JCh-2022 tanishtiruvi: Markazdagi muammolar va xudbin Mbappe bilan Qatarga borayotgan chempionlar

Sport 14:22 / 11.11.2022 22315

FIFA reytingidagi o‘rni — 4

JCh-2022 sari yo‘l — 5 g‘alaba, 3 durang, 0 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 18:3.

Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Antuan Grizmann (6)

JChdagi eng yaxshi natijasi — chempionlik (1998, 2018)

TARKIB

Tarkib muvozanatli emas. Hujum super, himoya ham yaxshi, ammo yarimhimoya pand berishi mumkin. Markazda o‘tgan jahon chempionatida katta hajmdagi ishni bajargan, ammo jarohat sabab Qatardagi mundialni o‘tkazib yuboradigan Pol Pogba va Ngolo Kantening o‘rni bilinadi.

Darvozabonlar: Alfons Areolya («Vest Hem»), Ugo Loris («Tottenhem»), Stiv Mandanda («Renn»);

Himoyachilar: Lyuka Ernandes («Bavariya»), Teo Ernandes («Milan»), Presnel Kimpembe («PSJ»), Ibraima Konate («Liverpul»), Jyul Kunde («Barselona»), Benjamen Pavar («Bavariya»), Vilyam Saliba («Arsenal»), Dayo Upamekano («Bavariya»), Rafael Varan («Manchester Yunayted»);

Yarimhimoyachilar: Eduardo Kamavinga («Real»), Yusuf Fofana («Monako»), Matteo Genduzi («Marsel»), Adriyen Rabo («Yuventus»), Orelen Tchuameni («Real»), Jordan Veretu («Marsel»), Kingsli Koman («Bavariya»), Usmon Dembele («Barselona»);

Hujumchilar: Karim Benzema («Real»), Olive Jiru («Milan»), Antuan Grizmann («Atletiko»), Kilian Mbappe («PSJ»), Kristofer Nkunku («Leypsig»).

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Loris — Pavar, Kunde, Varan, Saliba, T.Ernandes — Tchuameni, Genduzi, Grizmann — Mbappe, Benzema.

Ferlan Mendi («Real»), Antoni Marsiyal («MYu»), Lyuka Din («Aston Villa»), Vissam Ben-Yyedder («Monako»), Toma Lemar («Atletiko»), Kurt Zuma («Vest Hem») kabi futbolchilarga yakuniy ro‘yxatdan joy topilmadi, «Milan» posboni Mayk Menyan esa jarohat sabab musobaqaga bora olmaydi.

YuLDUZLAR

Mbappe — narxi 150 mln yevrodan oshgan futbol yulduzi, mundial finalida gol urgan jahon chempioni.

Kilian bu mavsumda ko‘pchilik tomonidan tanqidga uchradi. Uning o‘yinida haqiqatan ham xudbinlik ko‘payib ketdi, ammo bu jamoaga qanday ta’sir qilishi hozircha noma’lum.

Mbappening arsenalida barcha asosiy ustunliklar hali ham bor: tezlik, texnika, zarba.

Hujumchi endigina 23 yoshda, lekin u haqida har bir futbol ishqibozi allaqachon biladi. Bu sifat kafolatimi?

Foto: PFC

Benzema — faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazgan «Oltin to‘p»ning amaldagi sohibi.

Karimga bu jamoa har qachongidan ham kerak. U yetakchi rolini o‘z zimmasiga oladi va bu vazifani uddasidan chiqishiga shubha yo‘q.

«Real» hujumchisi birga o‘ynashda foydali va taktik jihatdan juda yaxshi. Uning Mbappe bilan bog‘lami butun turnirning asosiy hujum kuchiga aylanishi mumkin. Qolaversa, Karimning o‘zi ham gol urishni yaxshi ko‘radi va buni yaxshi uddalaydi.

Qatardagi jahon chempionati — Benzema uchun milliy jamoa bilan kubok yutish uchun asosiy imkoniyat, shuning uchun o‘zgacha harakatlar kutish mumkin.

Foto: Getty Images

Nkunku. Fransiyada pleymeyker pozitsiyasida muammolar bor va uni aynan Kristofer hal qila oladi.

24 yoshli futbolchi yarimhimoya va hujum o‘rtasida bog‘lovchi sifatida yaxshi o‘ynaydi. Kerak bo‘lsa, markaziy forvard sifatida ham o‘ynay oladi.

Pogbaning jarohati fransuzlarni kreativlik nuqtayi nazaridan nogiron holatiga solib qo‘ydi, shuning uchun Nkunku sahnaga chiqishi kerak.

Kristofer bir necha yildan beri Bundesligada ajoyib o‘yin ko‘rsatib kelmoqda, biroq u hali milliy jamoada munosib e’tirofga sazovor bo‘lgani yo‘q.

Nkunku — tezkor, egiluvchan, uzoq masofadan yaxshi zarba bera oladi va maydonni a’lo darajada ko‘radi. Unda milliy jamoada o‘zini ko‘rsatish uchun kam imkoniyat bor va bundan foydalanish kerak.

KUChLI TOMONLARI

Desham himoya va hujumda juda omadli, chunki u hammadan keng tanlovga ega. Yana bir muhim jihati shundaki, barcha o‘yinchilar ma’lum bir tizim doirasida emas, balki individual tarzda juda kuchli. Darhaqiqat, 2018 yilda fransuzlarning g‘alaba qozonishida ham bu asosiy omil bo‘lgan.

Tarkibda Mbappe va Benzema borligi — katta ustunlik. Va bu ikki yigitdan tashqari, «Milan»dagi yoshlar bilan yosharib borayotgan Olive Jiru hamda istiqbolli Kristofer Nkunku bor.

Foto: Getty Images

Shuningdek, Antuan Grizmann milliy jamoada klubdagidan ko‘ra yaxshiroq o‘ynayotganini ham ta’kidlash kerak. U jamoaning saralashdagi eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

Qanot himoyachilari — Benjamen Pavar va Teo Ernandes ayni damda yuqori sport formasida. 3-4-1-2 sxemasida laterallar ko‘p yugurishi inobatga olinsa, bu — ijobiy holat.

MUAMMOLAR

O‘yin nuqtayi nazaridan Fransiyaning afzalliklari kam. Desham jamoani 2018 yil chempion qildi, lekin endi u bu futbolchilarga boshqa hech qanday yangilik bera olmaydi. Dunyodagi eng kuchli hujum salohiyatiga ega bo‘lgan jamoaning himoyaviy o‘ynashining o‘zi yoqimli tomoshaning yo‘qolishidir.

Pogba va Kante turnirni o‘tkazib yuborishi — Fransiya milliy jamoasi uchun jiddiy yo‘qotish. Bu duet Rossiyadagi Jahon chempionatida ham, Yevro-2020da ham asosiy kuch bo‘lgan, shuning uchun Qatarda Desham yangi narsalarni o‘ylab topishga majbur bo‘ladi.

Variantlar bor, lekin kam. Iyun oyida Desham «Marsel» yarim himoyachisi Bubakar Kamarani tayanch zonasida o‘ynata boshladi. Ammo futbolchi sentabrda «Aston Villa»ga o‘tgandan so‘ng tizzasidan jarohat oldi va yilning asosiy turnirini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Daniya bilan Millatlar Ligasining so‘nggi o‘yinida (0:2) «Real» a’zolari — Eduardo Kamavinga Orelen Tchuameni o‘ynashdi va mundialda ham ular asosiy tarkib futbolchilari bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga Desham bu juftlikka to‘liq ishonib bo‘lmasligini ham tushunadi.

Avvalgi mundial oldidan Desham yarimhimoyachilarni tanlashda muammolarga duch kelmagan, hozir esa o‘rta chiziqni tanib bo‘lmaydi. Kante, Pogba, Tolisso, Nzonzi, Matyuidi — Rossiyada g‘olib bo‘lgan markaziy yarimhimoyachilarning hech biri turli sabablarga ko‘ra Qatarga bormaydi. Hatto bu chiziq Yevro-2020dagi tarkibga ham o‘xshamaydi: Kante, Pogba va Tolissodan tashqari Sissoko hamda Lemar ham yo‘q. Faqat Rabo qolgan, lekin «Yuventus» yarimhimoyachisining murabbiy bilan munosabatlari yaxshi emas.

Yevropa chempionatidan so‘ng o‘tgan 16 oy ichida Fransiya murabbiylar shtabi 15 o‘yinda 10 nafar turli yarimhimoyachilardan foydalangan. Pogba va Kante birgalikda milliy jamoada 144 ta o‘yin o‘tkazgan. Raboda esa o‘yinlar soni — 29, Tchuamenida 14 ta. Qolgan nomzodlardan hech biri ko‘p o‘ynamagan. Ularda jamoaviy ishlash va tajriba yetishmaydi — bu ikki jihat tayanch yarimhimoyachilari uchun nihoyatda muhim.

Ammo tayanch yarimhimoyasi fransuzlarning jahon chempionati arafasidagi yagona muammosi emas. Mbappe... Bu yerda Krishtianu Ronaldu bilan o‘xshashlik bor. Albatta Kilian o‘ynaydi, lekin fransuzlarga shunday Mbappe kerakmi? U allaqachon o‘zi uchun o‘ynashni xohlaydigan futbolchiga aylangan. Darvozaga tepadigan, sheriklariga pas bermaydigan futbolchi. Qolaversa, Qatarda u Parijdagidek ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘lmaydi va har bir daqiqa muhim bo‘ladi. Yevroda Shveytsariya (3:3, penaltilar seriyasi — 2:3) bilan bo‘lgan o‘yinni eslang, u deyarli ko‘rinmagandi. Desham vaziyatning garoviga aylangandek tuyuladi — u Kilianni o‘yinga qo‘ymasdan iloji yo‘q.

Foto: Getty Images

Milliy jamoaning asosiy yulduzi bilan hammasi joyida emas. Mbappening futboldan tashqari ko‘plab «tashvish»lari bor. Misol uchun, bahordan beri u Fransiya futbol federatsiyasi bilan o‘z imij huquqlari borasida bahslashmoqda. «PSJ» hujumchisiga uning ismi va suratidan Kilian bilan shartnoma tuzmagan brendlarni reklama qilishda foydalanilgani yoqmadi. Bundan tashqari, hujumchi homiylar orasida bukmekerlar borligidan juda norozi. Sentyabr oyida hujumchi xuddi shu sabablarga milliy jamoa fotosessiyasida qatnashishdan ham bosh tortgandi.

Ochig‘i, amaldagi jahon chempionlari barcha jabhalarda katta qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. «Uchranglilar»ning natijalari ham ko‘ngilni quvontirmaydi: so‘nggi 6 o‘yinda faqat bir marta g‘alaba qozonishdi va Millatlar Ligasida guruhda oxirgi o‘rinni egallashdi. Fransiya so‘nggi 6 oyda ikki marta jahon chempionati guruhidagi raqibi Daniyaga mag‘lub bo‘ldi.

MURABBIY VA O‘YIN USLUBI

Desham murabbiylik faoliyatini 2001 yilda «Monako»da boshlagan. Jamoa bilan 2003 yilda mamlakat Liga Kubogini qo‘lga kiritgan va 2004 yilda Chempionlar Ligasi finaliga chiqqan. Keyinchalik u rahbariyat bilan kelishmay, klubni tark etdi.

Foto: Getty Images

2006 yil yozida qiyin ahvolda qolgan «Yuventus»dan taklif tushganida, Desham ikkilanib o‘tirmadi va V Seriyaga tushirib yuborilgan «keksa sinora» mavsumni sobiq futbolchisi boshqaruvida o‘tkazdi. Birinchi mavsumdayoq Desham jamoani  A Seriyaga olib chiqdi, ammo Dide rahbariyat bilan kelajak borasida kelishmovchiliklar tufayli klubni tark etdi.

2009 yil mayida Desham «Marsel» bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Murabbiy ular bilan birga Fransiya chempionati, Liga Kubogi va mamlakat Superkubogida g‘olib chiqdi. 2012 yil iyulida klub bilan shartnoma bekor qilindi. Fransuz matbuoti yozishicha, uning ketishiga klub sport direktori Xose Anigo bilan nizo sabab bo‘lgan.

2012 yilning 8 iyulida Loran Blan iste’foga chiqarilganidan keyin Dide Desham Fransiya bosh murabbiyiga aylandi. Uning qo‘l ostida jamoa Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida chorakfinalchaga yetib bordi va unda bo‘lajak chempion Germaniyaga minimal hisobda mag‘lub bo‘ldi. Keyin jamoa Yevro-2016da finalga chiqdi va portugaliyaliklarga yutqazdi. Mag‘lubiyatga qaramay, Desham milliy jamoa bilan ishlashda davom etdi.

JCh-2018da Desham boshchiligidagi Fransiya finalga chiqdi va Xorvatiyani (4:2) mag‘lub etib, tarixda ikkinchi marta jahon chempioniga aylandi. Shu tariqa, Desham Mario Zagallo va Frans Bekkenbauerdan keyin ham o‘yinchi, ham bosh murabbiy sifatida jahon chempionatida g‘olib chiqqan uchinchi murabbiyga aylandi.

Fransiya milliy jamoasining sxemasi: 3-4-1-2, ba’zan 4-2-3-1.

10 yildan buyon Fransiya qanday uslubda o‘ynayotganini tushunish qiyin, ammo natijalar bor. Deshamda pozitsion hujumlar vaqtida rejasi yo‘qdek taassurot paydo bo‘ladi. Faqat kichik kombinatsiyalarni ko‘rish mumkin.

Foto: Getty Images

Desham Fransiyaga jahon chempionligi va Millatlar Ligasi g‘olibligini keltirgan bo‘lsa ham, himoyaviy o‘yin uchun ko‘p tanqid qilinadi. Muxlislar tarkibdan kelib chiqib, hujumkor futbolni xohlashadi. Murabbiy katta ehtimol bilan mundialdan so‘ng o‘z o‘rnini Zinedin Zidanga bo‘shatib beradi.

PROGNOZ

Fransuzlar guruhdan chiqishiga shubha yo‘q, ammo ularning keyingi taqdiri so‘roq ostida. Ko‘p narsa Daniyaga qarshi guruh bosqichidagi o‘yin qanday yakunlanishiga bog‘liq bo‘lib, unda «uchranglilar» jiddiy muammoga duch kelishi mumkin.

Agar Fransiya guruhda g‘olib bo‘lsa, 1/8 finalda Meksika yoki Polsha bilan o‘ynaydi. Meksikaliklar bilan muammolar bo‘lishi mumkin, lekin katta ehtimol bilan fransuzlar ulardan o‘tishadi. 1/4 finalda jamoa katta ehtimol bilan Angliyaga to‘qnash keladi, Senegal, Ekvador yoki Niderlandiya ham bo‘lishi mumkin. Niderlandiyadan tashqari Fransiya ushbu jamoalarning istalganidan o‘tishi kerak. Belgiya, Xorvatiya, Urugvay, Germaniya, Ispaniya, Portugaliya — 1/2 final uchun ehtimoliy variantlar. Bu jamoalarning istalgani yarimhimoyadagi ustunligi evaziga amaldagi jahon chempionini mag‘lub etishi mumkin. Bu mundialda yarimfinalgacha borish ham Fransiya uchun yomon natija sanalmasa kerak.

Oxirgi uchta mundialda amaldagi chempionlar guruhdan chiqa olmagan – Italiya, Ispaniya va Germaniya kutilmaganda musobaqani erta tark etishgandi. Fransuzlar kamida pley-offga chiqib, noxush seriyaga chek qo‘yishga urinishadi.

A’zamjon Izzatillayev

Ko‘proq yangiliklar: