Poytaxt klublarining 21 yillik hukmronligi davom etadimi? Toshkentda derbi, Kapadze – Berdiyev, Qosimov Babayanga qarshi

Sport 13:00 / 12.11.2022 14678

Yil davomida muxlislarga gohida cheksiz quvonch, gohida esa alamli damlarni taqdim etgan Superliga-2022 bahslariga bugun yakun yasaladi. Shanba kuni mamlakatimizdagi 7ta stadionda o‘tadigan so‘nggi tur o‘yinlaridan keyin mamlakat chempioni, sovrindorlari va ligani tark etadigan omadsiz chipta sohiblari rasman ma’lum bo‘ladi. Yil davomidagi intriga bugun avjiga chiqadi – chempionlik taqdiriga nihoyat oydinlik kiritiladi. Bosh sovrin Toshkentda qoladimi, Namangan yoki Qarshiga yo‘l oladimi soat 19:00da bilib olamiz.

Superligada so‘nggi marta qachon hozirgidek chempionlik intrigasi paydo bo‘lganini eng tajribali muxlislar ham eslashi qiyin. Sababi oxirgi 10 yillikni olsak ham O‘zbekiston chempioni nomi odatda kamida uch tur oldin aniqlangan bo‘lardi. Bu mavsum esa «Paxtakor», «Bunyodkor», «Lokomotiv»ning oltin davrlari bilan o‘tgan Toshkent klublarining 21 yillik hukmronligiga nihoyat barham berilishi mumkin. Avvaldan taxmin qilinganidek, bu masala «Bunyodkor», «Olimpik» yoki OKMKga bog‘liq bo‘lishi hech gap emas.

Foto: Tribuna.uz

Chempionlik masalasi «Bunyodkor» va «Paxtakor» o‘rtasidagi uchrashuvda hal bo‘lishi ehtimoli yuqori. Maksim Shatskix shogirdlari «Nasaf»ning o‘tgan turda ochko yo‘qotishidan foydalanib, peshqadamga aylanib olishdi. «Bunyodkor» mag‘lub etilsa, «sherlar» amaldagi chempionlikni o‘zlarida saqlab qolishadi. Chempionlik masalasi «Paxtakor»ning o‘z qo‘lida. Birgina g‘alaba «Paxtakor» libosidagi yulduzchalari sonini 3taga yetkazadi. Shundan ham o‘yinning qadri qanchalik yuqori ekanini anglash mumkin.

«Nasaf» muxlislari uchun esa bugun jamoaning sobiq a’zosi, klub safida OFK kubogi g‘olibiga aylangan Ivan Boshkovich yana qahramonga aylanishi mumkin. Chernogoriyalik mutaxassis «Bunyodkor» bosh murabbiyi sifatida muvaffaqiyatli odimini davom ettirmoqda. U 10 yil avval «Nasaf» bilan erishmagan chempionligini bugun sobiq jamoasiga olib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, Namangandagi o‘yinning natijasi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Foto: Paxtakor

«Nasaf» esa grandlar dodini berayotgan «Olimpik»ga qarshi saf tortadi. Temur Kapadze bu mavsum na Babayan, na Shatskix, na Berdiyevga yutqazdi. «Olimpik» chempionlikka da’vogar uch klubdan ham ochko tortib olishga erishgan yagona jamoa bo‘ldi. Ro‘ziqul Berdiyev «Neftchi»ga qarshi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng nihoyat bu raqibni mag‘lub etishga urinadi. Ammo asosini «Paxtakor» tarbiyalanuvchilari tashkil etadigan «Olimpik» mavsumni «Paxtakor» stadionida boshni egik holda yakunlashni istamasligi aniq.

PFL bugun chempionlik kubogini Toshkentdan tashqari Namanganga ham yuborgani bejizga emas. «Navbahor» poytaxtdagi o‘yinlardan qat’i nazar, OKMKni mag‘lub etish uchun maydonga tushadi. Sababi «lochinlar»da 26 yillik tanaffusdan keyin chempionlikni boshi uzra ko‘tarish imkoniyati bor. Mirjalol Qosimov birinchi davradagi Olmaliqda uchralgan mag‘lubiyat uchun Samvel Babayan jamoasidan revansh olish o‘tida yonayotgani aniq. OChL yo‘llanmasini naqd qilgan bu klublar o‘rtasidagi bahs ham «yonishi» aniq. Namanganda bayram bo‘lishi uchun Toshkentdagi «Jar» o‘yingohida qanday natija qayd etilishi ham kuzatiladi.

Chempionlikdan tashqari, ligada qolish intrigasi ham so‘nggi turgacha davom etdi. Bugun Superligani tark etadigan ikkinchi jamoa «Lokomotiv» bo‘ladimi yoki «Qo‘qon-1912» buni liga bilan xayrlashishga ulgurgan «Dinamo» hal qilib beradi. O‘tgan turda «Surxon»ni yirik hisobda mag‘lub etgan samarqandliklar bugun Qo‘qon klubini mag‘lub etsa, «Lokomotiv» esa «Metallurg»dan ustun kelsa, «Dinamo» o‘zi bilan birga «Qo‘qon-1912» jamoasini ham Pro ligaga tortadi. «Lokomotiv» esa 12-o‘rin sohibi sifatida Pro liganing 3-jamoasiga qarshi o‘tish o‘yinida ishtirok etishi mumkin. Davron Fayziyev jamoasi kerakli natijaga erishgan taqdirda qo‘qonliklar ligada qolish uchun qo‘shnilari «Turon»ga qarshi saf tortadi. Tasavvur qiling, qo‘qonliklar sobiq ustozi Baxtiyor Ashurmatov – Davron Fayziyevga qarshi. Ikki jamoa uchun ham uy arenasi hisoblanadigan Yaypanda. Dahshat-a?!

Foto: QO‘QON-1912

Superliga. 26-tur.

12 noyabr, shanba

DINAMO — QO‘QON-1912

Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Anvar Marajabov, Ziyodullo Abdurahmonov, Doston Rahmonov

Nazoratchi: Arslan Xotamov

Komissar: Vladimir Nazarov

BUNYoDKOR — PAXTAKOR

Hakamlar: Ahrol Risqullayev, Husniddin Shodmonov, Shavkat Rahmatov, Sultonmurod Abdurahmonov

VAR hakami: Rahimbek Karimov

AVAR hakami: Andrey Sapenko

Nazoratchi: Marat Ismoilov

Komissar: Bekzod Aripov

NeFTChI — SURXON

Hakamlar: Ibrohim Ismoilov, Rishat Nugmanov, Daler Iskanderov, Akmal Rahimov

Nazoratchi: Ramil Shayaxmitov

Komissar: Ongar Jalimov

LOKOMOTIV — MeTALLURG

Hakamlar: Rustam Nutfullin, Shohnur Yo‘ldoshev, Shohrux A’zamov, Jaloliddin Husniddinov

Nazoratchi: Zokir Qodirov

Komissar: Oybek Yunusov

OLIMPIK — NASAF

Hakamlar: Akobir Shukurullayev, Obid Jumayev, Jasur Rustamov, To‘rabek Suyunov

Nazoratchi: Ma’mur Saidqosimov

Komissar: Shohrux Said

NAVBAHOR — OKMK

Hakamlar: Vadim Agishev, Ruslan Serazitdinov, Baxtiyorxo‘ja Shavkatov, Xushnud Suyunboyev

VAR hakami: Aziz Asimov

VAR hakami: Temur Gaynullin

Nazoratchi: Rashid Aytekov

Komissar: Qudrat Madraimov

QIZILQUM — SO‘G‘DIYoNA

Hakamlar: Husan Muzaffarov, Bektursin Kannazarov, Jalgasbay Sarsenov, Jahongir Noraliyev

Nazoratchi: Temur Abdullayev

Komissar: Jamshid Imomov.

Superliga so‘nggi 26-tur anonsi va turnir jadvalidagi vaziyat:

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: