Quruvchiga qarshi chiqqan profilaktika katta inspektori taqdirlandi

Jamiyat 10:47 / 11.11.2022 25073

Kuni kecha Chilonzor tumani Ko‘tarma mahallasida ko‘p qavatli turar joy qurilishi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Bu bo‘yicha Kun.uz ham vaziyatni o‘rganib, material e’lon qilgandi. O‘shanda tadbirkor mazkur hududni o‘rab olayotgan vaqtida mahallada ishlovchi Chilonzor tumani IIO FMB 1-son bo‘limi profilaktika katta inspektori kapitan Azimjon Qudabayev ham bo‘lib, 1-, 3-, 9- va 39- uylar oralig‘idagi yashillikni o‘rab olish jarayonini to‘xtatib qolgandi.

Chilonzor tumani hokimiyati matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, mahalla noziri vaziyatga to‘g‘ri baho bergan va o‘z vaqtida jarayonni to‘xtatib qolgan. Shu sababli 9 noyabrda Azimjon Qudabayev tuman hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev va sektor rahbarlari tomonidan taqdirlandi.

“9 noyabr Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev va sektor rahbarlari tomonidan ushbu xodimning o‘z kasbiga sadoqatli mehnati uchun minnatdorchilik bildirildi va munosib taqdirlandi.

Shu o‘rinda, tumanimizda jamoat xavfsizligi, aholi osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga munosib hissasini qo‘shayotgan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi ibratli faoliyati, sharafli burchini bajarishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatayotgan barcha xodimlarga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz”,– deyiladi Chilonzor tumani hokimiyati matbuot xizmatining xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 15 sotixli bu yer Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori bilan ajratilgan edi. Ko‘pchilikning noroziligidan so‘ng, «dom»lar orasida o‘rab olingan hudud bo‘yicha yakuniy qarorga kelinib, qurilish to‘xtatiladigan bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: