Buxorolik 22 yoshli yigit xotini va 5 yoshli o‘g‘lini o‘ldirib, yoqib yubordi

Jamiyat 21:07 / 11.11.2022 48035

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, fuqarolardan biri 102 raqami orqali M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida, yo‘l yoqasidagi qirlikda yosh ayol va voyaga yetmagan bolaning kuygan jasadlarini ko‘rgani haqida xabar bergan.

Hodisa joyiga zudlik bilan G‘allaorol tumani IIB tergov-tezkor guruhi xodimlari yetib borishgan va holat yuzasidan tezkor surishtiruv ishlarini boshlab yuborishgan.

Dastlabki surishtiruv davomida jasad Buxoro viloyati Shofirkon tumanida «Iskagore» QFYda yashovchi, 1993 tug‘ilgan ayolga tegishli ekani aniqlangan.

Sud-tibbiy ekspertizada ayol va bola yuqori nafas yo‘llarining berkilib qolishidan vafot etgani, qotil ularni bo‘g‘ib o‘ldirgani aniqlagan.

Surishtiruv davomida ayol bilan birga yashab kelgan, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani «Sarmijol» QFYda yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan yigit gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinadi. Dastlabki tergov davomida yigit o‘z jinoyatini tan oladi.

Ma’lum bo‘lishicha, yigit ayol bilan bundan 5 yil avval tanishgan va oila qurgan. 2017 yilda farzandli bo‘lishgan. Yigitning zimmasiga oila boqish cheki tushgach er-xotin o‘rtasida tez-tez janjal sodir bo‘lgan.

Joriy yil kuzda yigit xotinining homilador bo‘lganidan xabar topib, uni va o‘g‘lini Toshkentga chaqirib olib, Zangiota tumani Olimpolvon mahallasidagi ijara uyga joylashtirgan. Bir necha kun o‘tib ular Buxoroga qaytishga qaror qilishgan va yo‘lda G‘allaorol tumaniga tushib qolishgan.

Shu yerda er-xotin o‘rtasida yana janjal yuzaga kelgan. Yigit xotiniga bir nechta shapaloq tushirgan, ayol uni tosh bilan urgan. Shundan so‘ng yigit xotinini panaga olib o‘tgan va uni bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Bu orada uxlab yotgan bola uyg‘onib ketgan va jinoyatga guvoh bo‘lgan. Yigit uni olib ketmoqchi bo‘lganida bola onasi bilan qolishini aytgan. Yigit jinoyatiga guvoh qolishini istamay, o‘g‘lini ham bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Qotil izni yo‘qotish uchun marhumlarning kiyimlarini ularning ustiga tashlab yoqib yuborgan. Biroz o‘tib kimgadir duch kelib qolmaslik uchun voqea joyidan Buxoro tomonga ketib qolgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: