muammolarga olib kelishi mumkin. Pozitsion hujumlarda izchillik yo‘qligi Angliyani top-jamoalar orasida g‘alaba uchun eng kam da’vogarga aylantirmoqda.

PROGNOZ

AQSh, Eron va Uels bor guruhda Angliya 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqishi mumkin. Eng qiziqarlisi pley-offdan boshlanadi.

Inglizlar 1/8 finaldan muammolarga duch kelishlari mumkin, bu yerda ularni Senegal, Ekvador yoki mezbon Qatar kutmoqda. Va keyin, katta ehtimol bilan 1/4 finalda Fransiya bilan o‘yin. Bu bahs, ehtimol, «uch sherlar» uchun turnirdagi oxirgisi bo‘ladi. Mabodo fransuzlar to‘sig‘idan o‘tilgan taqdirda, yarimfinalda Sautgeyt jamoasini noqulay raqiblar — Ispaniya, Germaniya, Portugaliya yoki Belgiyadan biri kutib turadi.

Sautgeyt intervyusida «Angliya JChda yarimfinalga, Yevroda finalga chiqdi. Endi yigitlarni bundan past natijalar qoniqtirmaydi», degandi. Ammo Rossiyadagi mundial bilan solishtirganda, bu safar pley-off yo‘li murakkabroq va inglizlar uzog‘i bilan yarimfinalgacha yetib borishlari mumkin.

A’zamjon Izzatillayev

Ko‘proq yangiliklar: